Salqin havo, shaldiroq soy, ajoyib tog‘lar - issiqda borishga arziydigan G‘ova

Jamiyat 19:00 / 27.06.2022 26311

Bu yerda aholi asosan dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va asalarichilik bilan shug‘ullanadi.

Qishloq hududi katta qismi tog‘ bilan tutashib ketgani, qishloq o‘rtasidan soy oqib o‘tgani va aholi tomonidan ko‘plab daraxtlar ekilgani hududning salqin havosini ta’minlaydi.

Shu boisdan ham yozning issiq kunlarida Andijon, Farg‘ona hamda Namanganning boshqa tumanlaridan va Chust tumanining boshqa qishloqlaridan ham G‘ovada dam olish uchun kelishadi.

Qishloq kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, G‘ovada kartoshka ekmaydigan xonadonni topish amrimahol. Dehqonchilikning qiziq tomoni shundaki, ekinni yerga qadash, unga ishlov berish va hosilni yig‘ish ishlari ot va eshaklar yordamida amalga oshiriladi.

Qishloqda kartoshka shunchalik ko‘p ekiladiki, mavsumda qishloq hududida kartoshkani ulgurji sotuvchi alohida bozor tashkil qilinadi. Dehqonlarning aytishicha, ba’zida bu bozordan kuniga 500 tonnagacha kartoshka boshqa hududlarga sotilar ekan.

Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal deyishganidek, G‘ova qishlog‘ini ham o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni tavsiya etamiz.

Suratlar muallifi – Boymirza Xalilov

Ko‘proq yangiliklar: