OAV uchun foyda solig‘i miqdori 50 foiz kamaytirildi

O‘zbekiston 16:54 / 27.06.2022 9292

Prezident “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2022 yil 1 iyuldan boshlab 2025 yil 1 iyulga qadar:

  • ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi, reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog‘oz bojxona bojidan ozod etiladi.

2023 yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlari majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi.

Budjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ular elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.

1 oktyabrdan boshlab bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdori 300 baravarigacha miqdorda bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qo‘shimcha ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:

  • ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdori 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
  • amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushiradi.

Ko‘proq yangiliklar: