NATO sammiti sovuq urush davridan keyingi eng katta harbiy joylashtirish haqida qaror qabul qiladi - OAV

Jahon 11:11 / 27.06.2022 19292

28-30 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti chog‘ida sovuq urush davridan keyingi kuchlarni eng yirik harbiy joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin, deb yozadi Ispaniyaning El País gazetasi 26 iyun, yakshanba kuni. 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo 30 davlat Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida maksimal darajada harbiy shay holatda yig‘iladi va mojaro kuchayishi mumkin bo‘lgan taqdirda sammitdan kuchlarni qayta tashkil etish uchun foydalanadi. Bunda, kelajak strategiyasini ko‘rib chiqish va mudofaaga milliy investitsiyalar va alyansni birgalikda moliyalashtirishni kuchaytirish ham nazarda tutiladi. 

Bryusseldagi shtab-kvartirada ta’kidlanishicha, 25 iyun kuni harbiy tuzilmani qayta qurish ko‘lami bo‘yicha dastlabki muzokaralar davom etdi, sharqiy qanotdagi NATO ittifoqchilari o‘z hududlarida harbiy mavjudlikni keskin oshirishni talab qilgan.

El País manbalarining ta’kidlashicha, «mudofaa va tiyib turish» («Defense and deterrence posture») doktrinasiga yevroatlantika hududida mumkin bo‘lgan xavfsizlik tahdidlariga javob berish uchun qurol va qo‘shinlarni jalb qilish bo‘yicha tuzatishlar kiritilishi kutilmoqda. 

Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, «ayrim davlatlar alyans sharqidagi hozirgi mavjudlikdan jangovar guruhlar formatida brigadalar tuzishga o‘tmoqchi». 

Agar hozirgi modelga ko‘ra, har bir guruhda taxminan 1000 - 1600 askar haqida gap ketayotgan bo‘lsa, kelajakda bu ko‘rsatkich ikki baravar oshishi mumkin. Yangi bo‘linmalar, shuningdek, harakatlarning ko‘proq tezkorligi va ilg‘or qurollarni yetkazib berishni anglatadi. 

Shu bilan birga, alyansdagi geografik jihatdan Rossiyaga eng yaqin bo‘lgan bir qator ittifoqchilar o‘zlarining ishtirokini 15 ming askargacha bo‘lgan bo‘linmalar darajasiga oshirishni xohlayapti. 

Bryusseldagi Friends of Europe markazi tahlilchisi va NATO bosh kotibi yordamchisining sobiq o‘rinbosari Jyeymi Shining so‘zlariga ko‘ra, sammitdagi asosiy munozaralar harbiy brigadalar o‘z hududlarida doimiy ravishda joylashtirilishini istaydigan Sharqiy Yevropa ittifoqchilari va inqiroz yoki mojaro yuzaga kelgan taqdirda kuchlar almashinuvi hamda ularni kuchaytirish bo‘yicha joriy strategiyani afzal ko‘rgan AQSh yoki Germaniya kabi boshqa davlatlar o‘rtasida bo‘ladi. 

Shu bilan birga, sammitda NATOning Strategik konsepsiyasi yangilanishi kutilmoqda. Yangi hujjat norasmiy nom olib bo‘ldi - «Madrid konsepsiyasi». 

Amaldagi strategiyada «Rossiya xavf tug‘dirmaydi», NATOning Moskva bilan hamkorligi esa «strategik ahamiyatga ega» deb hisoblanishi ko‘rsatilgan. Yangilangan versiyada esa Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri va bevosita tahdid sifatida tasniflanadi, deydi gazeta manbalari. 

O‘zgarishlar ittifoqchilarning Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya ularga hujum qilishi mumkinligi bo‘yicha tashvishi bilan bog‘liq. Bunday zarba, Bryusselda ta’kidlanganidek, yadroviy kuchlar o‘rtasida global qurolli eskalatsiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Avvalroq, 18 iyun kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Bild am Sonntag nashriga bergan intervyusida Rossiyaning Ukraina bilan urushi «yillarga cho‘zilishi mumkinligi» haqida ogohlantirgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar ilgari alyansda Rossiya «sherik» sifatida qabul qilingan bo‘lsa, endi u «xavfsizligimiz, tinchligimiz va barqarorligimizga tahdid»ga aylangan va bu Strategik konsepsiyada ham o‘z aksini topadi. 

NATOning Strategik konsepsiyasi alyans oldida turgan yangi xavfsizlik muammolarini jamoaviy baholash va NATO ushbu tahdidlarga qarshi turish bo‘yicha o‘z zimmasiga oladigan siyosiy va harbiy maqsadlarni ifodalaydi. Konsepsiya ittifoqchilar o‘rtasidagi ichki maslahatlashuvlar, hamkorlar, boshqa xalqaro tashkilotlar, ekspert hamjamiyatlari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor bilan o‘zaro hamkorlik natijasidir. 

Ko‘proq yangiliklar: