Sergeli tumani Habibiy mahallasi 103-uy fuqarolari 4 yildan beri mana shu muammodan aziyat chekishadi. Hayotini xavfga solishni istamaganlar liftdan deyarli foydalanmaydi. Kun.uz muxbiri lift bilan bog‘liq holatni joyiga borib o‘rgandi.
Mazkur yangi turar joy majmuasi 2019 yilda qurib bitkazilgan. Ammo u vaqtda lift hali o‘rnatilmagan, uning o‘rni karton qog‘oz bilan yopib qo‘yilgandi.
«Oramizda yosh bolasi bilan ko‘chib kelganlar ham bor edi. Shunaqa ahvolda 8 oycha yashadik. 8 oy deganda boshqa yerdan yechib olingan liftni olib kelib, o‘rnatishdi. Shu lift ham 4 oy davomida bir ishlab, bir ishlamadi. Bir kun ishlasa, 4 kun yana buzuq turardi.
Uni o‘rnatgan tadbirkorning maxsus sertifikati bo‘lmagan. Shuning uchun shirkat (XUJMSh) ham uni qabul qilib olmagan. Tayinli foydalanilmadi, uzoq vaqt lifsiz yashadik.
Keyin uni yechib olib, biroz kichraytirib qayta o‘rnatishdi. Hozir eshigining sensori umuman ishlamaydi, necha marta odamlar ichida qamalib qoldi. Sakkizinchi qavatga chaqirib, tushsangiz, gurs etib tushib ketadi. Xalq qiynalib ketdi», deydi yashovchilardan biri Shoira Ibragimova.
«O‘g‘lim bir marta tushib ketib, uyga qaltirab chiqdi. Bilsam, lift tashlab yuboribdi. Hozir yettinchi qavatda yashaymiz, bolalarim zinadan terlab-pishib tushib chiqadi.
Faqat sabr qilishimizni, liftga sertifikat olib, keyin hamma narsani to‘g‘rilab berishlarini aytishadi. Biz qachongacha sabr qilishimiz mumkin? 4 yil kutdik, buning ham chegarasi bor. Bir aybdorni deb xalq qiynalishi kerak emas-ku.
Bu liftni tag-tugi bilan olib, bizga yangisini qo‘yib bersin!», deydi Dilnoza Hamroyeva.
Kun.uz lift o‘rnatgan tadbirkor Alimardon Rahimov bilan ham bog‘landi.
«Boshida qurilish materiallari bilan liftning abgori chiqarilmasligi uchun uskunani ishlatmay turishga kelishib oldik.
Lift eski emas, uni Samarqanddagi korxonadan sotib olganmiz. Oxirida tushundikki, bizni aldashibdi. Shundan keyin, biz prokuraturaga murojaat qildik. Samarqand viloyati Narpay tumanida sud bo‘ldi, unda yutib chiqdik. Sud yakuniga ko‘ra, korxona bilan tuzgan shartnoma bekor qilinishi, ular liftni olib, pulimizni qaytarishlari kerak edi. Lekin pulni qaytarishmadi.
Men Toshkent shahridagi sertifikatlashtirish bo‘limida ro‘yxatga o‘tganman, kerakli summani to‘ladim. Hozir liftning sertifikatini olish jarayonidaman»,– deydi u.
Muammo hal qilinishiga va’da berilmoqda, ammo aynan qachonligi ma’lum emas. Kun.uz vaziyatni kuzatib boradi.
Dilshoda Shomirzayeva
Kun.uz muxbiri