28 yilga cho‘zilgan jarayon. Nega O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi cho‘zilib ketdi?

Iqtisodiyot 12:41 / 26.06.2022 64797

21 iyun kuni Shveytsariyaning Jyeneva shahrida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, JST qanday tashkilot va unga qo‘shilish O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

JST haqida

Jahon savdo tashkiloti (JST) – xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo va siyosiy munosabatlarni tartibga solish bilan shug‘ullanadigan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 1995 yil 1 yanvarda imzolangan kelishuv asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bugungi kunda dunyodagi eng yirik xalqaro iqtisodiy tashkilotga 164 davlat a’zo va ushbu mamlakatlar hissasiga global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining 98 foizi to‘g‘ri keladi.

JST 1947 yilda tuzilgan xalqaro bitim – GATTʼning davomchisi hisoblanadi. Tashkilotga a’zo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy bo‘lgan tamoyillar va qoidalar belgilangan.

JSTning asosiy vazifasi global iqtisodiyotni kuzatish orqali xalqaro savdo izchilligi va shaffofligini ta’minlashdir. Shuningdek, tashkilotning yana bir ustuvor yo‘nalishi rivojlanayotgan, kam rivojlangan va kam daromadli mamlakatlar bilan hamkorlik qilish orqali JSTning qoida va intizomlariga moslashishga yordam berish hisoblanadi.

Bugungi kunda JSTning asosiy 5 tamoyili mavjud.

1. Kamsitmaslik. Bu tamoyil eng maqbul millat tushunchasiga qarama-qarshi qo‘yiladi, ya’ni tashkilot a’zosi qolgan barcha a’zo davlatlarga savdo-sotiqda bir xil shart-sharoit yaratishi kerak. Shuningdek, import qilinadigan tovarlarga mahalliy ishlab chiqariladigan mahsulotlar bilan bir xil munosabatda bo‘lish talab etiladi.

2. O‘zaro do‘stlik. Bunda asosan davlatlar uchun tashqi bozorlarga kirish uchun imkoniyatlarni oshirish va o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga e’tibor qaratilishi belgilangan.

3. Yuklangan va amalga oshirsa bo‘ladigan majburiyatlar. Ko‘p tomonlama savdo muzokaralarida va tashkilotga qo‘shilishda qabul qilingan tarif majburiyatlariga davlatlarning rioya qilishi lozimligi. Bunda a’zo davlat o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni savdo sheriklari bilan muzokaralar olib borilgandan keyingina o‘zgartirishi mumkin.

4. Shaffoflik. Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘z savdo qoidalari haqida doimiy ma’lumotlar berishi, savdoga ta’sir o‘tkazadigan ma’muriy qarorlarni ko‘rib chiqishga imkon beradigan muassasalarni saqlab turishlari, ma’lumot olish maqsadida boshqa a’zo davlatlar tomonidan yuborilgan so‘rovlarga javob berishlari belgilangan.

5. Xavfsizlik. Muayyan sharoitlarda davlatlar savdoni cheklash imkoniyatiga ega. JST shartnomasi a’zolariga nafaqat atrof-muhitni, balki aholi salomatligi, hayvonlar va o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlar yuklaydi.

Nega O‘zbekiston tashkilotga shu paytga qadar qabul qilinmadi?

JSTga a’zo bo‘lish jarayoni har bir murojaat etuvchi mamlakat uchun alohida o‘rganib chiqiladi va a’zo bo‘lish shartlari mamlakatning iqtisodiy rivojlanish bosqichiga va amaldagi savdo rejimiga bog‘liq tarzda amalga oshiriladi. Jarayon o‘rtacha besh yil davom etishi, ammo mamlakat tashkilot talablariga to‘la javob bermasa yoki siyosiy muammolar xalaqit beradigan bo‘lsa, u uzoqroq muddatga cho‘zilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. JSTga a’zo bo‘lish uchun eng qisqa muddatli muzokaralar Qirg‘iziston bilan (2 yil-u 10 oy), eng uzoq muzokaralar esa Rossiya bilan (19 yil-u 2 oy) amalga oshirilgan.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yil 21 dekabrda ariza topshirgan va ishchi guruh tuzilgan. Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab  O‘zbekiston tashqi savdo siyosatida proteksionizm ustuvor ahamiyat kasb eta boshlaydi. Bu asosan, mamlakatning asosiy eksport mahsulotlari narxi jahon bozorida pasayishi bilan izohlanadi. Hukumat esa valuta nazorati orqali importni qisqartira boshlaydi. 1998 yilda Osiyo mamlakatlarida yuz bergan iqtisodiy inqiroz proteksionizmga bo‘lgan munosabatini yanada kuchaytiradi.

2003 yilda valuta ayirboshlash cheklovlari olib tashlanadi va savdoni erkinlashtirish tomon qadam tashlanadi. Islohotlar natijasida savdo va umuman iqtisodiyot sezilarli darajada o‘sadi. Biroq 2008 yildagi jahon iqtisodiy inqirozi O‘zbekistonga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shundan so‘ng hukumat xorijiy valuta ustidan qayta nazorat o‘rnatadi va yana savdo proteksionizmiga qaytadi. Rasmiy kurs va norasmiy bozor kursi o‘rtasida katta tafovut yuzaga kela boshlaydi. Aynan cheklangan valuta konvertatsiyasi ko‘p yillar davomida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi asosiy to‘siq bo‘lib keladi. Bojxona to‘siqlari va davlatning iqtisodiyotga yuqori darajadagi aralashuvi yillar davomida saqlanib qoladi.

Umuman olganda, 2005 yilda ishchi guruhning uchinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi va shundan so‘ng muzokara jarayonlari to‘xtab qoladi. Bu 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari sabab O‘zbekiston va xalqaro moliya institutlari o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib ketishi bilan ham bog‘lanadi.

Ishchi guruh faoliyati qayta tiklanishi

O‘zbekistonda 2017 yil sentabr oyidan valuta kursini talab va taklifga asosan erkin belgilash tartibi joriy etildi. Shundan so‘ng JSTga a’zo bo‘lish masalasi yana kun tartibiga qaytdi. 2019 yil boshiga kelib, ishchi guruh faoliyati hukumat tomonidan jonlantiriladi. 2020 yil 7 iyulda 15 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh yig‘ilishlari qayta tiklanadi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 may kuni «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilinadi.

O‘zbekiston hukumatida bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov mazkur tashkilotga a’zo bo‘lish ishlarini muvofiqlashtirishga mas’ul etib belgilangan.

Avvalroq, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan O‘zbekistonning JSTga kirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga nima beradi?

JSTning asosiy tamoyili – erkin, ochiq va shaffof raqobat hisoblanadi. Agar O‘zbekiston tashkilotga a’zo sifatida qabul qilinsa, global savdo «o‘yin qoidalari»ga amal qilgan holda, bosqichma-bosqich proteksionizmdan voz kechadi.

Bu birinchi navbatda, bojxona tariflari kamayishi hisobiga iste’molchilarga arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi. Xomashyo narxi pasayishi hisobiga mahalliy mahsulotlar narxi ham arzonlashadi va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi ortadi. Logistika bilan bog‘liq xarajatlar sezilarli darajada kamayadi.

Chetdan olib kirilayotgan xomashyo narxi qancha arzon bo‘lsa, mamlakat ichida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot narxi ham shuncha past bo‘ladi. Raqobatbardoshlik oshadi. Bu dastlabki davrda milliy ishlab chiqarishga salbiy ta’sir o‘tkazsa-da, uzoq muddatli istiqbolda raqobat muhitini vujudga keltirishda ijobiy omil hisoblanadi.

Mamlakat ichidagi monopol kompaniyalarning ichki bozordagi ustun mavqeyiga chek qo‘yiladi va erkin raqobat muhiti yaratiladi. Hozirgi sharoitda O‘zbekistondagi import proteksionizmi darajasi ancha baland hisoblanadi.

Shuningdek, investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishi ko‘payadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkoniyat taqdim qiladi.

Bundan tashqari, o‘rta muddatli istiqbolda tashkilotga a’zolik inflatsiya yaxshigina pasayishiga zamin yaratadi. 

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Jahon savdo tashkiloti?

Nazariy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, har ikki tashkilotga a’zo bo‘lish bir-birini inkor etmaydi. Xalqaro ekspertlar qayd etishicha, hukumat JSTga ham, YeOIIga ham a’zo bo‘lishni maqsad qilgan bo‘lsa, avval global savdo tashkilotiga (bunda YeOII a’zolari – Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya misol tariqasida ko‘rsatilgan), keyin esa mintaqaviy tashkilotga kirishi kerak.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Nishonboy Sirojiddinov bir qancha omilga ko‘ra, Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish YeOIIga qo‘shilishdan ko‘ra foydaliroq ekanini aytib o‘tgandi:

  • YeOIIga a’zo bo‘lish, tashkilot tashqi savdo qoidalarini qabul qilishni anglatadi. Bu esa JSTga kirish uchun olib borayotgan muzokaralarni mantiqsiz qilib qo‘yadi va tashqi savdo siyosatni mustaqil belgilashdan voz kechilishiga olib keladi;
  • YeOIIga qo‘shilish O‘zbekistonga uchinchi mamlakatlar, xususan, Turkiya, Singapur va Janubiy Koreya bilan erkin savdo zonalarini yaratish imkonini cheklab qo‘yadi. Qoidasi bo‘yicha mamlakat erkin iqtisodiy hudud tashkil qilmoqchi bo‘lsa, boshqa umumiy boj to‘lovi o‘rnatiladigan integratsion tashkilotlarga kirmasligi kerak;
  • JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga boshqa ishtirokchilar bilan kelishilgan holda o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, tashqi savdo bojlarini belgilash imkonini beradi. Bu esa asosan import qilinuvchi mahsulotlarga past boj to‘lovlarini keyinchalik YeOIIga qo‘shilgan vaqtda ham Qozog‘iston singari saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, global savdo bloklariga eng kam integratsiyalashgan O‘zbekiston uchun JSTga kirish muhim qadam hisoblanadi. YeOIIga qo‘shilish masalasi esa bugungi kundagi global siyosiy beqaror vaziyat fonida foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltirishi mumkin. Rossiya-Ukraina urushi cho‘ziladigan bo‘lsa, Rossiyaga reeksportning oldini olish maqsadida bojxona ittifoqiga kiruvchi boshqa davlatlarga ham sanksiyalar qo‘llanishi ehtimoli mavjud. 

Ko‘proq yangiliklar: