Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yil 20 iyun kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yashovchi 4 yoshli bola noma’lum kasallikdan vafot etgani aytilgan xabarlar tarqaldi.
Unga ko‘ra, shifokorlar ahvoli og‘ir bo‘lgan bolani bir necha kun davomida tekshirib u qanday dardga chalinganini aniqlay olmagan. Shuningdek, Samarqand shahridan yordamga chaqirilgan shifokorlar ham bolaga aniq tashxis qo‘ya olmagan.
Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, vazirlik tomonidan malakali professor-shifokorlardan iborat maxsus tibbiy brigada tuzilib, zudlik bilan G‘uzor tumaniga yuborilgan.
«Mazkur holatni o‘rganish va vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan malakali professor-shifokorlardan iborat maxsus tibbiy brigada tuzilib, zudlik bilan G‘uzor tumaniga yuborildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu holatni o‘z nazoratiga olgan. O‘rganish natijalari haqida batafsil ma’lumot beriladi», deyiladi SCV munosabatida.