Toshkentda Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan ko‘cha va yodgorlik ochildi

O‘zbekiston 16:23 / 21.06.2022 14511

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning umummilliy yetakchisi va birodar ozarboyjon xalqiga o‘z hurmat-ehtiromini bildirdi.

- Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi Ozarboyjon xalqining umummilliy yetakchisi, o‘zbek xalqining yaqin do‘sti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘chaning ochilish marosimidan boshlangani katta ramziy ma’noga ega. U kishi XX asrning atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarboyjon asoschisi sifatida tarixga kirdi. Haydar Aliyevning qat’iyati, kuchli siyosiy irodasi va beqiyos yetakchilik sifatlari tufayli yosh suveren davlat barcha qiyinchilik va sinovlarni munosib yengib o‘tdi, - dedi prezidentimiz.

O‘zbekiston rahbari Ozarboyjon umummilliy yetakchisi mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va qardosh xalqlarimizning tarixiy rishtalarini izchil mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Ozarboyjon prezidenti tashrif uning pandemiyadan keyingi ilk xorijiy tashrifi ekanini qayd etib, davlat rahbari va O‘zbekiston xalqiga Haydar Aliyevning yorqin xotirasini asrab-avaylashga qaratilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

- Aziz qardoshim Shavkat Miromonovichdan Toshkent markazida otam Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlab shunday ko‘rkam go‘shani barpo etish tashabbusi uchun juda minnatdorman.  Biz buni o‘zbek qardoshlarimizning buyuk yetakchimizga, umumiy tariximizga chinakam birodarona munosabati sifatida qabul qilamiz. Bu butun Ozarboyjon xalqiga hurmat ifodasi hamdir, - dedi u.

Rasmiy xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda ozarboyjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin fuqarolar istiqomat qilmoqda. 2003 yilda Ozarboyjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan. 2010 yilda Ozarboyjon elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazining yangi binosi ochilgan.

Shundan so‘ng Ozarboyjon prezidenti davlat rahbari hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Ko‘proq yangiliklar: