Qo‘rg‘ontepada Hajga 8 yil navbat kutganlar qolib, yangi ariza berganlar ketmoqda. Nega?

Jamiyat 16:44 / 21.06.2022 42138

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi ikki fuqaroni navbatsiz Hajga yuboryapti. Ular mahalladan tavsiyanoma ham olmagan, arizani shu yil bergan, ya’ni navbatda ulardan oldin yuzdan ortiq fuqaro bor. Mutasaddining aytishicha, bu ikki fuqaro “homiylik yordami ko‘rsatishga va’da bergani” uchun navbatsiz jo‘natilyapti, lekin bu ham sabab bo‘lolmaydi – ulardan oldin navbatda turganlar orasida ham homiylik qilishga tayyorlar bor.

Haj ziyoratini tashkil etishdagi mas’ullarning adolatsiz harakatlari haqida maqola yozish juda qiyin ekan. Yoshi ulug‘lar bu farz amali haqida “Hajga Yaratganning o‘zi chaqiradi” deyishadi.

Mahallalarda Haj safariga borish uchun ariza yozib, ro‘yxatga kiritilgan, biroq uzoq yillardan beri o‘z navbatini kutayotgan minglab insonlar bor. Shunday insonlardan biri, Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahri Birlik mahallasida yashovchi Anorxon Rahimova murojaati ortidan surishtiruv o‘tkazdik.

Oqibatda ma’lum bo‘ldiki, tuman hokimligi vakillari bu yilgi ziyoratga mahalladagi mavjud “Haj ziyoratiga borish istagini bildirgan fuqarolarni ro‘yxatga olish kitobi”da o‘n yillab navbatda turgan fuqarolar o‘rniga joriy 2022 yil fevral oyida ariza bergan insonlarni jo‘natayotgani aniqlandi.

Hokimlik mutasaddisi – Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mitaning Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘yicha bosh mutaxassisi Husanboy Abdulhamidov mahalla daftari va o‘zida mavjud hujjatlardagi chigal faktlarni inkor qila olmadi.

Bizga murojaat qilgan Anorxon Rahimova ziyoratga borish uchun 2014 yili ariza yozgan va o‘z mahallasidagi ro‘yxatda 130-o‘rinda turibdi. Bir oy oldin Birlik mahallasi raisi Mohigul Siddiqova uning xonadoniga kirib, ro‘yxatda undan oldin turgan odamlarda imkoniyat bo‘lmasa, opada muborak amallarni bajarib kelish imkoniyati tug‘ilganini aytadi. Anorxon opa tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Biroq Hajga ro‘yxatda 230- va 231-o‘rinlarni egallab turgan, 2022 yil fevral oyida ariza yozgan mahalladoshlari ketmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tumani ro‘yxatdagi vakillarining Saudiya Arabistoniga borish uchun viza bilan bog‘liq barcha hujjatlari tayyor va ular 27 iyun kuni yo‘lga chiqishlari rejalashtirilgan.

Hech bo‘lmasa Haj ziyorati ro‘yxatida adolat bo‘lishi kerak-ku?

Qorasuv shahri Birlik mahallasida yashovchi murojaatchi Anorxon Rahimova bilan suhbatimiz uzoq davom etdi.

“Yaxshi niyatlar bilan 2014 yili Haj ziyoratiga borish uchun ariza topshirgan edim. Bu yilgi Haj kvotalari e’lon qilingach, mahalla raisi Mohigul Siddiqovaga telefon qildim. U meni ro‘yxatdagi o‘rnimni ko‘rgach, “Hajga, opa, 130-o‘rinda ekansiz. Sizdan oldingilarni yoshi to‘g‘ri kelmagan, imkoniyati yo‘qlar bilan gaplashib chiqsak, mahalla berilgan ikkita kvotadan bittasini sizga harakat qilamiz” dedi. Yaqinlarimiz bilan juda xursand bo‘ldik.

Keyin xonadonimga kelib: “Opa, qarang, ikkita o‘ringa da’vogar oila imkoniyati yo‘qligi uchun bormaydigan bo‘ldi. Endi ulardan keyingi navbatda bo‘lgani uchun Boburjon Kenjaboyev ketyapti, ikkinchi kvotani imkoniyatga ega bo‘lganingiz uchun sizga gaplashaman”, deya ko‘nglimni ko‘tardi.

Oradan vaqt o‘tdi. Xabar kelmadi. Tuman hokimligi mutaxassisi Husanboy Abdulhamidovning yoniga bordim. U menga “Bir-ikki kun kech qolibsiz-da” dedi. Men: “Uka, yordam bering. Eshitib yuribman. Hajga mendan yuzta o‘rin pastdagi odamlar ketyapti deyishyapti. Oxirigacha boraman” dedim.

Tuman hokimining oldiga: “Ehtiyojmandlarga kerak bo‘lsa, homiylik yordami qilay” deb kiray desam, yana yordamchisi Husanboyga jo‘natdi. U esa “Opa, keyingi yilga birinchi navbatda ketasiz” deya va’da bera boshladi. Hali ham umid qilib turibman.

Meni shaxsan o‘sha ketayotgan oilaga ham qarshiligim yo‘q. Alloh chaqirgan bo‘lsa, vaqti-soati kelgan bo‘lsa ziyoratga borib kelishsin. Lekin har ishda adolat bo‘lishi kerak-ku?” – deydi Anorxon Rahimova.

Shundan so‘ng mahalla fuqarolar yig‘ini binosi tomon yurdik. Lekin dam olish kuni bo‘lgani uchun u yerda hech kim yo‘q edi. Mutasaddilardan izoh olish uchun Qo‘rg‘ontepa tuman hokimligi binosida bo‘ldik.

Hokimlik mutasaddisi o‘z harakatlarini oqlashga urindi

Ko‘rg‘ontepa tuman hokimligi binosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mitaning Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘yicha bosh mutaxassisi Husanboy Abdulhamidov muammoli vaziyatga izoh berishdi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mohigul Siddiqova o‘z hududidan qaysi fuqarolar ziyoratga ketayotganidan bexabar ekanini aytdi.

“Mahallamiz uchun ikkita kvota berilgach, Hajga borish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxatida 20- va 21-o‘rinda turgan oilaning navbati kelgani aniqlandi. Ular farzandlari kasalligi bois bormasligini bildirishdi. Shundan so‘ng ro‘yxatda keyingi turganlarni o‘rgandim, 38-o‘rindagi Boburjon Kenjaboyevgacha bo‘lganlarning imkoniyati yo‘q ekan. Kenjaboyev imkoniyati borligini bildirgach, yig‘ilish bayoni va tavsiyanomasini yozdim.

Anorxon Rahimova 130-o‘rinda ekan. U kishiga: “Sizgacha bo‘lgan odamlardan rozichiligini so‘rab chiqamiz” dedim. Baribir bu opamizning borishi qiyin edi. Chunki 38- bilan 130-o‘rin o‘rtasida mablag‘i bori chiqar edi”, deydi MFY raisi Mohigul Siddiqova.

Siddiqovadan nega 230- va 231-navbatda turgan fuqarolar Hajga ketayotgani sababini so‘raganimizda: “Tuman hokimligining homiylik uchun alohida kvotasi bo‘lsa kerak. Lekin ularning qanday homiylik yordami ko‘rsatgani haqida ma’lumotlar menda yo‘q. Men bu insonlarning ketayotganidan bexabarman”, deya javob berdi.

Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita mutaxassisi Husanboy Abdulhamidov bilan suhbatimizdan keyin, hokimlik Birlik mahallasidan hatto hokimlikdagi mavjud ro‘yxatda umuman qayd etilmagan ikki fuqaroni hech qanday navbatsiz, tavsiyanomasiz Haj ziyoratiga jo‘natayotgani aniq bo‘ldi.

Buning sababini so‘raganimizda ular “tumanda homiylik ishlarini tashkil etgani uchun” jo‘natilayotgani aytildi. Biroq mutasaddi bu ikki fuqaroga na hokim, na mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomasini ko‘rsata olmadi. Qayerga, qanday homiylik qilishganini ham aytib bera olmay, ulardan homiylik borasida endi yordam so‘ralishini aytdi.

Husanboy Abdulhamidov, shuningdek, homiylik qilgani uchun navbatsiz Hajga borish imkoniyati hech qaysi normativ-huquqiy hujjatda ko‘zda tutilmaganini tan oldi.

Agar mahalladagi ro‘yxatga rioya qilinmasa, tuman hokimligi mutaxassisi ro‘yxatga istaganicha o‘zgartirish kiritsa, bunday ro‘yxatning ne keragi bor?

Bu holatni ko‘rib, Haj ziyorati bilan bog‘liq ro‘yxatni shaffof ko‘rsatib turuvchi onlayn platformani tezroq ishga tushirish zaruriyati borligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Material davomida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lsak-da ezgu umidlar bilan Haj safariga ketayotgan o‘sha yurtdoshlarimizning ismi-shariflarini oshkor qilmadik. Chunki bugun yoritayotgan muammoli holatning asosiy sababchisi – mulozimlardir.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: