Eltuz tahririyati Komil Allamjonovdan uzr so‘rab, jarima to‘lashga tayyorligini bildirdi

O‘zbekiston 22:37 / 21.06.2022 24388

Fevral oyida Eltuz va unga asoslangan holda Uzmetronom nashrlari Mass-media fondi raisi Komil Allamjonovni 4,2 mln dollarlik tilla va brilliant buyumlarni bojsiz olib kirishda ishtirok etgani iddao qilingan maqolalar e’lon qilgan edi.

Har ikkala materialda ham ayblovlarni tasdiqlovchi faktlar keltirilmagan, ikkinchi tarafning pozitsiyasi olib chiqilmagandi. Allamjonov buni tuhmat deb atab, ayrim nashrlar “haddidan oshib ketgani”ni ta’kidlagan va huquq organlariga murojaat qilganini bildirgandi.

21 iyun kuni Eltuz nashri maqoladagi iddaolar “to‘liq tasdig‘ini topmagani vajidan” o‘z sayti va tarmoqlardagi barcha sahifalaridan olib tashlaganini ma’lum qildi. Shuningdek, tahririyat maqolani qayta chop etgan nashrlar, jumladan Uzmetronom sayti va unga Twitter'da havola bergan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotini o‘z qaroridan rasman xabardor qilgan.

Nashr maqolani chop etishdan “hech bir shaklda hech bir shaxsni obro‘sizlantirish yoki unga tuhmat qilish qasd etilmagani”ni ta’kidlagan.

“Tahririyat reputatsion zarar uchun maqolada ko‘rsatilgan shaxs Komil Allamjonovdan uzr so‘ragan xolda, uning O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlariga omad tilaydi. Tahririyat Germaniya qonunchiligi asosida sud tomonidan tayinlanishi mumkin bo‘lgan jarimani to‘lashga tayyorligini bildiradi”, deyiladi rasmiy bildirishda.

Avvalroq, 19 iyun kuni Uzmetronom sayti ham Eltuz'ga tayanib berilgan mazkur mavzudagi ikkita xabarini o‘chirganini ma’lum qilgandi. Nashr bu boradagi xabariga “Birlamchi manba orqaga harakatlana boshladi” deya sarlavha qo‘ygan.

Xabardan ma’lum bo‘lishicha, nashr bosh muharriri Sergey Yejkov ustidan tuhmat moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan. Ish tafsilotlari ma’lum emas.

Mazkur xabarlar ortidan Komil Allamjonovning ma’lum qilishicha, uning huquqshunos va advokatlari bu masalaga jiddiy kirishib, o‘tgan vaqt davomida ko‘plab huquqiy choralarni qo‘llagan.

“Eltuz tahririyatiga Germaniya qonunchiligi asosida huquqiy baho berish uchun hozirda Germaniya huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlariga berilgan. Uzmetronom sayti esa O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan”, dedi Mass-media fondi rahbari.

“So‘z erkinligi hamma xohlagan narsasini gapirishi mumkin degani emas: shaxsning qadr-qimmati, biror bir shaxs haqidagi ma’lumot berilsa, u albatta ishonchli dalillarga suyanilgan bo‘lishi kerak. Tuhmat, haqorat hech qaysi davlatda, hech qaysi jamiyatda mumkin emas. Bunga javobgarlik belgilangan. Shu jumladan O‘zbekiston qonunchiligida ham

Hozirda Uzmetronom sayti masalasi sudgacha oshirilgan. Sud organlari – oliy hakam, ular bu masalaga baho berishi va qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi kerak”, dedi u.

Komil Allamjonov OAVni so‘z erkinligini targ‘ib qilgan holda qonunga itoatkor bo‘lishga, har qanday ma’lumotni yoritishdan avval uni yaxshilab tekshirishga chaqirdi.

“O‘ylaymanki, men bilan bog‘liq holatlar barcha uchun namuna bo‘ladi. Yana bir marta aytaman, so‘z erkinligi bu hamma narsa mumkin degani emas, uning tartib-qoidasi bor, o‘ziga yarasha etikasi bor. Unga amal qilsakkina biz hech qachon yutqazmaymiz”, – dedi Allamjonov.

Ko‘proq yangiliklar: