Prezident Konstitutsiya bo‘yicha o‘z takliflarini berdi (ro‘yxat)
Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashdi. Davlat rahbari yangi Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun referendum o‘tkazilishini e’lon qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuvda prezident asosiy qonunga qator normalarni kiritish bo‘yicha takliflar ilgari surdi. Kun.uz mazkur takliflarni sanab o‘tadi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklari yo‘nalishida:
- O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega (propiska cheklovlari qaytib hech qachon tiklanmaydi);
- har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanadi;
- shaxsiy hayot daxlsizligi kafolatlanadi;
- majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- har bir shaxs qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqiga ega;
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishi kerak.
Tadbirkorlik va yerga oid masalalar:
- Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi;
- davlat tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi, ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi kerak;
- tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli;
- davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatni himoya qilishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim;
- yer xususiy mulk bo‘lishi mumkin; qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida qoladi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga ijara shartnomasi asosida beriladi.
Sud-huquq sohasida:
- “Miranda qoidasi”: shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirish berish shart;
- “Xabeas korpus” instituti: shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas;
- o‘lim jazosi taqiqlanadi;
- shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas;
- mahbuslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart;
- ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak;
- sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak; imorat buzilishga tushganda buzishdan oldin uning qiymatiga mos kompensatsiya to‘lanishi shart;
- uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Davlat boshqaruvi:
- 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar guruhiga o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi beriladi;
- hokimlar va mahalliy kengashlar vakolati ajratiladi;
- davlat organlari ochiq, shaffof, hisobdor, ixcham va tejamkor bo‘lishi kerak;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha prezident farmoni Senat tomonidan tasdiqlanadi;
- Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolati prezidentdan Senatga o‘tkaziladi;
- mahallalar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish vakolatiga ega.
Tashqi siyosat:
- O‘zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan tinchlikparvar va do‘stona siyosat yuritadi;
- O‘zbekistonning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsip va normalariga asoslanadi;
- davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolishi va rivojlantirishi lozim.
Oila instituti:
- Oila ayol va erkakning (amaldagi Konstitutsiyada “tomonlarning” deyilgan) ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanadi;
- homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi;
- ko‘p bolali oilalarga imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar beriladi;
- ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir;
- davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishi lozim;
- davlat yoshlarni ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun sharoit yaratishi lozim.
Ta’lim, tibbiyot, ekologiya:
- Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- davlat maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishi lozim;
- “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega” degan umumiy norma kengaytiriladi;
- ekologik-huquqiy normalar kengaytiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, obektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi;
- davlat ularning huquq va erkinliklari ta’minlash uchun sharoit yaratadi;
- alohida e’tiborga muhtoj bolalar uchun inklyuziv ta’lim tashkil etiladi.
Shuningdek, prezident Konstitutsiyaga kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bo‘yicha qator normalar kiritishni ham ilgari surdi.
Mavzuga oid

17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi

15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi

00:30 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgga bordi

20:19 / 24.12.2024