To‘y bazmida o‘tkazilgan o‘yinda yutqazib qo‘ygach, mag‘lubiyatga chiday olmay kelinning boshiga urgan mushtumzo‘r kuyov umr yo‘ldoshidan uzr so‘ragani aytilmoqda.
“O‘zimni tutib turolmay qo‘lim ketib qoldi. Tushunmovchilik hal bo‘lgandan keyin to‘y davom etdi. Kelindan uzr so‘radim. Boshqa bunday bo‘lmaydi”, deya zo‘ravon kuyovning so‘zlarini keltirmoqda “Mening yurtim” telekanali.
Telesyujyetda yigit va qiz bir yil davomida ahd-u paymon qilib yurgani haqida so‘z boradi.
Internetda tarqalgan videoda kaltak yegan kelinning oldiga bir ayol yaqinlashgani va ayollar sahnani tark etgani ko‘ringandi. Bu ayol kelinning onasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmin o‘z tasdig‘ini topdi. Ona “Mening yurtim” telekanaliga bergan intervyusida kuyovning qarindoshlari uzr so‘ragach, to‘y davom etganini, qizi bilan qo‘ng‘iroqlashib turgani, yaxshi yashashayotganini aytgan.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ham o‘sha kuni to‘y oxirigacha davom etgani va boshqa ko‘ngilsizlik sodir bo‘lmaganini ma’lum qilgandi. Qayd etilishicha, to‘ydan keyin hech kim huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ro‘y bergan holat bo‘yicha murojaat qilmagan.
Adliya vazirligi axborot xizmati Kun.uz'ga bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur kuyov-kelin shu yil 10 may kuni nikohga kirish uchun ariza bergan, biroq voqea shov-shuv bo‘lgan kezda FHDYo bo‘limida hali ularning nikohi qayd etilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, tomonlarning nikohi 15 iyun kuni rasmiylashtirilgan va ularga nikoh tuzilgani haqida guvohnoma topshirilgan.
Bosh prokuratura ro‘y bergan holat yuzasidan Uzun tumani IIB tomonidan kuyovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilganini ma’lum qilgandi. “Mening yurtim” telekanalining xabar berishicha, ish sud tomonidan ko‘rib chiqilgan va kelinning arizasi asosida kuyovga ma’muriy jazo qo‘llanilmagan.
Avvalroq Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva voqeaga munosabat bildirib, “agar bu hodisa sizni va atrofingizdagilarni g‘azablantirgan, hayratga solgan bo‘lsa, demak atrofingizda sog‘lom jamoa bor. Mabodo “ayol erkakka yon bosishi shart”, “o‘zi aybdor, tili uzun bo‘lsa kerak” kabi gaplarni eshitayotgan bo‘lsangiz, mana bu haqiqiy falokatdir”, degandi.
Surxondaryoda kuzatilgan voqeadan keyin Senatda maxsus Ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, senatorlar xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Qolaversa, yigit va qizlarni to‘ydan oldin Oila markazlaridagi mashg‘ulot va davra suhbatlariga jalb etish taklifi bildirilgan.