Ilmiy tarjimalarsiz rivojlanish bo‘lmaydi

Fan-texnika 16:33 / 18.06.2022 51621

100 mingga yaqin talabalarimizni o‘sha-o‘sha, ma’nan eskirgan kitoblar kutib turibdi. Bu ahvolda rivojlanish bo‘lmaydi.

Uchinchi renessans dedik... Milliy g‘oya sifatida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman, ammo bu iborani urinish-harakatlarsiz ishlatish uning me’daga tegishi va alal-oqibat xonavayron bo‘lishiga olib keladi. Samara so‘zda emas, amalda. Rivojlanish esa ilmsiz bo‘lmaydi, ilm esa zamon talabiga javob beradigan kitoblarda.

Ajdodlarimiz internet tugul, bosmahonalar ham yo‘q bo‘lgan davrda kitoblarni tarjima qilishni qoyillatishgan. Bu borada “Xalq so‘zi” gazetasida yaqinda chiqqan bir maqolada o‘qib qoldim:

“Baytul hikmada 40 dan ortiq tarjimonlar qadimgi yunon tilidan, 14 nafar tarjimon sanskrit tilidan, 4 nafar tarjimon Xitoy tilidan ilmiy, tibbiy va falsafiy asarlarni arabchaga o‘girgan. Bundan tashqari, lotin, suryoniy, ibroniy tillardan tarjimonlar bo‘lgan. Ilmiy haqiqat diniy mansublikdan ustun qo‘yilgan. Bu asar majusiylarniki, bunisi kofirlarniki deb inkor qilinmagan. Ajdodlarimiz til o‘rganib, ilm ortidan dunyoni kezgan. Mahdudlik qobig‘iga o‘ralib qolmagan, turg‘unlik, mahalliychilik ularga yot bo‘lgan”.

Demak, Islom Renessansining asosida inson zoti uchun foydali ilmlarning keng qabul qilinishi va asarlarning ommaviy ravishda tarjimasi yotgan ekan. Ajdodlarimiz qiyinchiliklarga qaramay 50 dan ortiq tarjimonlarni bir joyga yig‘ib, ularni jahonning eng muhim asarlarini tarjima qilish ishiga yo‘naltirgan ekanlar. Keyinchalik ushbu asarlar G‘arbga qayta eksport qilinib, Oksford va Kembrij kabi universitetlarda darslik sifatida o‘qitilgan. Ular ushbu asarlarni o‘rganib, ular asosida o‘zlarining yangi asarlarini yozishgan va yozishmoqda – ilmni rivojlantirishgan.

Bizdachi, 21 asr kelib, resurs va imkoniyatimiz borligiga qaramay:

  • haligacha bunday ilmiy tarjimonlik instituti tashkil etilgani yo‘q,
  • haligacha millatimiz farzandlari uchun G‘arb va Sharqning eng muhim ilmiy darsliklari ona tilimizda taqdim etilgani yo‘q, 100ga yaqin davlat universiteti, o‘nlab tadqiqot institutlari mavjudligiga qaramay, oliy va o‘rta ta’lim bosqichidagi 800 mingdan ziyod talabalar uchun eng kerakli darslik va qo‘llanmalar tizimli ravishda tarjima qilinmayapti.

Natijada O‘zbekistonda oliy ta’lim olayotgan yoshlar ma’nan eskirgan kitoblarni o‘qishyapti, eski qobiqqa o‘ralib qolishyapti.

Buning achinarli natijasini tan olaylik.

Bir misol – ilm dargohlarimizda rus tilida ta’lim oladigan va o‘zbek tilida ta’lim oladigan yoshlar o‘rtasida farq katta!

Rus tili guruhlarida talabalarning fikrlashlari teran, jonli, o‘zlari tashabbuskor, milliy guruhlardagilar esa tor qobiqqa o‘ralgan, jonsiz, yuragida cho‘g‘i yo‘q. Vaholanki ular universitet ta’limini deyarli teng ilmiy darajada boshlashadi (aslida milliy guruhlar kirish ballari yuqoriligi uchun kuchliroq bo‘lishadi).

Sababi oddiy: rus tili guruhidagilar Rossiya va Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlarda chop etilgan, nisbatan sifatli darsliklar va rus tilidagi boy internet ma’lumotlariga milliy guruhlardan ko‘ra ochiq bo‘lishadi, ularni ko‘p o‘qishadi. Ya’ni milliy guruhlardagi talabalar (asosiy kontingent) o‘qiydigan kitoblardan ko‘ra ko‘p va o‘ta boy manbalardan foydalangani sababli rus tili guruhlaridagi talabalarning darajasi ham tabiiy ravishda yuqori bo‘ladi, davlat tilida ta’lim olayotgan universitet talabalari qo‘shimcha manbalar bilan ishlashda juda qiynalishadi.

Men uchun shaxsan bu alamli holat… Mas’ullar bunga hamon beparvo.

Dunyo tajribasi qanday?

Taniqli hamyurtimiz, matematik olim Erkinjon Karimov, o‘zinig “Marifat” gazetasida chiqqan maqolasida quyidagilarni aytgan:

“2013 yilda Xitoyda ilmiy safarda bo‘ldim. Universitet talabalarining qo‘lida xitoy tilida yozilgan, dunyo bo‘yicha tan olingan darslik, monografiyalarni ko‘rib dastlab hayron bo‘ldim. Shuncha kitobni (aksariyati 600–700 betli) tarjima qilib chiqishga qancha resurs sarflanganini tasavvur qildim. Bunday tarjimalar natijasida xitoy tili ham ilmiy terminlarga boyigani shubhasiz. Asosiysi, chet tillarini yaxshi o‘zlashtirmagan talabalarda ham sifatli kontent bilan o‘z tilida tanishish imkoniyati borligidir”.

Yechim nimada?

Umumiy yechim – “dunyodan o‘rganish” rejimiga o‘tishimiz lozim. O‘zbekiston ta’lim tizimi yetti uxlab tushiga kirmagan boy ilmiy kontent tarjimasini kutib yotibdi. Biz chet eldan to‘xtovsiz ichkariga bilim tashishimiz darkor.

Qilinishi kerak bo‘lgan harakatlar:

1) Ilmiy adabiyotlar tarjimasi milliy dasturini joriy etish kerak. Unga har bir sohadan 2 nafardan jami 100 nafar mutaxassisni ishga yollab, 3-5-8 yillik dasturlar doirasida kamida 1000 ta kitob tarjimasi loyihasini amalga oshirish kerak. Ayniqsa, tibbiyot, geologiya, fizika, biologiya, ximiya kabi aniq fan sohalariga alohida e’tibor berish kerak.

2) Hozirgacha bo‘lgan tajribamdan shuni aytishim mumkinki, yaxshi bir kitobning xorij nashriyotidan intellektual mulk huquqini sotib olib, bir necha ming nusxada chop etishga ko‘pi bilan 10 000 AQSh dollari ketadi. Aniq fanlarga doir kitoblar uchun ko‘proq mablag‘ talab etilishi ham mumkin. Demak, 10-20 million AQSh dollari evaziga bunday loyihani amalga oshirsa bo‘ladi.

3) Hozirda fan tili – ingliz tili, shu sababli ilmiy maqolalar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining aksariyati ingliz tilidadir. Shuningdek, fransuz, nemis va rus tillarida ham ilmiy kontent ko‘p. Soha mutaxassislari va chet eldagi olim vatandoshlar bilan hamkorlikda 1-2 oy ichida kerakli kitoblar ro‘yxatini osonlik bilan shakllantirish mumkin. Keyin esa tarjimaga yeng shimarish lozim.

4) Inglizcha – O‘zbekcha, Nemischa -O‘zbekcha, Yaponcha – O‘zbekcha, Fransuzcha – O‘zbekcha katta lug‘atlarni eng yangi va keng qamrovli ko‘rinishda tuzib chiqish lozim. Hozir bunday lug‘atlar deyarli yo‘q. Bunga uzog‘i bilan bir-ikki yil sarflash kerak. Hamda tez va sifatli ishlash kerak.

Agar ish tizimli tashkil qilinsa, 8 yil ichida 1000 kitobni bemalol ona tilimizda o‘qishga muyassar bo‘lamiz. Bu ilm-fan rivojini keskin kuchaytirib yuborishiga aminman.

Yechim bo‘lmaydigan yechimlar

Quyidagi uslubni qo‘llagandan qo‘llamagan afzal:

Tegishli vazirliklar universitetlarga bir tomonlama buyruq berishadi, “kitob tarjima qilinglar” deb, bu uslub ishlamagan va ishlamaydi ham. Sababi oddiy: ishi shundoq ham ko‘p professor-o‘qituvchilarning bunday ishlarga toqati ham, imkoni ham va ba’zan qobiliyati ham yo‘q. Universitet rektorlarida hech qanday moddiy va logistik imkoniyat yo‘q bunga.

Alohida dastur kerak.

Dastur doirasida tarjimaga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarga kerakli ta’til va taqdirlashlar joriy qilinmog‘i kerak. Har bir kitob uchun mas’ul tarjimon-professorga 6-8 oylik ta’tillar berish lozim.

Qayta ta’kidlayman – barchasini universitetlar va kafedralarga tashlab qo‘yish – katta mas’uliyatsizlik.

Oliy ta’lim vazirligi, Innovatsiyalar va boshqa tegishli vazirliklar bu borada dunyodagi mashhur nashriyotlar bilan umumiy katta shartnomalar tuzib, litsenziyalarni olish va kerakli sonda yurtimizda nashr etilib chiqarilishi bo‘yicha barcha ishlarni tashkillashtirishi lozim.

So‘ngso‘z o‘rnida

Bir paytlar yurtimizda sodir etilgan Renessans nimaga tayanganini bildik. Uni takrorlamoqchi bo‘lsak, xususan o‘sha – bir paytlar qilingan ish – kitoblar tarjimasidan boshlashimiz kerak.

Bu – umummilliy vazifa.

Oliy ta’lim vaziri roppa-rosa bir yil oldin aniq fan sohalari bo‘yicha kitoblarni tarjima qilish masalasini ko‘tarib chiqqandi. Ammo undan keyin aniq bir harakat, loyiha ishlab chiqilmadi. Umid qilamanki, berilgan va’da bir katta loyihaga aylanadi. Aks holda sifatsiz kadr chiqarishda davom etamiz.

Alisher Umirdinov,

Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori,
huquq fanlari doktori

Ko‘proq yangiliklar: