Andijon viloyati, Bo‘ston tumani “Xalqobod” MFYdagi xonadonlar supurgi yetishtirish bilan shug‘ullanishadi. Mahallada 661 ta xonadon bo‘lib, deyarli barcha xonadonning daromadi shu hunardan.
Bug‘doydan bo‘shagan yerlarga supurgi urug‘i sochiladi. To‘rt oyda hosil yig‘ishtirilib olinadi va tayyor holatga keltirish uchun ishlov beriladi. Bu dehqonchilikning yaxshi tomonlari ko‘p.
Masalan, yig‘ishtirib olingan supurgining narxi dehqonni qoniqtirmasa, 2-3 yil davomida saqlab qo‘yishi va keyinchalik sotuvga chiqarishi mumkin.
Barcha hunarlar kabi bu hunarning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Ammo daromadi yaxshi. Sababi supurgidan urug‘ va chorva ozuqasi ham olinadi.
“Kasbim o‘qituvchi. Qo‘shimcha daromad sifatida supurgi yetishtirish bilan shug‘ullanamiz. Har yili fermerlardan, klasterlardan bug‘doydan bo‘shagan yerlardan shartnoma asosida yer olamiz va kuzgi dehqonchilikni qilamiz. Bitta supurgi emas, buning bargi chiqadi xo‘jalik mollarga o‘t bo‘ladi. Doni bo‘ladi, qo‘y boqamiz, yem bo‘ladi” – deydi Zuhriddin Abdujabborov.
To‘rt oy davomida qilingan mehnat samarasi – bir gektar yerdan 10-12 million so‘m daromad qilish mumkin. 1 gektar yerdan 2 mingdan 2,5 ming donagacha supurgi yetishtiriladi.
Ayni kunlarda supurgilarning donasi 13 mingdan ulgurji narxlarda sotilmoqda. Supurgilarni qo‘shni viloyatlardan ham kelib olib ketishadi. Mahalla yoshlari esa shu kasb orqasidan mavsumiy ish bilan ta’minlangan.
Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.