Sodiq Safoyev - AQSh safari taassurotlari, konstitutsiyaviy islohot va JIDU «monopoliyasi» haqida

O‘zbekiston 21:07 / 17.06.2022 44180

— Yaqinda AQShga tashrif buyurdingiz. Cafar taassurotlari bilan o‘rtoqlashsangiz.

— Suhbat boshida shuni qayd etib o‘tmoqchimanki, bugun diplomatiya jamoatchilik fikrisiz va ijtimoiy fikrsiz ilgari surilmaydi. Ijtimoiy fikr esa nafaqat axborot berish usuli, balki milliy manfaatlarni ilgari surish vositasi sifatida ko‘rilmoqda. Shuning uchun OAV vakillari bilan uchrashish biz uchun katta mas’uliyat va imkoniyat. Shuningdek, xalqaro munosabatlarda xalq vakillari, parlamentning roli ham tobora ortib bormoqda.

Bevosita savolga qaytsak, AQShga tashrif Kongressning ikkala palatasi bilan Oliy Majlis palatalarining muloqotini chuqurlashtirishga qaratilgan edi. Bugun hammamiz AQShning dunyodagi ahamiyatini ortiqcha gap-so‘zsiz tushunamiz. 2018 yilda Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga safari davomida O‘zbekiston–AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi erasi haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yilgan edi.

Bu bizga yangi yo‘llarni ochib berdi. Bularning ichida eng muhimi parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish haqida. Nima uchun, chunki AQSh siyosiy tizimida hech bir masala, jumladan tashqi siyosat masalalari kongressmenlar va senatorlarsiz hal qilinmaydi. Ular bilan munosabat bizga boshqa sohalardagi aloqalarimizni rivojlantirishga imkon beradi.

Yana bir narsa, 2018 yilgi safarda Shavkat Mirziyoyev kongressmenlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan hamkorlik guruhini tuzish bo‘yicha tashabbus bildirgan edi. Ya’ni Kongressda O‘zbekiston bo‘yicha kokus tuzildi. Bu bizning katta g‘alabamiz bo‘ldi. Siz so‘ragan tashrifda shu kokusning ikkinchi yalpi majlisida qatnashdik.

Bugungi kunda kokusning 17 ta a’zosi bor, yil oxirigacha ular 30 tagacha yetishi mumkin. Tashrifda parlamentdan tashqari, AQSh ma’muriyati, aql markazlari va universitetlar bilan ham samarali uchrashuvlar o‘tkazdik.

— Kokuslar nima maqsadda tuziladi o‘zi, bu piar emasmi?

— Buning piarga bevosita aloqasi yo‘q. Balki qandaydir bevosita O‘zbekistonning nufuzini va imijini ko‘rsatishga yordam berar, lekin bu nihoyatda jiddiy va natijador. O‘zi umuman Amerika kongressmenlari xo‘jako‘rsinga qiladigan tadbirlarni xush ko‘rishmaydi. Bir tadbir qilinadigan bo‘lsa, uning samarasi qanday, qancha sarmoya ketdi va u yerdan nima olamiz, degan ratsional fikr yuritish bor. Zamonaviy jamiyatning bir ko‘rinishi – ratsional fikr yuritish. Manfaat juda oddiy: Markaziy Osiyoning va mintaqadagi O‘zbekistonning ahamiyatini tobora anglab borishmoqda.

Bu yerda albatta AQSh kabi davlatning o‘z manfaatlari bor. Bu xavfsizlikka ham, iqtisodiy masalalarga ham taalluqli.

Bundan tashqari, aynan shu kokus O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini ishlab chiqib, ilgari surmoqda. Bu juda muhim. Birinchidan bu AQShning O‘zbekistonga nisbatan fundamental tamoyilini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, bu AQSh ishbilarmon doiralari uchun katta signal, qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida. Hozir rezolyutsiyani o‘tkazish uchun 3-4 ta ovoz qoldi, buning ustida ishlar ketyapti.

Shuningdek, ushbu kokus orqali biz haqimizda qolib ketgan stereotiplarni bartaraf etishga harakat qilinyapti. Avval qabul qilingan «Jyekson-Venik tuzatishi»ni hozir O‘zbekistonga aloqasi yo‘q. Shuni yo‘q qilish uchun ham vaqt keldi, kokus shu masala bilan ham shug‘ullanyapti. Agar bu cheklovlar O‘zbekistonga nisbatan bartaraf etilsa, bizga yuksak texnologiyalar kelishi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.

·       «Jyekson-Venik tuzatishi» (Jackson–Vanik amendment) – 1974 yilda kongressmenlar Genri Jyekson va Charlz Venik tomonidan AQShning “Savdo to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish. Unga ko‘ra, immigratsiyaga oid va boshqa turdagi inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzib kelayotgan asosan kommunistik blok davlatlariga nisbatan diskriminatsion tarif va bojlar joriy etish nazarda tutilgan. 2000-2012 yillarda bu cheklovdan Qirg‘iziston, Gruziya, Ukraina, Armaniston, Moldoviya va Rossiya chiqarib tashlangan. Cheklov doirasida MDHdan Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari qolgan.

— Bilamiz, AQSh parlamenti huzurida har bir yirik sohalar, hattoki hududlar bo‘yicha ham mutaxassislarni jamlagan aql markazlari faoliyat yuritadi. Bizda ham chiqarilayotgan qonunlarning sifatliroq chiqishi uchun Oliy Majlis huzurida shunday aql markazlari tuzilishi kerak, deb o‘ylaysizmi?

— Bilasizmi, bu har bir davlatning moliyaviy va mutaxassis kadrlardan iborat imkoniyatlariga bog‘liq. Ertaga bir aqliy markaz ochamiz, deb aytish juda oson. Lekin kim ishlaydi u yerda, qanday samara keltiradi? Buning faqatgina nomi shundaymi yoki haqiqatda foyda keltiradimi? Mana shu asosiy masala.

To‘g‘ri, biz Kongressning tadqiqot markazida ham uchrashuv o‘tkazdik. U yerda ko‘plab professorlar, fan doktorlaridan iborat 600 kishi ishlaydi, yillik budjeti ham 100 million dollardan ortadi. Bu ko‘p yillar davomida shakllanib kelayotgan an’ana.

Bizda ham hozir boshlanyapti bu. Parlament qoshida Qonunchilik muammolarini o‘rganish instituti ta’sis etilgan. U ham xuddi shu vazifani bajaradi. Parlament a’zolariga tadqiqotlar o‘tkazish va qandaydir tavsiyalarni ishlab chiqish borasida.

Biz safar davomida AQShdagi aql markazlari bilan hamkorlik haqida kelishib oldik. Bu yilning o‘zida 6 marotaba yosh parlament a’zolari, davlat-hokimiyatidagi yosh iste’dodli xodimlar AQShga borib, ko‘plab masalalarda tajriba almashish va o‘rganishi [reja qilingan]. Rivojlangan davlatlardan biror nimani o‘rganishdan hech qachon uyalmaslik kerak. Bu kelishuvlar ham tashrifimizning amaliy natijalaridan biri bo‘lsa kerak.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.

To‘liq intervyu davomida AQSh rasmiylarining O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, konstitutsiyaviy islohotlar va Sodiq Safoyevning diplomatiya universiteti borasidagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: