Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 8 iyun kuni soat 12:00 larda, Urgut tumani Rahmatobod mahallasida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan F.M. o‘g‘li o‘z ehtiyotsizligi oqibatida mahalla hududidan oqib o‘tuvchi kanalga tushib ketib, cho‘kib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish jarayonida mahallaning 65 nafar fuqarosi, tuman IIB xodimlari hamda tuman FVB mutaxassislar ishtirokida F.M. suvga tushib cho‘kib ketgan joylar ko‘zdan kechirilgan.
2022 yil 16 iyun kuni soat 13:30 larda Boybul mahallasi hududidan o‘tgan Samarqand-Panjikent yo‘lini kesib o‘tuvchi Yangi Darg‘om kanalining o‘ng tomon qirg‘og‘idan F.M.ning murdasi tan jarohatlarisiz topilgan.
O‘lim sababini aniqlash uchun sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, biroq marhumning ota-onasi va yaqin qarindoshlari holat yuzasidan biror-bir kishiga da’vo va e’tirozlari yo‘qligini bildirishgan va ekspertizadan o‘tkazishga rozi bo‘lishmagan.
Shundan so‘ng F.M. ehtiyotsizlik oqibatida suvga tushib cho‘kib vafot etishi holatida biror-bir shaxsning harakati yoki harakatsizligida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, Urgut tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida 9-sinf o‘quvchisi sinfdoshlari bilan cho‘milishga borib, kanalda cho‘kib ketgandi.