Reportaj: Samarqandlik ayol go‘dagini nega qiynoqqa soldi?

Jamiyat 17:03 / 17.06.2022 61554

Ona bilan dastlab Payariq tumanidagi Chelak shifoxonasi bolalar bo‘limi mudiri Faxriddin Do‘stmatov suhbatlashgan. Uning aytishicha, bolakay viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markazida bolalar tserebral falajidan davolanib turadi. Ayol bu markaz tomonidan yozib berilgan dorilarni olib kelib, hududiy shifoxonada ambulator tartibda davolashni so‘ragan. Ona-bola ikki kun Chelak shifoxonasida ambulator tartibda muolaja olgan.

O‘sha kunlari ular bilan bir palatada bo‘lgan ayol onaning bolasiga qilgan harakatlarini tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Do‘stmatov ona bilan suhbatlashganda unda ortiqcha asabiylik ko‘rmaganini qo‘shimcha qildi.

Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. U Payariq tuman IIB binosiga olib borilgan va tergov qilinmoqda. Shu sababli ayol bilan suhbatlashishga ruxsat berilmadi.

 “Ayolning oilaviy sharoitidan yaxshi xabardorman. Bunday holatga shu paytgacha guvoh bo‘lmaganmiz, ortiqcha gap ham eshitmaganmiz. Ikki yil davomida bemor bolaga qarab yurish oson emas. Ayol bolalariga mehribon, viloyatma-viloyat yurib, bolasini davolatishga harakat qilyapti.

Bola doim yuqori haroratda bo‘lib, uxlamay chiqadi. Ayol juda charchagan. Shu kunlarda nafaqat go‘dakka, balki onaning o‘ziga ham yordam kerak, deb hisoblayman”, – dedi Boshqo‘rg‘on mahallasi raisi Erkinoy Xudoyberdiyeva.

Hudud patronaj hamshirasi Gulnora Mahmudova bolasini kaltaklagan ona bilan har hafta muloqotda bo‘lishini aytdi. Bola yetti oylik bo‘lib tug‘ilgan. Uning aytishicha, biror marta onada agressiv harakatni sezmagan. Aksincha, bolalarini yaxshi ko‘rishiga guvoh bo‘lganini aytmoqda.

Bola ayni vaqtda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markazida, shifokorlar nazoratiga olingan. Markaz bosh vrachi Mamatqul Azizov bola haqiqatan ham shu yerda davolanib turishini tasdiqladi. U bolalar tserebral falajligi bilan tug‘ilgan.

Azizovga ko‘ra, hozircha bolaning holati og‘ir va bu holat uning tug‘ma kasalligi bilan bog‘liq.

Dastlabki ko‘rikka ko‘ra, bolada sepsis belgilari bor. Shuningdek, issig‘i baland, ozg‘in, oqsil va ovqat yetishmovchiligi bor. Shu sababli jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Bosh vrach bolaning badanida ko‘karish va hech qanday jarohat alomatlari yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

“Ayolim farzandlarimizga doim mehribon”

Biz bolaning otasi bilan suhbatlashib, yuqoridagi holatga izoh so‘radik. Ota biz bilan suhbatlashgunga qadar tarqalgan videoni hali ko‘rmaganini bildirdi. Shu sababli ayolimdan vahshiylarcha harakatni kutmayman, dedi.

Er, shuningdek, ayolining nafaqat katta farzandi, balki o‘sha zug‘um qilingan bolaga ham avval biror marta ortiqcha harakatini sezmaganini aytdi.

Ular farzandining tuzalib ketishiga umid bildirib, doim davolatib kelmoqda. Har davolangandan so‘ng ikki-uch oy bolada biroz ijobiy o‘zgarish bo‘ladi va yana 24 soatlab yig‘laydi, tez-tez harorati ko‘tariladi. Er-u xotin tonggacha navbati bilan bolani ovutish, ko‘tarib chiqishga odatlangan.

Erkak ayolining bu harakatini oqlamasa-da, uning mehribonligini e’tirof etdi. Ayoliga tanbeh berishi, biroq farzandiga o‘zi onalik qilishini istashini bildirdi.

Markaz bosh vrachi Azizov bolakay kamida shifokorlar nazoratida bo‘lishini va otasi istagan vaqtda uni ko‘rishga ruxsat berilishini ma’lum qildi.

Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinyapti

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tarmoq foydalanuvchilari orasida ayolni kechirmaslik, qat’iy chora ko‘rish talab qilayotganlar bor. O‘z navbatida, ayrim tarmoq faollari ayolni jazolash chora emasligi, uning ruhiy va oilaviy sharoitini o‘rganib, yordam berishni taklif qilmoqda.

Hilola Murtazoyeva: “Har qanday sharoitda ham bolani do‘pposlashning bir uzri yo‘q, nega uradi voyaga yetmagan himoyasiz bolani? Har qanday sabab qilib bo‘lingan jinoyatni oqlamaydi”.

Ubaydullo Mustafo: “Bolaning tarbiyasini majruhlarga ishonish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bola bularning tarbiyasini olib komil inson bo‘lishiga ishonib bo‘lmaydi”.

Sirojiddin Rauf: “Bolani olib qo‘yish kerak. O‘ziyam norozi bo‘lmaydi...”

Asliddin Alimardon: “Videoning o‘zi ko‘rsatib turibdi: ayolning tinkasi qurib, qoqsuyak bo‘lib qolgan. Albatta, zo‘rkaltakni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi, ammo masala jamiyat darajasiga ko‘tarilgan ekan, ayolni ayblayotgan jamiyat ayolning nega shu holga kel(tir)gani haqida ham o‘ylashi, xulosa qilishi kerak”.

Muhabbat Nazar: Tinkasi qurigan bolani urib tashlash – vijdonsizlik. Umuman, oilaga moddiy va ma’naviy kuchli dastak kerak. Bundan keyin viloyat rahbari oilani e’tibordan chetda qoldirmaydi, deb umid qilamiz. Onaga psixologik yordam ko‘rsatilsa, hammasi joyiga tushib ketadi. Ona-bolani bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.

Nazokat Azim: Voh! Bu bechoralik qursin. Nogiron bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini mukammallashtirish kerak. Shu onani jazolashning hech kimga nafi yo‘q. O‘zidan o‘tganini o‘zi bilyapti. Nogiron tuqqaniga hamma onani ayblaydi, odatda. Bu juda og‘ir mavzu. Men ham rahm qilishlarini so‘rayman.

Bobur Norov: Bu stressda bo‘ladimi, boshqa holatdami, Alloh yaratgan ne’matni bandasi jazolashga haqqi yo‘q. Bu ayolni jinnixonaga yotqizish kerak, davolash kerak, onalik xuquqidan mahrum qilish kerak. Aks holda bu bolani o‘ldirib qo‘ymasligiga kim kafolat beradi?

Asliddin Mustafoyev: Ayol bilan bolaning taqdirini endi qonun belgilaydi. Ammo jamiyat bu signalni o‘tkazib yubormasligi kerak. Yaqinda o‘qidim, ajrimlar soni yana oshibdi. Bu – yetim bolalar sonining oshgani. Ularning onalari endi ham ona, ham ota o‘rnida bo‘lishga majbur. Zimmadagi bunday majburiyat kuchli irodasi bo‘lmagan har qanday odamni sindiradi. Ruhiy zo‘riqishiga sabab bo‘ladi... Bu yog‘ini tasavvur qilishning o‘zi dahshat.

Eslatib o‘tamiz, onaga Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, ya’ni voyaga yetmagan shaxsni qiynash bilan jinoyat ishi ochilgan.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: