Prezident Shavkat Mirziyoyev bu markazga tez-tez tashrif buyuradi va har safar bemorlar, ayniqsa bolajonlar bilan uchrashadi, suhbat quradi. Ularning ko‘nglini ko‘tarish, hayotga kurashuvchanligini oshirish uchun dalda va va’dalar beradi, hammasi ortda qolishiga ishontirib qaytadi.
Butun mamlakat bo‘ylab keladigan bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi bu markaz yaqinda yangi binolarga ko‘chib o‘tdi va yangicha sharoitda ishlay boshladi. Qatortol ko‘chasi yaqinida, aholi yashash mavzelari ichidagi oldingi shifoxona bugungi kun talabiga javob bermay qolgandi. Fidoyi shifokorlar va sabrli bemorlar o‘sha eski shifoxonada ham kasallikka qarshi astoydil kurashib kelishgan, yozda issiq, qishda sovuq va tor palatalarda siqilib qolishgandi. Prezidentning avvalgi tashrifidan so‘ng barcha bemorlarni yangi markazga ko‘chirishga qaror qilindi. Chilonzor tumanidagi Arnasoy ko‘chasida barcha qulayliklarga ega zamonaviy markaz foydalanishga topshirildi.
Bemorlar uchun nafaqat chiroyli binolar, balki zarur yeguliklar va dori-darmon ta’minoti butunlay qayta ko‘rib chiqildi. Eng muhimi – malakali tibbiy xizmat yangi bosqichga olib chiqildi.
Quyidagi raqamlar o‘zgarishlarning aniq ifodasi bo‘la oladi:
- Markazning 85 o‘rinli sig‘imi 160 o‘ringa oshirildi;
- Oldin 15 metr/kvadrat maydonda 3-4 nafar bemor parvarishlangan bo‘lsa, hozir bir bemor va ota-onalardan biri uchun shuncha maydon qat’iy belgilab qo‘yildi;
- Har bir palata sovutish va isitish tizimi, muzlatkich hamda televizor kabi birlamchi jihozlar bilan ta’minlandi;
- Sutkalik uch mahal ovqatlanish besh mahalga o‘tkazildi va ota-onalar ham yeguliklar bilan ta’minlana boshlandi;
- 10 mlrd so‘mlik asbob-uskunalar xarid qilindi, 26 turdagi tashxislash usullari joriy qilindi, 18 ta davolash protokollari jahon talablari darajasiga ko‘tarildi;
- Markaz qoshida bolalar bog‘chasi va maktab ish boshladi, ota-onalar uchun turarjoy qurilishiga kirishildi.
Yanada to‘liqroq ma’lumotni rasmiylar taqdim etgan infografikalarda ko‘rish mumkin:
Bundan tashqari xorijiy davlatlar bilan ilmiy hamkorlik jonlantirildi, doimiy muloqot uchun sharoit yaratildi, chet ellik shifokorlarning O‘zbekistonga tashriflari va faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
17 iyundagi tashrif davomida prezidentning ota-onalar va bolalar bilan suhbatlaridagi kayfiyat oldingisidan farq qilishi sezilib turdi, chunki qator rejalar amalga oshirilgan va yangilari ustida ishlanmoqda.
Kun.uz sayti uyushtirgan xayriyalarning salmoqli qismi ham aynan oqqonga chalingan bemorlarga qaratilgan. Bugun ular davlatning e’tiborini va g‘amxo‘rligini his qilishi bu murakkab kasallikka qarshi kurashishda juda muhim.
Abror Zohidov