Magistratura bo‘yicha uchta katta yangilik tasdiqlandi

Jamiyat 13:46 / 16.06.2022 35994

“Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarorida magistratura bo‘yicha ham qator yangiliklar belgilangan.

Imtihon bo‘lmaydi

Endilikda davlat oliygohlari magistraturasiga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi. Abituriyentlarni saralash ularning bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi va xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat balli asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Qabul yiliga ikki marta

Davlat OTMlari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda:

  • avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalariga muvofiq;
  • yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Magistraturaga qo‘shimcha qabul kvotalari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasini OTMlarning o‘zlari mustaqil belgilaydi. Narx belgilashda bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqiladi.

Xotin-qizlar uchun magistratura bepul

Quyidagilar davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi:

  • 2021/22 o‘quv yilida davlat OTMlari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;
  • 2022/23 o‘quv yilidan boshlab, davlat OTMlari magistraturasiga ajratilgan qabul kvotalari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.

Bunda faqat bazaviy kontrakt to‘lovi budjetdan qoplanadi, bu “super kontrakt”ga taalluqli emas.

Magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning to‘lov-kontraktini qoplab berish tartibi 2 oy ichida ishlab chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: