Telegram kanallarida tarqalgan videoda ayol hamxonasi bilan suhbatlasha turib chaqalog‘ini uxlatishga uringani, biroq u uyquga ketavermagach g‘azab otiga minib uning boshiga bir necha marta tarsaki tushirgani, bu bilan ham qanoatlanmay uni qattiq silkilagani va o‘rniga otib yuborgani aks etgan.
Suhbatdoshi bunday qilmasligini, uning harakatlaridan xavotirga tushayotganini aytsa-da ayol tinchlanmaydi. Videodan ayol bu ishni sal avval ham qilgani va hamxonasi keyingi jazava jarayonini tasvirga olganini taxmin qilish mumkin. Kadrda ko‘ringan detallar voqea shifoxonada sodir bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, holat qachon, qayerda, kim tomonidan sodir etilgani Samarqand viloyat IIB tomonidan o‘rganilmoqda.
“Natijasi bo‘yicha jamoatchilikka ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Xo‘jaylida ona yosh bolalarini kaltaklab, «bir “oshibka”san, xolos» deb xo‘rlashi aks etgan video tarqalgan, surishtiruvlar davomida voqea 2020-2021 yillarda sodir bo‘lgani aniqlangan va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.