Poklonskaya Rossiya bosh prokuraturasida ish boshladi

Jahon 14:58 / 14.06.2022 20502

Rossiya annexia qilganidan keyin 2014 yil martidan 2016 yilgacha Qrim bosh prokurori bo‘lib ishlagan Poklonskaya endilikda Rossiya bosh prokurorining maslahatchisi lavozimida ishlaydi. Bu haqda prokuror o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

«Do‘stlar, bugundan Rossiya bosh prokurori Igor Krasnovning maslahatchisi lavozimiga tayinlandim. Bilaman, bu borada iliq tilaklar bo‘ladi, barchasi uchun oldindan rahmat.

Endilikda hech qanday ommaviy faoliyat bilan shug‘allanmayman, ijtimoiy sahifalar yuritmayman, faqat Rossiya bosh prokurori tomonidan belgilangan topshiriqlarnigina Rossiya qonunlari doirasida bajaraman. OAV vakillari har qanday izoh uchun Rossiya bosh prokuraturasi axborot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin», deb yozgan Poklonskaya sahifalarida.

Qrim sobiq bosh prokurorini Telegram'da 34 ming, Instagram'da esa 215 mingdan ortiq obunachilar kuzatib boradi. Poklonskayaning bu sahifalari verifikatsiya qilinmagan. Ular hozircha o‘chirilgani ham yo‘q.

2012-14 yillarda Ukraina bosh prokuratasida katta prokuror bo‘lib ishlagan Poklonskaya 2014 yil mart oyida Qrim Rossiya tomonidan egallab olingach, «rus bahori»ning ramzlaridan biri o‘laroq Qrim bosh prokurori etib tayinlangandi. 2016-21 yillarda Rossiya Dumasida deputat bo‘lib ishlagan Poklonskaya ko‘plab qonunlarga qarshi chiqqani bilan nom qozongan.

Rossiyalik jurnalist Katerina Gordeyeva bilan intervyuda Poklonskaya urushga qarshi ekanini yashirmagan, Rossiyada «maxsus harbiy amaliyot» deyish qabul qilingan Ukrainadagi urush masalasida Rossiya rasmiy pozitsiyasiga zid fikrlar bildirishdan qo‘rqmasligini aytgan edi. O‘sha intervyuda o‘zining ukrain millatiga mansub ekani, vatani Ukraina ekanini aytgan Poklonskaya vatandoshlari o‘layotgan bir vaqtda Qrim Rossiyaga o‘tganining 8 yilligini bayram qila olmasligini aytgan. Vaholanki, Rossiya rasmiy vakillari 18 mart kuni «Lujnikida» Putin boshchiligida Qrim Rossiya tarkibiga qo‘shilganining 8 yilligini keng bayram qilgandi.

2022 yil fevraldan buyon «Rossotrudnichestvo» rahbarining o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan prokuror frontga ketgan erini qidirayotgan ayollarning murojaatlarini o‘z sahifasida e’lon qilib Rossiya rasmiylarining tanqidiga uchragandi. Keyinroq Poklonskaya Rossiyada urush ramziga aylangan Z harfini fojia va alamni ifodalashini aytib, yana tanqidlarga uchradi.

Qrim egallanishida ramziy figuralardan bo‘lgan Poklonskaya Rossiya rasmiylari orasida urushga qarshi chiqishlar qilgan kam sonli siyosatchilardan biri hisoblanadi. U o‘z sahifalarida urushni qoralovchi postlar qoldirgan, rossiyalik siyosatchilardan farqli o‘laroq rus propagandasini yoppasiga qo‘llamay, aksincha Ukrainaga gumanitar yordam yuborish ishlarida faol bo‘layotgandi. Poklonskaya ortiq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmasligi, ijtimoiy faoliyat yuritmasligi haqida e’lon qilgani aynan yuqoridagi omillar bilan bog‘lanmoqda.

Ukrainada Poklonskayaga qarshi vatanga xiyonat qilish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Ko‘proq yangiliklar: