Amnesty International: Rossiya Xarkovni kassetali bombalar bilan o‘qqa tutgan 

Jahon 08:32 / 13.06.2022 19300

Xarkovda Rossiya armiyasining kassetali bombalar va boshqarilmaydigan raketalardan foydalangan holda shahar turar joylarini o‘qqa tutishi natijasida yuzlab tinch aholi halok bo‘lgan. Bu haqda Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining 13 iyun, dushanba kuni e’lon qilingan hisobotida aytiladi

Tashkilot xodimlari aprel va may oylarida 14 kun davomida Rossiyaning Xarkovga bergan 41 ta zarbasini o‘rganib chiqdi, buning natijasida 62 kishi halok bo‘lgan, 196 kishi yaralangan. Xarkov harbiy-fuqarolik ma’muriyati tibbiyot bo‘limi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, urush paytida 606 nafar xarkovlik halok bo‘lgan, 1248 nafari yaralangan. 

AI Xarkovda yashovchi 160 nafar kishi, jumladan yaralanganlar, ularning guvohlari, qurbonlarning qarindoshlari, yaralanganlarni davolayotgan shifokorlar bilan suhbatlashdi, portlash joylarida dalillarni to‘plash va tahlil qilish, turli raqamli ma’lumotlar uskunalarini o‘rganish bilan shug‘ullandi. Natijada, AI Rossiya tomonidan shaharga pala-partish zarba berishning kamida 28 ta holatini hujjatlashtirib olgan. 

Xarkovni Rossiya qo‘shinlari tomonidan bombardimon qilish urushning birinchi kuni, 24 fevralda boshlandi. Amnesty International tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, Rossiya armiyasi aholi turar joylarini o‘qqa tutayotganda bir necha bor 9N210/9N235 kassetali o‘q-dorilari, piyodalarga qarshi parchalanuvchi minalardan foydalangan. «Xarkovda odamlar ko‘cha va uylarida, bolalar maydonchalarida, qabristonlarda, gumanitar yordam uchun navbatda turganida, do‘konga ketayotganda halok bo‘ldi», deydi AI’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Janin Ulmannzik. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujumlarda aybdorlar javobgarlikka tortilishi, qurbonlar va jabrlanganlarning yaqinlari tovon puli olishi kerak. 

Xususan, 15 aprel kuni Xarkovning Industrialnaya tumanidagi Mir ko‘chasida kassetali bomba portlashi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi, jumladan, bolalar jarohatlandi. Shifokorlar AI xodimlariga yaralanganlarning tanasidan olingan va 9N210/9N235 tipidagi kassetali o‘qlardan foydalanilganini aniq ko‘rsatuvchi metall zarralarni ko‘rsatdi, deyiladi hisobotda. O‘t ochilgan joydagi bolalar maydonchasida ham huquq himoyachilari ushbu turdagi o‘q-dorilarning parchalarini topdi. 

O‘sha hodisa qurbonlaridan biri 41 yoshli Oksana Litvinenko bo‘lib, o‘sha paytda u 4 yoshli qizi va eri bilan bolalar maydonchasida bo‘lgan. Bomba parchalari uning yelkasi, ko‘kragi va oshqozoniga tegib, o‘pkasi va umurtqa pog‘onasini qattiq shikastlagan. Oksana bir oy reanimatsiyada yotdi. Davolovchi shifokorning so‘zlariga ko‘ra, gapira olishi va yura olishi bo‘yicha prognozlar hali noma’lum. 30 yoshli Veronika Shevchenko qizi bilan 12 mart kuni «Grad» qurilmasidan o‘t ochilgan vaqtda Xarkovning Saltovka tumanidagi uyi yonida joylashgan bolalar maydonchasida bo‘lgan. Veronika oyog‘idan ayrildi.

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda keng qo‘llayotgan «Grad» va «Uragan» boshqarilmaydigan raketalari nishonni aniq olishga qodir emas. Artilleriya snaryadlari ko‘pincha nishondan 100 metrdan ko‘proq chetga chiqadi. Uylar bir-biridan atigi bir necha metr masofada joylashgan turar joylarda bunday raketa va oddiy artilleriyadan foydalanish muqarrar ravishda ko‘plab tinch aholining qurbon bo‘lishiga, fuqarolik infratuzilmasining ommaviy vayron bo‘lishiga olib keladi, deya ta’kidlaydi Amnesty International. 

Kassetali bombalar va piyodalarga qarshi minalar bo‘yicha esa Rossiya ulardan foydalanishni taqiqlovchi xalqaro shartnomalarga qo‘shilmagan. Shunga qaramay, xalqaro gumanitar huquq pala-partish hujumlarni ham, harbiylar bilan birga tinch aholini ham yo‘q qiluvchi qurollardan foydalanishni taqiqlaydi. Tinch aholiga tahdid soluvchi va fuqarolik infratuzilmasini vayron qiluvchi pala-partish o‘q otish harbiy jinoyat hisoblanadi, deya ta’kidlaydi AI. 

Ko‘proq yangiliklar: