Oramizdagi odamlar: Uqubat to‘la hayot poyonidagi yolg‘izlik 

Jamiyat 09:12 / 12.06.2022 29923

Hech kimga farzand dog‘ini solmasin ekan. U o‘g‘lini ko‘p sog‘inadi. Kasalini davolatishga qo‘li kaltalik qilib, uni vaqtida shifokorlarga ko‘rsata olmaganidan hali-hanuz aziyat chekadi... 

80 yoshni qarshilagan Yo‘ldosh otaning bolalagan iti, huvillab qolgan xaroba kulbasi va to‘kilib ketgan tandiridan boshqa hech narsasi yo‘q. Yigit kishi bo‘lishiga qaramay rafiqasining ko‘zi ko‘rmay qolganida bir paytlar xuddi shu tandirda o‘zi non yopar edi.... 

Uylanganiga 5 oy bo‘lgan o‘g‘li Dilmurod 2019 yilda og‘ir xastalikdan olamdan o‘tdi. O‘limidan so‘ng qiz nabira tug‘ilgach, yosh kelin qizini olib boshqa oila qurdi...

Fotima va Zuhra qizlari birin-ketin turmushga chiqib ketishdi. Rafiqasining ko‘zi ko‘rmay qolgach qarov bo‘lmay qolganidan singlisining uyiga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumani Orol qishlog‘ida yashovchi Yo‘ldosh ota Anorboyev shundan beri xaroba hovlida bir o‘zi qolgan. U kunora turmush o‘rtog‘i holidan xabar oladi. Qabristonga borib o‘g‘lining qabrini ziyorat qiladi. Qaytishida 2 ta non sotib oladi. Biri o‘zi, yana biri kuchuk bolalari uchun... 

«O‘g‘limning ismi Dilmurod edi. Qo‘qondagi jinnixonada ancha yotdi. Qo‘lim kaltaligidan davolatish uchun Toshkentga olib bora olmadim. Qarindosh-urug‘ ham kuchi borga oshno bo‘larkan. O‘g‘lim kasallikka chalingandan keyin biz bilan birovning ishi bo‘lmay qoldi.

Ikki qizim bor. Ularni turmushga uzatganman. Birida qiz, yana boshqasida o‘g‘il nevaram bor. Har zamonda ular kelib holimdan xabar olib ketishadi. Yurgan yo‘limda o‘ylanib yuraman. Menga biror kor-hol bo‘lgudek bo‘lsa, birov bilmay qolsa holim ne kechadi deb....

Uyda kam turaman. Yolg‘izlikda ezilib, u yoq-bu yoqqa chiqib ketaman. Fotima-Zuhra qizlarimdan xafa bo‘lmayman. Agar o‘g‘lim tirik bo‘lganida men shunday yurmagan bo‘lardim. Kelinim bo‘lardi. U menga qarardi. Ust-boshimni yuvib berardi. Ovqatimga qarardi. Mening ovqatim bozorda. Bozorga borib quyuqmi-suyuqmi bir kosa ovqat ichvolaman. Yana uyga qaytishimda qornimni to‘qlab, uyga kelib dam olaman. 

O‘zimdan xursand bo‘lib ketaman. Yaxshiyam belimda quvvat borligida shu uyni solib qo‘ygan ekanman. Agar uyim bo‘lmaganida qayerda ham yotardim. Hech kim yolg‘iz qolmasin ekan. Turmush o‘rtog‘imga qaynisinglim qaraydi. Kunora uning holidan xabar olib kelaman. Siz ayolingizga qaragani qiynalib qolasiz, deb olib ketishgan. Rafiqamning ketganiga yaqinda bir yil bo‘ladi. O‘lganning ustiga tepgan deganlaridek, chap ko‘zim ham yaxshi ko‘rmay qoldi. Ko‘chada bir yigit ko‘rib, amaki ko‘zingizda “davleniye” bor ekan, dedi. Men unga shifokorga borganim yo‘q, dedim. Doktorga borsangiz ham hozir otasi bilan onasining narxini aytadi. O‘sha uchun borganim yo‘q. Farg‘ona shahriga borib ko‘rsataman, Xudo xohlasa, niyatim bor.

O‘g‘limni uylab qo‘ygandim. U dunyodan o‘tganidan keyin qizi tug‘ildi. O‘shani ko‘ra olmay ketdi. Shu narsa meni ezdi xolos. Har zamonda o‘zim, agar qizlarim kelib qolsa, ularni nevaramni  ko‘rgani jo‘nataman», – deydi u. 

Qizlari u paytda hali chaqaloq edi.  Uyida yeyishga hech vaqo qolmaganida Yo‘ldosh aka to‘plab qo‘ygan chigit qopini sotib puliga non olib kelaman, deb ko‘chaga chiqqanida mast haydovchi mashinasida urib yuborgan. Baxtsiz hodisa uning sog‘ligiga ta’sir qilmasdan qolmadi. 

«Pop tumanida avariya bo‘lganman. Unda farzandlarim kichkina edi. Uyda yeyishga hech vaqo qolmagan ekan. Chigit qopidan 70 tacha to‘plab qo‘ygan ekanman. Ularni sotib puliga non olib kelmoqchi edim. Popga yetmasimdan yo‘ldagi mashinalardan biri urib yubordi. Haydovchi birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketdi. Anchadan keyin “GAI” keldi. Bir oz muddat o‘tdi-yu, o‘zimga keldim. GAI xodimi urib yuborgan mashina haydovchisini topib keldi. Haydovchi Qo‘qondan ziyofatdan qaytayotgan ekan. 

Mashina urib yuborgan paytda Fotima-Zuhra qizlarim chaqaloq edi. O‘sha paytda xotinimning ko‘zi ko‘rmay qolganidan uy ishlarini o‘zim qilardim. Ham ovqat qilib, ham tandirda o‘zim non yopardim.

Pensiyam hech bo‘lmasa 800 ming so‘m bo‘lganida u yoq-bu yoqqa borib kelgani bo‘laverardi. 500 ming pensiya olardim. 100 ming qo‘shilib endi 600 ming bo‘ldi. Qaysidir kuni yana 70 mingdan qo‘shildi. Pensiyamga ustimga kiyim-bosh olaman. Ovqat olaman. Eplayman», – deydi u.

Yoshi bir joyga borib qolgan Yo‘ldosh ota uyida yolg‘iz qolib, biror kor-holga yo‘liqishdan qo‘rqadi. Yurishga qiynalib, yo‘lni yaxshi ko‘ra olmasa-da, ko‘chaga talpinadi. 

«Hech kimning boshiga yolg‘izlik tushmasin. Yolg‘izlikni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Odam oyoq, ko‘zdan qolmasin ekan. Qiyin bo‘lyapti hozir. Iloji boricha uyda turmayman. Uyda menga biror kor-hol bo‘lib qolishidan qo‘rqaman. O‘lim qosh bilan qovoq o‘rtasida bo‘ladi, degan edi otam rahmatli. Sovuq bo‘lib ko‘chaga chiqishning iloji bo‘lmay qolsagina majbur uyda qolaman.

Qarindosh urug‘larim bor, yo‘q emas. Lekin umuman olganda ular yo‘q hisobi. Enam qo‘qonlik bo‘lgan. Tug‘ilganimdan keyin o‘tib ketgan. Qarindoshim bor. Bo‘lgani bilan baribir ota-ena bor vaqtidagidek bo‘lmas ekan. Xuddi begonaga o‘xshab qolar ekansiz.

Qizlarim o‘zlari nonini topib yeydigan bo‘ldi, deb ularni o‘qitmadim. Onalarining ko‘zi ochiq bo‘lganida edi o‘qisharmidi, deyman. Turmush o‘rtog‘imning ko‘zi qizlarim 1-sinfda o‘qiyotgan paytda ko‘rmay qolgan edi. Xotinim Qo‘qonda davolandi. Lekin foydasi bo‘lmadi. Qo‘lim kaltalik qilib uning ko‘zini davolata olmadim. Uyimda mollarim bor edi. Ularni sotib qizlarimni chiqardim. Qiz chiqarish ham qiyin ekan juda.

Qishlog‘imizga Farg‘ona shahridan shifokorlar kelganida xotinimning ko‘zini ko‘rsatgandim. Tekshirib ko‘rishib, uning ko‘zini davolab bo‘lmasligini aytishdi. I guruh nogironi qilib rasmiylashtirishdi», – deydi u. 

Qahramonimiz qishda o‘tin sotib oladi. Pensiyasidan asrab-avaylab ko‘mir uchun pul ajratadi. 

«Qish faslida kolxozdan o‘tin sotib olib kelaman. Har pensiyadan ozroq ko‘mir olaman. Hamma narsa qimmat hozir. Amal-taqal qilib qishdan chiqib olyapman. Shu bu yildan qariganim rostmana bilindi. Ozgina yursam charchab qolyapman. Oyog‘im og‘rib qolyapti. Yo‘lda ketayotgan bo‘lsam, biror soat o‘tirib dam olmasam yo‘limda davom eta olmayapman.

Bilgan odamga odam qimmat. Bilmaganga bir tiyin. Hamma narsa topiladi, lekin odam topilmaydi. 

Katta nevaram 1-sinfda o‘qiydi. Kichigi esa hali ancha yosh.

Yoshligimda dalada, paxta zavodida, undan keyin sovxozda ishlaganman. Yoz faslida dalada, qishda esa paxta punktda ishlardim», – deydi u. 

Yo‘ldosh ota pensiya pulini arang yetkazadi. Shifersiz tomidan chakki o‘tganidan biror kor-hol bo‘lmasin, deb elektr tokini uzdirib tashlagan.

«Pensiya pulimga ozgina ozginadan qo‘shilib 600 ming so‘m bo‘ldi. Mendan oldin 1 million so‘m pensiya oladiganlar ham pensiyani bermadimi shu paytgacha, deb mendan so‘rashadi. Pensiyani arang yetkazaman. Xudoga ming marta shukr qilaman. Pensiya bo‘lmaganida qanday yashardim?

Yolg‘izlik yomon ekan. Odamni tiriklayin yeb qo‘yar ekan. Ko‘chaga chiqib qornimni to‘yg‘azgach, ikkita non sotib olaman. Bittasi o‘zim uchun, ikkinchisini kuchuklarga beraman. Ertalab turib yana Qo‘qonga otlanaman. Nonushtani Qo‘qonda qilaman. O‘zim yemasam ham itlarga non olib berib yediraman.

Gapirgan gapimni ham esimdan tez chiqarib qo‘yyapman. Biror buyumni qo‘ygan joyimni bilmay qolaman. Bu avtohalokatda olgan jarohatning asoratidan.

U paytda o‘zimni davolatishga sharoit yo‘q edi. Turmush o‘rtog‘im og‘iroyoq edi o‘sha paytda. Solgan imoratim tomiga shifer ham qoqa olmaganman. Yomg‘ir yog‘sa chakki o‘tadi. Shuning uchun biror kor-hol bo‘lmasidan usta olib kelib elektr tokini uzdirib tashladim», – deydi u. 

Qo‘l telefonni ishlatishni bilmaydigan Yo‘ldosh ota xayrlashayotib yaqin kunlarda ko‘zini shifokorlarga ko‘rsatish uchun Farg‘ona shahriga borishi va u yerdan daraklab topib olish istagida bir parcha qog‘ozga ism-familiyamni yozib berishimni so‘radi. 

U bilan Dang‘ara tumani Orol qishlog‘idagi Xobbobo qabristoniga tutash yo‘lda xayrlashdik... 

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: