Yevrokomissiya raisi Kiyevga keldi. U Ukrainaning YeIga a’zolik arizasini muhokama qiladi 

Jahon 17:01 / 11.06.2022 6579

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen 11 iyun, shanba kuni Ukrainaning YeIga kirishi uchun nomzod maqomini olishi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish va prezident Volodimir Zelenskiy hamda bosh vazir Denis Shmigal bilan urushdan keyin mamlakatni qayta tiklash uchun yordam taqdim etish shartlarini muhokama qilish uchun Kiyevga keldi.

«Biz Ukrainani qayta tiklash va Yevropa yo‘lida olg‘a siljishi uchun zarur bo‘lgan birgalikdagi sa’y-harakatlarni sarhisob qilib olamiz, - dedi fon der Lyayyen Ukraina poytaxtiga yetib kelgach. - Bu yaqin kelajakda taqdim etiladigan xulosamizda e’tiborga olinadi».

Yevrokomissiya 17 iyun, juma kuni Ukrainaning Yevropa ittifoqiga nomzod maqomini olishi yoki olmasligi bo‘yicha o‘z xulosasini e’lon qilishi kutilmoqda. Ijobiy qaror qabul qilishning shartiga Kiyevning muayyan sohalarda, xususan, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida islohotlarni amalga oshirish majburiyati aylanadi.

Uchinchi davlatga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berish to‘g‘risidagi qaror Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi kerak. 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida bu masala muhokama qilinishi rejalashtirilgan. 

Ayni paytda Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarda bu masala bo‘yicha birdamlik yo‘q. 9 iyun kuni Bloomberg agentligi manbalarga tayanib, Daniya va Niderlandiya Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomi berilishiga qarshi ekanini ma’lum qildi. Xususan, Kopenhagen Ukraina demokratik boshqaruv, qonun ustuvorligi, inson huquqlariga hurmatni kafolatlovchi institutlar barqarorligi bilan bog‘liq barcha mezonlarga javob berishiga ishonmayapti, deya tushuntirdi agentlik. 

Shu bilan birga, nomzod davlat maqomini olish Yevropa ittifoqiga a’zolikni berish bo‘yicha ijobiy qarorni oldindan belgilamaydi va hech qanday aniq muddat bilan bog‘liq emas. Jumladan, Turkiya bu maqomni 1999 yilda olgan. Ukraina Rossiya harbiy harakatlari boshlanishidan ko‘p o‘tmay Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. 

Ko‘proq yangiliklar: