Rossiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga saylana olmadi 

Jahon 08:00 / 11.06.2022 9777

Rossiya Birlashgan millatlar tashkilotining Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi - BMTning oltita asosiy organidan biriga a’zo sifatida yangi muddatga saylana olmadi. 10 iyun, juma kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan besh tur ovoz berishdan so‘ng Rossiya BMT bosh assambleyasiga a’zo davlatlarning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashga saylanish uchun zarur bo‘lgan uchdan ikki qismining ovozini ololmadi.

Birinchi turda Rossiya 118 ta ovoz oldi - saylanish uchun zarur bo‘lgandan 10 ta kam. Shu bois u Sharqiy Yevropa mintaqasida kutilmaganda Rossiyadan keyin ikkinchi natijani ko‘rsatgan Shimoliy Makedoniya bilan birga ikkinchi bosqichga chiqdi. Keyingi turlarda na Rossiya, na Shimoliy Makedoniya kerakli miqdordagi ovozlarni to‘play olmadi. Dpa agentligining nomi oshkor etilmagan diplomatlarga tayanib yozishicha, Rossiyaning muvaffaqiyatsizlikka uchragani AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlarining Ukrainadagi harbiy harakatlarni qoralovchi kelishilgan pozitsiyasi bilan bog‘lanmoqda. 

10 iyun kuni Iqtisodiy va ijtimoiy kengashning 18 ta yangi a’zosini saylash rejalashtirilgan edi. Qolgan 17 nomzodning saylovi muvaffaqiyatli o‘tdi. Oxirgi, 18-a’zoni tanlash uchun ovoz berish sanasi keyinroq ma’lum qilinadi. 

Iqtisodiy va ijtimoiy kengash BMT va uning ixtisoslashgan muassasalarining iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorligini muvofiqlashtiradi. U 54 ta davlat vakillaridan iborat bo‘lib, sayyoraning har bir mintaqasiga ma’lum miqdordagi o‘rinlar ajratilgan: masalan, Afrika – 14 ta, Sharqiy Yevropa – 6 ta. Har bir davlat BMT bosh assambleyasi tomonidan kengashga uch yillik muddatga saylanadi. Hozirda Rossiya Iqtisodiy va ijtimoiy kengash a’zosi, ammo uning vakolatlari joriy yil dekabr oyida tugaydi.

Ko‘proq yangiliklar: