Kiyev: Ukraina artilleriya bo‘yicha Rossiyaga yutqazyapti 

Jahon 12:03 / 11.06.2022 19572

Ukraina artilleriya snaryadlariga juda muhtoj, frontdagi vaziyat esa Kiyevga g‘arb qurollari yetkazib berilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Skibitskiy 10 iyun, juma kuni Britaniyaning The Guardian gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

«Bu artilleriya urushi», — dedi u va bugun front chizig‘i kelajakni belgilab beradigan joyda ekanligini qo‘shimcha qildi. «Artilleriya bo‘yicha biz mag‘lubiyatga uchrayapmiz», dedi Skibitskiy. 

«Endi hamma narsa G‘arb bizga nima berishiga bog‘liq, — dedi u intervyuda. —  Ukrainada Rossiyaning 10-15 artilleriya qurilmasiga bitta artilleriya uskunasi to‘g‘ri kelmoqda. G‘arbiy sheriklarimiz bizga ularda bo‘lgan narsaning qariyb 10 foizini beryapti». 

Skibitskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari kuniga 5-6 mingta artilleriya snaryadini ishlatmoqda. «Biz artilleriyaga mo‘ljallangan deyarli barcha o‘q-dorilarimizni tugatdik va hozir NATO standarti bo‘yicha 155 kalibrli snaryadlardan foydalanmoqdamiz», — deya davom etdi Ukraina harbiy razvedkasi rahbari o‘rinbosari. «Yevropa ham kichikroq kalibrli snaryadlarni yetkazib beryapti, biroq ular tugagani sari soni ham kamayib boryapti», — dedi u. 

Shu bilan birga, Skibitskiy G‘arb Rossiya artilleriyasini uzoq masofadan yo‘q qilish uchun Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi raketa tizimlari bilan ta’minlashi zarurligini ham ta’kidladi.

Avvalroq, iyun oyi boshida Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich The Guardian gazetasiga bergan intervyusida Ukrainaga Rossiyadan ustunlikka ega bo‘lish uchun 60 ta yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi kerakligi haqida aytgan edi. Bu raqam Buyuk Britaniya va AQSh Kiyevni ta’minlashga va’da berganidan ancha ko‘p. 

Ko‘proq yangiliklar: