May oyida so‘mning real almashuv kursi yana 1,8 foizga qadrsizlandi

Iqtisodiyot 08:17 / 10.06.2022 22272

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, may oyida real samarali almashuv kursi qadrsizlanishi asosan savdo-hamkor davlatlardagi yuqori inflatsiya darajasi hamda valuta kurslaridagi turli yo‘nalishdagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi. 

May oyidagi real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasida:

oshiruvchi omillar: ichki inflatsiya – 1 foiz band, so‘m almashuv kursi – 1,7 foiz bandni; 

pasaytiruvchi omil: savdo-hamkor davlatlar inflatsiyasi – 1 foiz bandni, savdo-hamkor davlatlar valuta kurslari o‘zgarishi – 3,6 foiz bandni tashkil etdi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlarning valutalari kursi may oyi davomida AQSh dollariga nisbatan turlicha dinamikani namoyon etdi: 

Rossiya rubli may oyida 19 foizga mustahkamlandi. 27 may kuni Rossiya Markaziy banki asosiy foiz stavkasini 14 foizdan 11 foizgacha pasaytirdi;

Qozog‘iston tengesi ham aprel oyida 5 foizga mustahkamlandi. Bu asosan xorijiy valutaga bo‘lgan talab stabillashgani hamda Rossiya rubli mustahkamlanishi bilan izohlanadi;

turk lirasi esa mazkur oy davomida 6 foizga qadrsizlandi. Inflatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolayotganligi hamda neft mahsulotlarning qimmatlashishi Turkiya pul birligiga salbiy bosim o‘tkazmoqda;

may oyida Xitoy yuani 4 foizga qadrsizlandi. Mazkur oyda ham pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarning saqlanib qolishi sababli Xitoyda iqtisodiy faollik past darajada saqlanib qolmoqda.

2022 yil may oyida asosiy savdo-hamkor davlatlarning deyarli barchasida inflatsiya ko‘rsatkichi o‘sishda davom etgan: 

Rossiyada oylik inflatsiya o‘tgan oyiga nisbatan sekinlashib, 0,17 foiz (yillik hisobda 17 foiz) atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Meva va sabzavotlar bozorida narxlar mavsumiy pasayishi, qurilish materiallari narxlariga bosim saqlanib qolayotgani oylik inflatsiya dinamikasiga asosiy hissa qo‘shdi;

Qozog‘istonda oylik inflatsiya 1,4 foizni tashkil etib, yillik hisobda 14 foizga yetdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda 19 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 11,9 foiz hamda xizmatlar narxlari 9,1 foizga o‘sdi; 

Turkiyada oylik inflatsiya qariyb 3 foizga yuqorilab, yillik hisobda 73,5 foizgacha o‘sdi. Narxlar o‘sishiga, asosan, yoqilg‘i hamda import mahsulotlari katta hissa qo‘shgan. Mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi oylik hisobda 8,8 foizga o‘sib, yillik 132,2 foizga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: