Sirdaryoda pora evaziga tadbirkorning elektrdan bo‘lgan qarzini o‘chirmoqchi bo‘lgan mansabdor ushlandi

Jamiyat 18:17 / 09.06.2022 16199

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi DXX Guliston shahar bo‘limi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, Sayxunobod tumani Elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘.N. “S.X.” MChJga qarashli oshxonada o‘tkazilgan tekshirishda aniqlangan 21 million so‘m zararni bazaga kiritmaslik evaziga MChJ rahbari Sh.dan 7 million so‘m pora talab qilib, shundan 1 million so‘mini qo‘lga kiritib, qolgan 6 million so‘mini Sayxunobod tuman ETK ma’muriy binosida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, G‘.N. muqaddam Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan sudlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Pora va tamagirlik evaziga turli korxonalarning katta miqdordagi qarzlarini bazaga kiritmaslik yoki bazadan o‘chirib berish holati sohada urchigan illatlardan biri hisoblanadi.

Avvalroq, Sirdaryo tumani Elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi tadbirkorning elektrdan bo‘lgan 5 million so‘m qarzini tanishlari orqali yo‘q qilib berish evaziga 2,5 million so‘m olayotganda ushlangandi

Yana bir holatda Guliston tumanida, MChJlardan biriga hisoblangan 64 million so‘m qarzdorlikni o‘chirib berish evaziga 3 million so‘m olgan tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi ushlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: