“Avvalo, bu ishda menga Jahongir akaning (Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev nazarda tutilmoqda – tahr.) oilasi o‘z misolida ibrat bo‘lgan. Ularda ham shunday – bir qizni asrab olib, o‘qitib, o‘stirib, chiroyli qilib uzatishdi.
Nigora kelinoyim (Ortiqxo‘jayevning turmush o‘rtog‘i – tahr.) – hech kimga bildirmasdan juda ko‘p ehson qilib yuradigan nihoyatda yaxshi ayol. Menimcha, Jahongir akaning “Jahongir aka” bo‘lishida ham kelinoyimning xizmatlari katta.
Shu ayol bir kuni menga mehribonlik uyidagi bolalarni ruhlantirish uchun ular bilan suhbat qilib kelishni taklif qildi. Bolalarim bilan shu suhbatda tanishganman. Ular bilan aloqa o‘rnatganman va vaqti-soati kelib, ular farzandlarimga aylandi. Bularga Nigora kelinoyim sababchi bo‘lgan.
Shaxsiy hayotimda nima o‘zgardi? Avvalo xursandchilik. Bu – kuch ham. Ishdan charchab boraman, bunday paytda asablar uchiga chiqqan bo‘ladi. Ularni ko‘rib...
Ular bilan katta stol atrofida ovqatlanganda, yugurib kelib, meni “adajon”, deya quchoqlaganda, hamma charchoqlarim chiqib ketadi.
Shu bilan birga yashash tarzimda ham tabiiyki o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu nima degani? Deylik, avval do‘stlarim bilan ko‘proq o‘tirolishim mumkin edi. Hozir bunday yig‘inlar keskin kamayib ketdi. Hozir bolalarga ko‘proq e’tibor berishim kerak. Ularga e’tibor kerak. Avval chet elga chiqsak, 7-8 kishi tezda chiqib ketaverardik. Bu osonroq edi. Hozir 16-17 kishi bo‘lib ketdik. Endi chet elga chiqishimiz kamaydi.
Bitta narsani olayotganimda, yo‘q, bunisini olaqolay, deya o‘zimni qisish, ortiqcha xarajatlardan tiyishim ko‘paydi. Uxlash kamroq bo‘lyapti.
Yana bir misol, avvallari ayolim bilan do‘konlarga kirsak, 3-4 nafar bolaga kiyim olish osonroq edi. Yaqinda ayolim bir do‘konga kirib ketdi. Ikki soatdan keyin qaytib chiqdi. Baraka topsin, qarasam, katta sumkada 14 bolamizga kiyim-kechaklar olib chiqibdi.
O‘zingizga oldingizmi, desam, keyinroq olarmiz, dedi. Bunga ham tayyor turish kerak. Lekin bunda ichki baxt hissi juda katta”, – dedi Murod Nazarov.
U shuningdek, sayt muxbirining buni boshqalarga ham tavsiya qilasizmi, deya bergan savoliga “yo‘q” deb javob berdi. U bu javobini shunday qo‘shimchalar bilan izohladi:
“Targ‘ib qilishga ham, tavsiya qilishga ham shoshmayman. Bola asrab olganimni eshitgan yana o‘nlab odamlar bizga ham yordam ber, deya so‘radi. Lekin ularning ba’zilariga yordam berdim, ba’zilariga esa yo‘q.
Bir narsani aytish kerak, bizdagi mehribonlik uylarida bolalarni sharoiti qoniqarli darajada. A’lo emasdir lekin yomon ham emas. Bolalarni qorni to‘q, egni but. Ular davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan qarovga olingan. Qolaversa, xalqimiz g‘amxo‘r, diniy qadriyatlarimiz ham yetimni boshini silashni buyuradi.
Ba’zi odamlar bolalarni o‘z qaramog‘iga oladi, lekin ularning ayrimlarida hali oilaviy uyg‘unlik, tinchlik yo‘q. Ular bu bilan bolani battar stressga tushirib qo‘yadi.
Shuning uchun, bunga avvalo oila tayyor bo‘lishi kerak. Oila shuningdek, to‘la-to‘kis baxtli bo‘lsa, ota-ona nafaqat puli, mehrini ham o‘z bolalaridan orttira olaman, deya ishonsa, unda qilsin. Bunga targ‘ib qilaman. Shoshishmasin.
Men ham ataylab to‘qqizta farzand olmadim, bu – Xudoning taqdiri. Eshitishimcha, hozir mehribonlik uylaridan olingan bolalarning yarmidan ko‘pi yana o‘sha yerga qaytib boradi. Bu bola uchun qanday stressligini bilasizmi? Birinchi stress bolani o‘sha joyga tashlab ketishgani bo‘lsa, ikkinchisi – ketib, yana qaytib kelish. Bu uning uchun butun umrlik jaroxat degani. Shoshish kerak emas. Shuning uchun ham odamlarni bu ishga targ‘ib qilishga shoshmayman”.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.