“Yaponiyadagi tutingan dadam soliq to‘lashning ahamiyatini tushuntirgan” - Tokioda Murod Nazarov bilan suhbat

Jamiyat 19:38 / 04.07.2024 18253

Kun.uz'ning Yaponiyaga ijodiy safari tadbirkor Murod Nazarovning ko‘magi bilan amalga oshgan edi. U safar davomidagi suhbatimizda Yaponiyada o‘tgan baxtli talabalik yillari, bu xalqdan nimalarni o‘rgangani, tutingan yapon ota-onasi haqida so‘zlab berdi.

Yaponiya siz uchun nima?

– Yaponiya men uchun sifat, insonga bo‘lgan hurmat, chiroyli tabiat, yuqori texnologiyalar va birdamlik. Murod Nazarovning shakllanishida Yaponiyaning o‘rni juda ham katta. Yaponiyaning eng qimmatli narsasi – uning xalqi, ularning odobi, xulqi, madaniyati.

Yaponiyaning siri nimada?

– Vataniga, tarixiga nisbatan juda fidoyi ular. Har bir shaxs o‘zini Yaponiyaning bir parchasi deb biladi. Biz kuzatadigan holat: futbol o‘yinlaridan keyin yapon tomoshabinlari o‘tirgan joyini tozalab ketadi. “Men Yaponiyaning bir parchasiman, menga qarab baho berishadi”, degan tafakkurda yashashadi.

Ularga biror nimani o‘rgatsangiz, puxta bilib olmaguncha savol berishni to‘xtatishmaydi. Javobini topgach, ilmiy yondashib ishni puxta bajarishga harakat qilishadi. Fukushimada (Yaponiyadagi shahar – tahr.) zilzila bo‘lib, atom reaktori portlaganda uni o‘chirish kerak edi. Ustidan vertolyot uchirish kerak bo‘ldi. Ammo vertolyot erib ketishi aytildi, uchuvchisi bilan birga albatta. Shunda minglab ko‘ngillilar shu ishni qilishga tayyorligini bildirdi.

Yaponiyada o‘qituvchi

– Yaponiyada o‘qituvchini «sensey» deb chaqirishadi, juda ham hurmati baland insonlar hisoblanadi. O‘qituvchilar ham o‘zini boshqacha tutadi, g‘o‘ddayibroq, bu ularga yarashadi ham. Talabalik paytimizda o‘qituvchilar xuddi o‘zining farzandiga gapirgandek maslahatlar berishardi, talabalar ham shuni yaxshi qabul qiladi. Yaponiyadagi talabalik paytlarim umrimning eng go‘zal paytlari bo‘ldi.

Yaponiya qanday oyoqqa turgan?

– Katta bosim, qiyinchilikdan so‘ng katta ichki kuch uyg‘onadi. Ikkinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchragandan keyin yaponlar katta ichki mafkurasini, g‘oyasini ishga soldi. Ichki ruhiy portlash hisobiga yaponlar kuchaygan. Ruhiyat birinchi o‘rinda turadi baribir, ruhiyat kuchli bo‘lmasa, bilimlar foyda bermaydi. Yapon xalqida aynan shu ruhiy ko‘tarilish paydo bo‘lgan.

Yaponiyadagi tutingan ota-onangiz haqida aytib o‘tsangiz.

– Yaponiyada (tutingan) ota-onam bor. Yapon oilasida yashaganim uchun ularning munosabatlaridan ham ko‘p narsa o‘rganganman. Masalan, yapon otam ayolini eshitadi. Ayol kishini eshitish kerakligini u kishidan o‘rganganman. Shu sabab men ham doim ayolimni eshitaman.

Xayashi Tsuneko va Xayashi Yotaro
Xayashi Tsuneko va Murod Nazarov

Yana bir o‘rganganimni aytib beray. Yosh edim. O‘zbekistonda uylar arzon payti edi. Yapon otamga “50, 60, balki 100ta uy olib qo‘yaylik, har biri 1-1,5 ming dollardan”, dedim. U kishi “nima qilamiz bu uylarni” deb so‘radilar. “Qimmat bo‘lganda sotamiz” dedim. U kishi “uy narxi oshguncha soliqlarini, kommunal to‘lovlarini to‘lash kerak-ku” dedilar. Soliqni ham gaplashsa bo‘lishini, xisoblagichlarni esa orqaga qaytarsa bo‘lishini aytdim. Chunki Toshkentda ko‘plar shunaqa qilishardi. Men esa yosh edim...

Shunda yapon otam bunaqa davlatga, bunaqa jamiyatga ishonmasligini, soliq to‘lanmaydigan joyda rivojlanish bo‘lmasligini aytdi. “Yo‘llar, kasalxona, maktablar qanday quriladi?”, dedi. Shu gaplari qattiq ta’sir qilgan menga. Odamlar kompaniyamni yaxshi uylar quradi, deydi. Lekin men kompaniyam quruvchi kompaniyalar orasida eng ko‘p soliq to‘lovchilardan ekani bilan ko‘proq faxrlanaman.

Yaponiyadan o‘rganganlarimdan biri shuki, soliq to‘lash – sharaf. Shu soliqlar hisobidan maosh va nafaqalar beriladi. Buni yapon otam o‘rgatdi.

Yapon tilini o‘rganish qiyinmi?

– Yapon tili bo‘yicha 19 yoshimda O‘zbekiston birinchiligini olganman, 20 yoshimda Markaziy Osiyo talabalari ichida notiqlik san’ati bo‘yicha birinchi o‘rinni olganman. Yaponiyaga birinchi kelganimda men bilan yaponcha gaplashgan odam mening yapon emasligimni darrov sezmasdi. Yapon tili oson, o‘zbek tiliga o‘xshab, Oltoy tillar oilasiga kiradi.

Hozir Yaponiyada 3,5 mingta o‘zbekistonlik yoshlar ishlab, o‘qib yuribdi, degan ma’lumotlarni ko‘rib xursand bo‘ldim. Kimdir bu yerdan ilm olib ketadi, kimdir pul olib ketadi. Bundan tashqari, tabiiyki, dunyoqarashlari o‘zgaradi, inson qadrini ko‘rishadi. Yapon xalqi qizg‘anmaydi, biladiganini o‘rgatadi.

Men Yaponiyada oliygohda olgan bilimlarimdan ko‘ra shu yerdagi insonlardan olgan narsalarim ko‘proq yordam beradi menga. Hech qachon eskirmaydigan bilimlar bor, shularni ko‘proq orttirish kerak. O‘qing, ishlang, lekin do‘st orttiring, ko‘proq narsa o‘rganing.

Murod Nazarov bilan yo‘l-yo‘lakay suhbatdan iqtiboslar

“Yaponiyada narxlar o‘zgarmaydi, 23 yildan beri o‘sha-o‘sha narxlar, bor-yo‘g‘i 5 foizga oshdi. 23 yil oldin o‘qiganman Yaponiyada. O‘sha paytda stipendiyamni iqtisod qilib, pul yig‘ib, Toshkentga qaytganimda Nexia olganman”.

“Oldin kelganimizda o‘zbekistonlik deb bizni yaxshi ko‘rishardi. Yaqinda yapon tanishlarim bilan gaplashsam, afsuski, O‘zbekistondan har xil odamlar kelyapti, deyishyapti. Ko‘paysa mayli, lekin yaxshimaslari ham kelishyapti, deyishdi. Shu tomondan uyaltirib qo‘yishyapti, o‘g‘irlik qilganlar, tegajog‘lik qilayotganlar bor ekan”.

“Ko‘chalarda axlat tashlanganini ko‘rish mumkin hozirda, hammasini chet elliklar tashlagan, yapon hech qachon ko‘chaga axlat tashlamaydi, shuncha yil yashab birorta yaponning ko‘chaga axlat tashlaganini ko‘rmaganman.

Ko‘chada ham axlatdonlar yo‘q. O‘tgan yili kelganimda 10 kilometrcha yurib qo‘limdagi konfet paketini tashlash uchun axlatdon topolmadim. So‘rasam, esingdan chiqdimi, axlatni o‘zing bilan olib, uyingda tashlashing kerak-ku, deyishdi tanishlarim”.

“O‘zbekistondan anor, turli chaq-chuqlar olib keldim yaqinda. Anorni olib qo‘yishdi aeroportda. Chiroyli qilib tushuntirishdi: buning ichida qandaydir qurt-qumursqa bo‘lib, Yaponiyada tarqalsa, ekologiyaga ta’sir qiladi, shu sabab olib qolyapmiz, deyishdi. To‘g‘ri tushunganing uchun rahmat deb uzr ham so‘rashdi. O‘zi xatoni men qilganman”.

“Yapon jamiyati odamni tarbiyalab qo‘yadi. Bu yerda jamiyatning odob-axloq me’yorlaridan tashqarida bo‘lib qolish, jamiyatda hurmatni yo‘qotish – o‘lim bilan barobar desa ham bo‘ladi.

Bir marta yapon otam bilan mashinada ketayotuvdik, bir odam yo‘ldan yugurib o‘tib ketdi, shunda otam tormoz bosib, qo‘rqib juda ketdi. Men “ u o‘zi noto‘g‘ri joydan o‘tdi-ku”, desam, yo‘q, farqi yo‘q, sen odam urib yuborsang, baribir aybdorsan, yo‘l birinchi navbatda odamlar uchun, mashinalar uchun emas, men odam urib yuborsam, jamiyatdagi o‘rnimni yo‘qotaman, tugaydi bari, degan gapni aytgan”.

Shokir Sharipov va
Dilafruz Ikromova tayyorlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: