Ukraina AQShdan uzoqqa otuvchi raketa tizimlari olmoqda: ular nimani o‘zgartirishi mumkin?

Jahon 22:26 / 02.06.2022 36283

AQSh Ukrainaga HIMARS baravar o‘t ochuvchi raketa tizimlarini yuboradigan bo‘ldi, bu aniqlik va uzoq masofaga zarba berish borasida Rossiya armiyasi tomonidan Ukrainada qo‘llanayotgan texnikalarning ko‘p qismidan ustunlik qiladi. Ammo Bayden ma’muriyati Ukraina qurolli kuchlari bu tizimlarni Rossiya hududidagi nishonlarga nisbatan qo‘llamasligini xohlamoqda.

HIMARS baravar o‘t ochish tizimi uchun standart o‘q-dori to‘plami oltita reaktiv snaryad yoki bitta operativ-taktik raketadan iborat bo‘lishi mumkin

Ukraina anchadan buyon bunday tizimlarni so‘rab kelayotgandi

Ukraina hukumati va harbiy ekspertlar Amerikaning baravar o‘t ochish tizimlari Kiyevga yetkazib berilishi Donbassda ukrain armiyasi Rossiya kuchlariga qarshi olib borayotgan urushda burilish yasashi mumkin deb hisoblaydi.

Frontdagi so‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, Rossiya sekinlik bilan bo‘lsa-da, Donetsk va Lugansk oblastlaridagi yangi hududlarni egallab kelmoqda, bu aynan og‘ir texnika va artilleriya tizimlari borasidagi ustunlik evaziga bo‘lmoqda. Ukraina hukumatidagilar fikricha, vaziyatni mamlakat qurolli kuchlari Rossiyaning front ortidagi va oldingi chiziqdagi pozitsiyalariga yoppasiga zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lishi o‘zgartirishi mumkin.

Buning uchun ukrainlar AQShdan M142 HIMARS va M270 MLRS tizimlarini so‘rab keladi. Bu qurollar Kiyev G‘arb davlatlari yetkazib berishini istagan qurollar ro‘yxati boshida turadi. 21 may kuni, «Ramshtayn-2» kontakt guruhi a’zolarining mudofaa vazirlari ishtirokidagi onlayn muzokaralar arafasida chiqish qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham shu haqda gapirgandi.

«Menda hech qanday sir yo‘q. Biz barcha davlatlarga MLRS tizimlari yetkazib berishni so‘rab murojaat qilganmiz, ular yordamida Ukraina tashabbusni qo‘lga olishi va o‘z hududlarini ozod qila boshlashi mumkin», degandi u. Ammo 40 dan ortiq mamlakat vazirlari ishtirokidagi o‘sha uchrashuvda bunday tizimlarni yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilinmagandi.

Amerika ma’muriyati bunday qurollarni yetkazib berishga ikkilanayotgani haqida 18 may kuni Politico nashri yozib chiqqandi. Nashrning AQSh prezidenti ma’muriyatidagi anonim manbasi Vashington Kiyevga kam miqdorda shunday qudratli tizimlarni berishdan ko‘ra, ularga ko‘p miqdorda M777 gaubitsalari va ular uchun snaryadlar yetkazib berishni ma’qul ko‘rayotganini aytgandi.

Ammo 27 may kuni Reuters manbasi amerikaliklar bunday kuchli qurollarga ega bo‘lgan ukrainlar Rossiya hududiga zarba berishni boshlashini istamasligi, shu bilan birga Ukrainaga shart qo‘ymoqchi emasligini aytib chiqdi. 

So‘nggi hafta davomida Amerika matbuoti Vashington bu borada yakuniy qarorga yaqinlashayotgani haqida yozib keldi.

30 may kuni prezident Jo Bayden jurnalistlardan birining savoliga javob berish asnosida AQSh hukumati snaryadlari Rossiya hududiga borib yetishi mumkin bo‘lgan baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini yetkazib bermasligini aytdi.

Vashington vaqti bilan 31 may kuni kechqurun esa Bayden New York Times nashridagi kolonkasida e’lon qilgan maqolasida avvalroq AQSh Ukrainaga «Rossiyagacha yetib bora oladigan» raketalarni bermasligi haqida aytgan so‘zlarini izohladi. Baydenning yozishicha, uning qarori bilan Ukraina qurolli kuchlariga «Ukrainadagi jang maydonidagi muhim nishonlarga aniqroq zarba berishga imkon beruvchi nisbatan yuqori texnologik raketa tizimlari» beriladi.

Bayden yana nimalar dedi?

Baydenning kolonkasidan boshqa muhim gaplar:

«AQShning maqsadi oddiy. Biz demokratik, mustaqil, suveren va farovon, kelgusidagi tajovuzlardan ham o‘zini himoya qila oladigan Ukrainani ko‘rishni istaymiz. [...] Shuning uchun men ukrainlarga nisbatan takomillashgan, jang maydonidagi muhim nishonlarga aniqroq zarba bera oluvchi raketa tizimlari yetkazib berishimiz bo‘yicha qaror qabul qildim».

«Ushbu inqiroz davomida mening prinsip Ukraina bo‘yicha Ukrainaning o‘zi ishtirokisiz qaror qabul qilmaslik bo‘lmoqda. Men ukrain hukumatiga ochiqchasiga ham, yopiq muzokaralarda ham, hududiy yon berishga undash bo‘yicha hech qanday bosim o‘tkazmayman».

«Men bilamanki, dunyoda ko‘pchilik yadro quroli qo‘llanishi ehtimolidan xavotir olmoqda. Vaqti-vaqti bilan yadro tayoqchasini ko‘tarib turishning o‘zi xavfli va mutlaqo mas’uliyatsizlik bo‘lsa-da, hozirda biz Rossiya uni Ukrainada qo‘llashi mumkinligi belgilarini ko‘rmayapmiz. Men aniq qilib aytmoqchiman: yadro qurolining har qanaqasiga qo‘llanishi biz uchun ham, dunyoning qolgan qismi ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va og‘ir oqibatlarga olib keluvchi harakatdir».

«Biz NATO va Rossiya o‘rtasida urush chiqishini istamaymiz. Men janob Putinning fikrlariga qanchalik qo‘shilmasam va uning harakatlari menga qanchalik yovvoyilik bo‘lib tuyulmasin, AQSh Moskvadagi rejim ag‘darilishiga erishmoqchi emas. AQSh yoki uning ittifoqchilari hujumga uchramas ekan, biz bu mojaroda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmaymiz, amerikalik askarlarni Ukrainaga jang qilish uchun yubormaymiz, rossiyalik kuchlarga hujum qilmaymiz».

«Vladimir Putin bizdan bu darajadagi birdamlikni kutmagandi. U xatoga yo‘l qo‘ydi. Agar u keyingi oylarda biz pozitsiyamizni o‘zgartirishimiz yoki bizning saflarimizda bo‘linish ro‘y berishini kutayotgan bo‘lsa - u yana xato qilmoqda».

Sovetlar artilleriyasiga qarshi

Prezident kolonkasidan keyin jahondagi yetakchi nashrlarga izoh bera boshlagan AQSh hukumatidagi anonim manbalar Ukrainaga o‘rta masofaga harakatlanuvchi raketalar o‘rnatilgan kam sonli mashinalar berilishi haqida aytishdi.

Gap 70 km masofadagi nishonga yeta oluvchi snaryadlarga ega bo‘lgan HIMARS baravar o‘t ochuvchi raketa tizimlari haqida ketmoqda. Taxmin qilinishicha, bunday mashinalar GMLRS raketalari bilan ta’minlanadi. «Frans press» manbasi bu raketaning zarba berish masofasi 80 kilometrgacha yetishini aytgan.

1 iyun kuni Vashingtonda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevdan kafolat olingani: qurol Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun qo‘llanmasligini ma’lum qildi.

HIMARS tizimlari, AQSh hukumati hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlariga rossiyaliklar artilleriyasini nishonga olishda qo‘l keladi, shahar sharoitida, masalan, Severodonetskda, raketalarni jonli kuchlarga aniq zarba berishda ham qo‘llash mumkin.

HIMARS raketa tizimlari Ukrainaga 700 mln dollarlik yordam paketining bir qismi hisoblanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShning Ukraina uchun navbatdagi harbiy yordam paketi Mi-17 rusumli to‘rt vertolyot va to‘rtta HIMARS baravar o‘t ochish tizimlarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Ukrainaga ming dona Javelin tankka qarshi raketa majmualari, boshqa turdagi 6 ming dona tankka qarshi qurollar, 155 mm kalibrli 15 ming dona snaryadlar yetkazib beriladi.

M270 MLRS va M142 HIMARS baravar o‘t ochish tizimlari - yaqin «qarindoshlar» hisoblanadi. Ular, avvalo shassisi bilan farqlanadi. MLRS’da ikkita uchirish konteyneri gusenitsali shassiga o‘rnatilgan, HIMARS’da esa bunday blok bitta va u olti g‘ildirakli yuk mashinasida joylashgan.

MLRS o‘tgan asrning 70-yillarida ishlab chiqilgan, 1983 yildan armiyada qo‘llana boshlangan, o‘tgan vaqt mobaynida bir necha bor modernizatsiya qilingan. HIMARS 1990-yillar oxirida paydo bo‘lgan va raketa uchirish qurilmalarining nisbatan mobil va yengil versiyasi hisoblanadi.

Avvaliga bu jangovar tizimlar muhim nishonlarga maksimal darajada qisqa vaqt ichida kuchli zarba berish uchun yaratilgandi. Bunday baravar o‘t ochish tizimlarining vazifalaridan biri - batareyalarga qarshi kurash hisoblanadi, bunda aniqlik, mobillik va harakatlanish masofasi muhimdir.

Uzoqqa uchuvchi raketalar

MLRS’ni ishlab chiqishda sovetlarning «Grad» tizimlari va stvolli artilleriyalarining xususiyatlari hisobga olingan.

Shunga ko‘ra, raketalarning uchish masofasi sovetlar artilleriyasinikidan yuqoriroq.

MLRS xuddi HIMARS kabi snaryadlarning uch turidan foydalanishi mumkin. Birinchisi - maksimal masofasi 32 kilometrga teng bo‘lgan M26 raketasi, uning modifikatsiyasi M26A1 esa 45 kilometrgacha yetib bora oladi. Uchirish konteyneriga oltita shunday raketa joylashishi mumkin.

Ikkinchi snaryad - uchish masofasi 70 kilometrga yetuvchi GMLRS boshqariluvchi raketa. Nihoyat, olti raketali konteynerga bloklardan biriga bitta ATACMS taktik raketasini o‘rnatish mumkin, uning yetib borish masofasi 300 kilometrni tashkil etadi. Bu so‘nggi tipdagi snaryad bo‘lib, Ukrainaga bunaqasi yetkazib berilmaydi.

HIMARS olti g‘ildirakli yuk mashinasida tezda yashiringan joyidan o‘q otish pozitsiyasiga yetib kelishi va raketalarni uchirib, qayta o‘qlash uchun ortga qaytishi mumkin. Bunday holatda raqibda uning joylashuvini aniqlash va nishonni belgilab, javob zarbasini berish uchun yetarli vaqt bo‘lmaydi.

MLRS’ni qayta o‘qlash uchun ham juda kam vaqt talab etiladi. Foto: AFP

Baravar o‘t ochish tizimlarini janglarda qo‘llashni boshlashga ikki hafta ketadi - bu muddat ichida ukrain artilleriyachilari ulardan foydalanishni o‘rganishi kerak.

Amerikaning HIMARS tizimlari allaqachon Yevropa mamlakatlarida qo‘llanadi, xususan, bunday tizimlar Polsha va Ruminiya armiyalari ixtiyorida mavjud.

Ukrainaning o‘zida nimalar bor?

Ukraina qurolli kuchlarida sovetlar davriga mansub va ukrainlarning o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan raketa uchirish qurilmalaridan qancha qolgani aniq ma’lum emas. Shuningdek, bu tizimlar uchun qancha raketa borligi ham noma’lum. Harbiy harakatlar vaqtida o‘q-dorilar sarflanishi hajmi juda yuqori, ishlab chiqarish esa qiyinlashadi.

Military Balance ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarida 2021 yilda 200 ga yaqin «Grad» tizimlari bo‘lgan.  Urush boshlangach, Ukrainaga Chexiya va Polsha tomonidan yana o‘nlab tizimlar yetkazib berildi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlarida ukrainlar tomonidan sovet qurollari asosida ishlab chiqilgan «Verba» tizimlari ham bor.

Frontning ikki tomonidagilar ham asosan BM-21 «Grad» tizimlaridan foydalanmoqda
Foto: AFP

«Grad» - ancha eskirgan tizim, uning asosiy snaryadlari 20 kilometrgacha boradi. Shu bilan birga, u orqali 40 kilometrgacha uchuvchi zamonaviy raketalarni ham uchirish mumkin, ammo Ukraina armiyasida bunday raketalar qancha borligi ma’lum emas. Hozirda frontning ikki tomonida ham asosan «Grad»dan keng foydalanilmoqda.

Ukrainada nisbatan og‘ir va uzoq masofaga otuvchi uchirish qurilmalari ham mavjud, ammo Rossiya armiyasi kabi Ukraina tomoni ham ulardan kam foydalanadi.

Ular orasida - 35 kilometrgacha zarba beruvchi 70 «Uragan» tizimlari bor. Yanada og‘irroq qurollar ham bor - sovetlar davrida ishlab chiqarilgan «Smerch» va uning ukraincha versiyasi «Olxa», ammo ularning soni 160 dona atrofida. Bunday tizimning o‘q otish masofasi 120 kilometrgacha yetadi va bu ham qisqa muddat ichida 12 ta raketa uchirishga qodir bo‘lgan mobil tizim hisoblanadi.

Nihoyat, Ukraina qurolli kuchlari harakatlanish masofasi 120 kilometrgacha chiquvchi «Tochka U» operativ-taktik raketalaridan foydalanadi.

Rossiya raketalari

Rossiya raketa uchirish moslamalari soni bo‘yicha Ukrainadan ustun, ammo ulardagi qurollarning aksarini «Grad» tizimining turli variantlari tashkil etadi. Military Balance ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda Rossiya armiyasida bunday mashinalarning turli avlodlariga mansub (eski BM-21 ham, modernizatsiya qilingan «Tornado» ham) 900 dan ortig‘i bor edi.

Rossiyada urushgacha nisbatan uzoq masofaga otuvchi «Uragan»lardan 200 dan ortiq, «Smerch»lardan esa 120 dona atrofida bo‘lgan.

Rossiya ham harbiy harakatlarda Ukraina kabi «Tochka U» raketalarini, shuningdek nisbatan uzoqroq masofaga harakatlanuvchi «Iskander»larni qo‘llamoqda.

Nihoyat, ularda «Solnsepek» o‘t ochish tizimlari mavjud, bu ko‘proq shturmchi raketa tanklariga o‘xshaydi. Ularning maksimal o‘t ochish masofasi atigi 4,5 kilometrni tashkil etadi, lekin ishlab chiqaruvchilarning ishontirishicha, yangi raketalar bilan ular 10 kilometrgacha zarba berishi mumkin bo‘ladi.

Artilleriyalar urushi

Donbassdagi yurishlarda Rossiya son borasidagi ustunligi evaziga artilleriyadan juda keng foydalanmoqda. Yana bir muhim jihati, Rossiya o‘q-dori zaxiralariga ega.

Shu bilan birga, rossiyalik artilleriyachilarda aloq tizimlari, razvedka ma’lumotlari, dronlar yordamida nishonlarni belgilab berish va yo‘naltirish bo‘yicha muammolar bor.

Ko‘plab ekspertlarning qayd etishicha, rossiyalik harbiylar ko‘p hollarda «maydon bo‘ylab» o‘t ochishadi, piyodalar shturm uyushtirishi ko‘zlangan ma’lum bir hududga juda ko‘p raketa uchirishadi.

Ikki armiyada ham hozirda qanchadan raketa uchirish qurilmalari qolganini aniq aytish qiyin. Foto: Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari amal qiladigan taktika esa - razvedka orqali yaxshi o‘rganilgan nishonlarga aniq zarba berishga asoslanadi. Ukrain harbiylari artilleriya uchun nishonlarni belgilab berish va zarbalarni yo‘naltirish uchun dronlar yordamidan keng foydalanadi.

Shu tufayli, ularga «olov devori»ni o‘rnatishdan ko‘ra, kam sonli bo‘lsa-da, muayyan obektlarga aniq zarbalar berishda qo‘l keladigan Amerika raketa tizimlari zarur.

Bundan tashqari, Amerika uchirish qurilmalarini olish orqali ular bu qurilmalar uchun ko‘p miqdorda o‘q-doriga ham ega bo‘lishadi. AQSh va uning ittifoqchilariga ham qayerlardandir «Uragan» va «Smerch»lar uchun snaryadlar topishga urinishdan ko‘ra Kiyevga o‘z raketa tizimlarini yetkazib berish qulayroq.

Tahlil: Baravar o‘t ochish tizimlari «kumush o‘q» vazifasini bajara oladimi?

Pavel Aksenov, BBC korrespondenti

Ukrainada ham, G‘abda ham ko‘pchilik bunday baravar o‘t ochish tizimlari Ukrainaga qandaydir sezilarli ustunlik taqdim etib, Rossiyaning artilleriya tizimlarining son borasidagi ustunligini yo‘qqa chiqarishi, bir so‘z bilan aytganda, urushning borishini o‘zgartirishini aytib keladi. Ammo aslida bunday emas.

Masala bunday tizimlar sifatida emas, balki sonida va ukrain harbiylari ulardan foydalanishni qancha tez fursatda o‘zlashtira olishidadir.

Ukraina qurolli kuchlari artilleriya zarbalari aniqligi, aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilishi, o‘t ochishni boshqarish tizimi va nishonlarni razvedka qilishga tayanadi. Bunday tizimda HIMARS samarali vositaga aylanishi mumkin.

Ko‘plab ekspertlar fikricha, artilleriya qurilmalari soni bo‘yicha katta ustunlikka ega bo‘lgan Rossiya harbiylari ayrim hollarda yomon tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatib qo‘ymoqda, ammo son borasidagi ustunlik gaubitsalar va raketa qurilmalaridagi nuqsonlarni yopishga xizmat qilmoqda . Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari ixtiyorida «Uragan» va «Smerch» kabi baravar o‘t ochish tizimlari ham mavjud.

Artilleriyada tenglikka erishish uchun Ukraina ko‘proq reaktiv tizimlari olishi kerak. Shu bilan birga, tizimlar imkon qadar tezroq yetkazib berilishi kerak, chunki ulardan foydalanishni o‘rganish uchun ham ma’lum vaqt ketadi. Ukrainaga avvaliga ko‘proq tizimlar, keyingi o‘rinda esa sifatlilari kerak bo‘ladi.

GMLRS raketalari ATACMS taktik raketalaridan masofa va kallak qismi bo‘yicha ham jiddiy ortda qoladi, ammo uning 70 kilometrlik masofa ko‘rsatkichi ham Rossiyaning ko‘plab artilleriya tizimlarinikidan yaxshiroq. Bu raketalar bilan front orti hududidagi ko‘priklarga, shtablarga, aloqa uzellariga, havo hujumidan mudofaa tizimlariga, harbiy bo‘linmalarga, artilleriya batareyalari va boshqa turli nishonlarga zarbalar berish mumkin.

Bundan tashqari, G‘arbdagi baravar o‘t ochish tizimlarining yana bir ustunligi shundaki, AQSh ular uchun o‘q-dorilar ham yetkazib beradi, Ukraina ixtiyoridagi sovetlar davriga mansub «Uragan» yoki «Smerch» kabi eski tizimlar uchun raketalar esa tez orada tugaydi.

Ko‘proq yangiliklar: