AQSh kongressining respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etadigan Vakillar palatasi tomonidan Ukrainaga zudlik bilan yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunda Kiyev uchun Rossiya bilan kurashishga rasman 61 milliard dollar ajratilishi ma’lum qilingan. Ammo amalda Ukraina oladigan yordam miqdori 2023 yildagidan va so‘rayotganidan kamroq bo‘ladi. «Meduza» Vashingtonning Kiyevga bu yordami nimadan iborat bo‘lishi, Ukraina qurolli kuchlari yangi qonun doirasida nimalardan umid qilishi hamda Donald Tramp prezidentlikka saylanishi kelgusida ta’minotga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rib chiqdi.
Amerikadan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazilishi nega to‘xtab qolgandi?
Jo Bayden ma’muriyatida 2023 yil oxiriga kelib pul tugab qolgandi — ammo umuman Kiyevga yordam berishga emas, balki Ukrainaga qurol yetkazib berishda foydalaniladigan kanallarni moliyalashtirishga.
- Asosiy kanal AQSh armiyasi omborlarida saqlanadigan qurol va o‘q-dorilarni hisobdan chiqarishga asoslangan. Qurollarni ittifoqchilar foydasiga «hisobdan chiqarish» (President Drawdown Authority, yoki PDA) huquqi prezidentga 1961 yilgi tashqi yordam to‘g‘risidagi qonun bilan taqdim etilgan. Hujjatda bir yil uchun 100 million dollarlik texnika va o‘q-dorilarni «hisobdan chiqarish» mumkinligi ko‘rsatilgan, ammo kongress bu summani istaganicha oshira oladi.
- 2022 yilda, Rossiya bosqiniga tayyorgarlik ko‘rilayotgan mahalda, qonunchilar Baydenning taklifi bilan PDA limitini 11 milliard dollarga, 2023 yilda, Ukraina qarshi hujum rejalashtirayotganida — 14,5 milliard dollargacha ko‘paytirgandi.
- PDA kanalining asosiy ustunligi — yetkazib berish tezligi va moslashuvchanligi. Yuklash jarayoni prezident texnika va o‘q-dorilar yetkazish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan keyingi bir kun ichida boshlanadi, Ukrainaga esa bir hafta yoki ko‘pi bilan — bir oyda yetib boradi. Xususan, Ukraina qurolli kuchlarining 2023 yilgi qarshi hujumi uchun deyarli barcha qurollarga besh milliard dollardan ortiq mablag‘ yanvar oyida to‘lab berilgan, may oyiga kelib ular Zaporijjya va Donetsk oblastlaridagi oldingi pozitsiyalarda turgandi.
- AQSh mudofaa vazirligining Ukrainaga navbatdagi yordam paketi ajratish to‘g‘risidagi xabarlarida muntazam ravishda aynan PDA transhlari tilga olinadi. Ukraina Rossiyaga qarshi aynan shu qurollar bilan kurashib kelmoqda. O‘tgan vaqt ichida jami 55 ta yordam paketi ajratilgan.
- 2023 yilda (katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatiga umid qilgan holda) 14,5 milliard dollarlik PDA limiti avgust oyidayoq ishlatib bo‘lingandi. Ammo muammoni buxgalteriya usullarida hal qilishning imkoni bo‘ladi: Pentagon ikki yil davomida yetkazib berilgan qurollarni boshqacha narxlarda hisoblab chiqadi va shu tariqa yana olti yarim milliard dollar «topiladi». Bu orqali dekabr oyiga qadar yordam paketlari ajratishda davom etiladi.
- 2023 yil kuzida Bayden ma’muriyati PDA liniyasi orqali yetkazib berish uchun limit budjet yili oxirida (oktyabrda yakunlanadi) yakunlanmasligini ma’lum qildi, bu esa prezident ushbu limit doirasida «hisobdan chiqarish»ni 2024 budjet yilida ham davom ettirishini anglatardi.
- 2023 yilgi limit doirasidagi so‘nggi paket (300 million dollarlik)ni Bayden 2024 yil martida taqdim etdi. Ammo shundan keyin ham unda yana 4,1 milliard dollarlik qurollarni «hisobdan chiqarish» imkoniyati qolgandi. Bu summa yana bir necha oyga kichik miqdordagi paketlar yuborib turishga imkon bergan bo‘lardi. Ammo Pentagon keyin o‘z zaxiralaridan qurol yubormay qo‘ydi.
- Gap boshqa xarajatlar ham PDA bilan (yuridik emas, ammo amalda) uzviy bog‘liqligida edi: AQSh mudofaa vazirligiga «hisobdan chiqarilgan»lari o‘rniga yangi qurollar (tabiiyki, zamonaviy va qimmatroq) sotib olishi uchun pul kerak edi. Pentagon kongressga 2023 yil uchun ajratilgan pullar dekabrdayoq tugaganini ma’lum qilgan.
- Shu tariqa, PDA kanali orqali Ukraina qurolli kuchlariga taqdim etish mumkin bo‘lgan 4,1 milliard dollar muzlatiladi.
- Bayden ma’muriyati faol foydalanadigan yana bir kanal amal qilishi davom etadi. Gap «Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi» (Ukraine Security Assistance Initiative, USAI) dasturi haqida ketmoqda. U AQSh zavodlarida Ukraina uchun qurollarga buyurtmalar pulini to‘lash imkonini beradi. Bu dastur bo‘yicha 2022 yilda 6,3 milliard dollar, 2023 yilda esa 12,1 milliard sarflangan.
- Bu kanaldagi muammo — yordam kelib tushish tezligi pastligi: buyurtma uchun to‘lov qilinganidan yetkazib berishgacha oylar va hatto yillar o‘tishi mumkin. Ammo u baribir Ukraina uchun muhim: shunday qilib, AQShda artilleriya snaryadlari ishlab chiqarishni oshirishga USAI mablag‘lari hisobidan ham to‘lov qilinmoqda. Bu dastur bo‘yicha HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan uchirish mumkin bo‘lgan kichik diametrda harakatlanuvchi bombalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
- «Ukrainaga yordam»ning jami qiymati boshqa xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi — AQShning Sharqiy Yevropadagi qo‘shinlarini saqlab turish, Amerikaning Yevropadagi boshqa ittifoqchilariga qurollar yetkazib berish va hokazolar. Bundan tashqari, AQSh budjeti qurol yetkazib berish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan Kiyevga yordam haqidagi moddalarni ham o‘z ichiga oladi. Bularning hisobiga yordamning qiymati Amerika uchun 100 milliard dollarga aylanadi.
AQSh Ukrainaga 2024 yildagi ilk harbiy yordam paketini e’lon qildi
Ukraina yangi qonun bo‘yicha amalda nimalar oladi?
Jo Bayden ma’muriyati o‘tgan yil kuzidan buyon Ukrainaga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasining bir necha variantlarini kongressdan o‘tkazishga urindi. Oxirgisi — senat tomonidan tasdiqlangani — 2024 yil uchun PDA limitini 7,8 milliard dollar miqdorida belgilashni taklif etardi. AQSh ishlab chiqarish sanoatidan Ukraina uchun uzoq muddatda qurollar sotib olish bo‘yicha USAI dasturiga esa qariyb 13,8 milliard dollar ajratish taklif qilingan. Bu raqamlar endilikda Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan qonunga ham kiritilgan.
Pentagon «hisobdan chiqarilgan» qurollarni sotib olish uchun pul oladi (qonunning turli moddalariga ko‘ra 20 milliard dollardan ortiq). Bu shuni anglatadiki, PDA kanali bo‘yicha 2023 yilda ishlatilmay qolgan va vaqtincha muzlatilgan 4,1 milliard dollarni ishlatsa bo‘ladi. Shu tariqa, Kiyev quyidagilarni olishi mumkin:
- AQSh mudofaa vazirligi omborlaridan qariyb 12 milliard dollarlik «tezkor» yetkazmalar (amalda — kamroq bo‘lishi mumkin, bu haqda quyida keltiriladi);
- Amerika zavodlaridan keyingi bir necha yil ichida yetkazib beriladigan qurollar uchun qariyb 14 milliard dollar.
PDA kanali bo‘yicha Kiyev nazariy jihatdan 2023 yilda qancha olgan bo‘lsa, shuncha qurol olishi mumkin (o‘shanda 12,1 milliard dollar atrofida mablag‘ ajratilgandi). Ammo PDA limiti faqat Ukrainagamas, balki AQShning boshqa ittifoqchilari — birinchi navbatda Isroil va Tayvanga ham taalluqli. Tayvan 2023 yilda ushbu kanal bo‘yicha 345 million dollarlik qurol olgan.
2025 yil boshida Ukrainaga PDA bo‘yicha yetkazmalar butunlay bekor qilinishi ham mumkin. Donald Tramp agar yana AQSh prezidentligiga saylanadigan bo‘lsa, aynan shunday qilishini aytgan.
To‘g‘ri, shu bilan birga, yordam ko‘rsatish to‘xtab qolmasligi ham mumkin — faqat uni ko‘rsatish metodikasi o‘zgaradi. Buning uchun respublikachilar tomonidan tuzilgan hozirgi qonunda «qarzga yetkazib berish» haqidagi modda kiritilgan. Unga ko‘ra, Ukraina qarzga sakkiz milliard dollarlik qurol olishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, qarzdan kechib yuborilishi mumkin (50 foizidan kechishga prezident, qolgan yarmidan kechishga — kongress haqli).
Baydenning ma’muriyati qarz sxemasidan foydalanmagan: xususan, 2022 yilda kongress respublikachilar tashabbusi bilan Ukrainaga «lend-liz» bo‘yicha qurol berish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi (urushda yo‘qotilgan qurollar uchun qarzni kechib yuborish ko‘zda tutilgan), ammo Oq uy bu qonun bo‘yicha bir sent ham sarflamagan.
Ukrainaga yangi yordam paketi nimalarga yetadi?
AQSh Kiyevga yanada qimmatroq qurollar beradi.
- Kongress tomonidan qabul qilingan qonun Baydenga Ukrainaga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun uzoq masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalarini berish majburiyatini yuklaydi.
- Yevroittifoq mamlakatlari Kiyevga F-16 samolyotlarini bergach, AQSh ushbu texnikalarni qimmatbaho o‘q-dori va ehtiyot qismlari bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi.
- Katta ehtimol bilan, yaqin oylarda Ukrainaning tanklar va jangovar piyodalar mashinalari bo‘yicha yo‘qotishlarini aynan Amerika to‘ldirishiga to‘g‘ri keladi.
- Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofadagi nishonlar bilan ishlovchi havo hujumidan mudofaa tizimlarini jiddiy kuchaytirishi talab etiladi — o‘nlab kilometrlardan uzoq masofaga harakatlanuvchi aviabombalar qo‘llayotgan Rossiya aviatsiyasiga qarshi turish uchun. G‘arbda bu vazifani hal qilish uchun yagona variant — Amerikaning Patriot komplekslarini yetkazib berishdir.
- Shu tariqa, 2023 yildagi kabi mablag‘lar evaziga Kiyev 2024 yilda kamroq qurol olishiga to‘g‘ri keladi (lekin sifat jihatdan yaxshiroq). Bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari yaqin vaqtlar ichida kuchli hujumkor guruh tashkil eta olmaydi (shu bilan birga, eslash mumkinki, 2023 yil yoziga qadar tuzilgan, 15–18 ta brigadadan iborat katta guruh ham Rossiya mudofaasini yorib o‘tish uchun yetarli bo‘lmagandi).
Yordam hajmini oshirish uchun jismoniy cheklovlar ham mavjud: xususan, Ukraina qurolli kuchlarining yozgi yurishi ko‘p jihatdan Janubiy Koreyadan (AQSh pullari evaziga) xarid qilingan artilleriya snaryadlari bilan ta’minlangandi. Amerikaning o‘zida ham snaryadlarni ishlab chiqarish hajmi reja bo‘yicha oshirilmoqda — ammo sekin. 2024 yilda AQSh va Yevropa Ittifoqidagi zavodlar Ukraina talablarini qondira olmaydi.
Ammo yetarli bo‘lmagan yordam ham yordam umuman bo‘lmasligidan yaxshiroq. Ukraina (senat qonunni tasdiqlasa) yaqin vaqt ichida o‘z mudofaasini kuchaytirish va frontni qulashdan saqlab qolish imkonini beruvchi vositalarga ega bo‘ladi.