Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida videotasvirdagi «tabib» – Bo‘stonliq tumanida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Y. (chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi shaxs) ekani va u tabiblik borasida ma’lumotga ega emasligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.Y. taxminan 2 yildan buyon Bo‘stonliq tumani, Oqtosh qishlog‘idagi, aholi orasida «Quyoshli» deb nomlangan tepalikda odamlarga echki suti sotish bilan shug‘ullanib kelgan.
U o‘zining ko‘rsatmasida, 27 may kuni «Dorivor o‘simliklar haqida»gi kitobdan chittigul ildizini kukun shaklida tomoqqa sepilsa lorengit kasalligini davolashi haqida o‘qib, tog‘dan chittigul ildizini terib kelganini va kukun shaklida maydalab, quyosh taftidan nafas olish uchun kelgan fuqarolarga trubka orqali sepib (purkab), har bir muolajasi uchun 20 ming so‘mdan pul olganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, tekshiruv harakati davomida fuqaro B.Y. muolaja o‘tkazishda foydalanib kelgan buyumlar ashyo tariqasida olingan va hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.