Pele Putinga murojaat qilib, urushni to‘xtatishga chaqirdi

Jahon 20:28 / 02.06.2022 19423

Braziliyalik futbol afsonasi Pele Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, urushni to‘xtatishga chaqirdi. «Futbol qiroli» o‘z murojaatini Instagram'dagi sahifasida e’lon qildi.

Pele ta’sirli murojaatini JCh-2022 saralashi doirasidagi Shotlandiya hamda Ukraina milliy jamoalari ishtirokidagi o‘yindan avval e’lon qildi.

«Bir necha daqiqadan keyin Ukraina mamlakatda boshlangan mojarodan keyin ilk marta rasmiy o‘yinda maydonga tushadi. Bu xatni o‘zim yozdim. Umid qilaman, zo‘ravonlikka chek qo‘yilib, birgalikda dunyoni yaxshiroq qilishni uddalaymiz», deb yozdi Pele o‘z sahifasida va unga yozgan xatining suratini ilova qildi.

«Vladimir Putin,

Bugun Ukraina hech bo‘lmasa 90 daqiqaga mamlakatda hamon davom etayotgan fojiani unutishga harakat qiladi. Jahon chempionatiga chiqish shundog‘am murakkab vazifa. Bunchalik ko‘p odamlarning hayoti xavf ostida bo‘lib turganda esa bu deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.

Bu o‘yindan foydalanib shuni aytmoqchiman: bu bosqinni to‘xtating. Yovuz mojaroni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydiki, u dard, qo‘rquv, dahshat va azobdan boshqa hech nima keltirmaydi. Siz bilan ko‘rishganimizda qachondir bugungi holatda bo‘lishimizni tasavvur qilmagandim.

Urush faqat millatlarni ayirishga xizmat qiladi. Bolalarning orzulari ko‘milayotgan, oilalar buzilayotgan, begunohlar o‘ldirilayotgan bir vaqtda dunyoda hech qanday g‘oya yo‘qki uni oqlab bo‘lsa. Men 80 yil yashadim, urushlarni ko‘rdim, yetakchilarning o‘z millati xavfsizligi uchun aytgan nafratga to‘lgan nutqlarini eshitdim. Biz buni to‘xtatishimiz kerak.

Bir necha yil avval o‘z ovozimni faqat tinchlik uchun ishlataman deb o‘zimga so‘z bergandim. Bu mojaroni to‘xtatadigan kuch sizning qo‘lingizda. Ha, men 2017 yil Moskvadagi uchrashuvda siqib ko‘rishganim o‘sha qo‘llarda...», deb murojaatini yakunlagan Pele.

Ukraina JCh-2022 saralashi doirasida Shotlandiyani mag‘lub etib, saralashning hal qiluvchi o‘yiniga yo‘l oldi. JChga chiqish uchun Ukraina Uelsga qarshi o‘ynaydi.

Ko‘proq yangiliklar: