Daniya Yevropa ittifoqining mudofaa siyosatida ishtirok etishni boshlaydi 

Jahon 09:21 / 02.06.2022 11511

Daniya aholisining uchdan ikki qismi (66,9 foizi) davlatning Yevropa ittifoqi umumiy mudofaa siyosatini shakllantirishda ishtirok etishdan bosh tortishini nazarda tutuvchi qoidani bekor qilishni qo‘llab-quvvatladi. Qirollik fuqarolarining 33,1 foizi bu pozitsiyani saqlab qolish tarafdori. 1 iyun, chorshanba kuni o‘tkazilgan ushbu masala bo‘yicha referendum natijalarini shu kuni kechqurun Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen e’lon qildi.

Endi Daniya YeI xavfsizligi va mudofaasini ta’minlash, xususan, o‘z askarlarini Yevropa ittifoqi harbiy missiyalariga yuborish va hamkorlarga yangi qurol tizimlarini ishlab chiqishda yordam berishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Shu paytgacha ushbu Skandinaviya davlati Yevropa ittifoqining faqat fuqarolik missiyalarida qatnashgan va umumiy mudofaa siyosatini shakllantirishda ishtirok etmagan Yevropa ittifoqi yagona a’zosi edi. Qirollik bu pozitsiyaga 30 yil davomida amal qilib keldi.

Daniyada 4,3 million kishi ovoz berish huquqiga ega. Referendumda saylovchilarning 65,8 foizi ishtirok etdi. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari fonida aksariyat siyosiy partiyalar, jumladan, hukmron sotsial-demokratlar Daniyaning Yevropa ittifoqi mudofaa siyosatini shakllantirishda ishtirok etmasligi haqidagi qoidani bekor qilish tarafdoriga aylandi. 

Bosh vazir Mette Frederiksenning so‘zlariga ko‘ra, Daniya «NATO va Yevropadagi ittifoqchilariga, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga juda aniq signal yubordi». «Biz Putin erkin va mustaqil davlatga bostirib kirib, Yevropa barqarorligiga tahdid solganida, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirayotganimizni ko‘rsatyapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u. 

O‘z navbatida, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bu qaror «nafaqat Daniya, balki Yevropa ittifoqiga ham foyda keltirishi»ni aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: