Ukrainlarning Xerson yo‘nalishidagi qarshi hujumi. Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Jahon 00:05 / 01.06.2022 55584

Ukrain harbiylari 30 may kuni Nikolayevka qishlog‘ini qaytarib olishgan, Chernobayevkada rossiyaliklar harbiy texnikalari bazasi va o‘q-dori omborlariga zarbalar berilgan. Ikki aholi punkti ham Xerson oblasti hududiga kiradi.

Xerson oblastining katta qismi, xususan oblast markazi bo‘lgan Xerson shahri ham urushning ilk haftasidayoq rossiyalik harbiylar tomonidan ishg‘ol etilgan. RF mudofaa vazirligi o‘z harbiylari butun Xerson oblastini nazorat qilayotganini iddao qiladi. Ukraina esa bunday emasligini ta’kidlaydi.

Rossiyaliklarning Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi hujumlari Xerson va Nikolayev oblastlari chegarasida, shuningdek Krivoy Rog ostonasida (Dnepropetrovsk oblasti) to‘xtatilgandi. Bu yo‘nalishlarda to‘qnashuv liniyasi mart oyi o‘rtalaridan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

Ammo Ukraina Bosh shtabining 28 may kuni kechqurungi axborotida Xerson oblastida «muvaffaqiyatli yurishlar» amalga oshirilgani va rossiyaliklar o‘z egallab turgan pozitsiyalaridan chekintirilgani aytiladi.

Regionda harbiy harakatlar davom etmoqda, ammo hozircha Ukraina qurolli kuchlarining harakatlarini keng ko‘lamli qarshi hujum yoki chalg‘ituvchi manyovrligini aniq aytish qiyin.

Jadallashish va hujumga o‘tish

«Mudofaa kuchlari bo‘linmalarining hujumkor harakatlari natijasida dushman yo‘qotishlarga uchrab, Xerson oblastining Andreyevka, Lozovoye va Belogorka posyolkalari atrofidagi noqulay pozitsiyalarga o‘tishga majbur bo‘ldi», deyilgan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi xabarida.

Bu posyolkalar Nikolayev va Xerson oblastlari chegarasida, Ingul daryosining so‘l sohilida joylashgan.

Bu hududda, rossiyaliklar okkupatsiyasida bo‘lgan Xerson shahridan 80 km, Novaya Kaxovkadan 40 km masofada Davidov Brod shaharchasi ham joylashgan. May oyi o‘rtalarida ukrainlar Davidov Brodda rossiyaliklarning o‘q-dori omborxonalarini yo‘q qilishgandi.

Ukraina armiyasi daryoni kechib o‘tdi va rossiyaliklar egallab olgan hududlar bo‘ylab 10 km ichkari kirdi

Bu hududdagi yangi muvaffaqiyatli hujumlar to‘g‘risidagi ma’lumot shundan darak beradiki, Ingul daryosining o‘ng qirg‘og‘idan hujum qilayotgan ukrain kuchlari suvli to‘sig‘ini kechib o‘tgan va bu tomondagi sohilda platsdarm o‘rnatgan.

30 may holatiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi hujumkor harakatlari davom etayotgandi.

«Bizning bo‘linmalar hujumkor harakatlarni, shuningdek dushmanning zaxiralarini aniqlash, ularning ko‘chirilishining oldini olish choralarini ko‘rishda davom etmoqda», deyiladi «Janub» operativ qo‘mondonligi xabarida.

Avstriyalik harbiy ekspert Tom Kuperning hisoblashicha, ukrainlar aynan shu yo‘nalishda hujumga o‘tishini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari 27-28 may kunlaridagi yurish davomida janubga 10 km masofaga, Rossiyaning 49-umumqo‘shinlari armiyasi nazorat qilayotgan Kostromka posyolkasi tomon siljigan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich bu hududda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni keng ko‘lamli yurish emas, «muvaffaqiyatli qarshi hujum» deya baholagan.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi qayd etishicha, RF qo‘shini Xerson oblastida havo hujumidan mudofaa tizimlarini kuchaytirmoqda, zaxiralarni olib kelmoqda va yangi mudofaa liniyalari o‘rnatmoqda.

Chalg‘itishmi yoki qurshovga olish harakati?

Harbiy ekspertlar Ukraina armiyasining Xerson oblasti shimoli-sharqidagi harakatlardan qanday maqsadni ko‘zlagani borasida turli fikrlar bildirishmoqda.

Tom Kuperning fikricha, Xerson ostonasidagi qarshi hujum - «ideal darajadagi chalg‘ituvchi amaliyot» bo‘ladi.

«NATO ko‘magi tufayli Ukraina Bosh shtabi Rossiyaning ushbu hududdagi eng yirik qo‘shinlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berayotganini juda yaxshi biladi. Ammo Bosh shtab zarba berishda davom etmoqda va boshlang‘ich bosqichda bu muvaffaqiyatli kechmoqda», deb hisoblaydi Kuper.

Amerikaning «Urushlarni tadqiq qilish instituti» tahliliy markazi 30 may kuni hisobotida ukrainlarning yurishi rossiyaliklarni mudofaaga o‘tishga va Xerson oblastiga yangi kuchlarni olib kelishgan majbur qilgani, ammo Ukraina qurolli kuchlarining bu hududdagi hujumlarini keng ko‘lamli yurishning boshlanishi deb hisoblash qiyin ekani aytiladi.

«Ukraina kuchlari 28 maydan buyon hujum amaliyoti amalga oshirgani yo‘q va ukrainlarning Xerson oblasti shimoliy qismidagi qarshi hujumi, katta ehtimol bilan katta hududlarni qaytarib olishga qaratilgan keng ko‘lamli yurish emas, balki Rossiyaning oldingi chiziqdagi pozitsiyalariga zarar yetkazishga qaratilgan lokal amaliyotlardir», deyiladi tahliliy institut xabarida.

Rossiya qo‘shinlari Xerson, Dnepropetrovsk, Nikolayev va Dnepropetrovsk oblastlarida artilleriya zarbalari bilan javob qaytargan, Odessada oldinroq buzib tashlangan ko‘prikka raketa zarbasi berilgan. Tahlilchilar bunday onda-sonda beriladigan zarbalar ukrainlar logistikasini izdan chiqarishi dargumon ekanini qayd etishgan.

Ukrainlarning qarshi hujumlari Rossiyaning Ukraina janubida okkupatsiya qilingan hududlarda ma’muriy nazoratni mustahkamlash borasidagi harakatlarini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin.

Aleksey Arestovich esa Ukraina qo‘shini bu yerda hujumga o‘tish orqali Dnepr daryosining o‘ng sohilida o‘rnashgan rossiyaliklar guruhini qisqartirishga harakat qilayotganini aytgan. Hozirda bu bo‘linmalarning bir qismi Xersonning g‘arbida Nikolayevga tahdid solib turibdi, boshqa qismi sharqroqda - Krivoy Rog yo‘nalishida joylashgan.

RF mudofaa vazirligi Xerson oblasti to‘liq nazorat ostida ekanini aytmoqda
TASS/GETTY IMAGES

Harbiy ekspert, Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi operativ boshqarmasining sobiq xodimi, polkovnik Oleg Jdanov bu ikki qo‘shin o‘rtasidan yorib kirib berilgan zarba, chindan ham rossiyalik kuchlar qurshovga tushishiga olib kelishi mumkin deb hisoblaydi.

«Bu juda muhim yo‘nalish. Agar ukrain qo‘shinlari Dneprning o‘ng sohilida harakatlanayotgan RF armiyasi guruhlarini asosiy kuchlaridan uzib qo‘yishga muvaffaq bo‘lsa, amalda ularning Krivoy Rog yo‘nalishidagi guruhi qurshovga tushib qoladi», deya qayd etgan u.

Hozircha ukrainlar Krivoy Rogda raqibning hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarmoqda va ularni shahardan 30-40 km masofada ushlab turibdi. Bu hududdagi rossiyaliklar Xerson janubidan «uzib qo‘yilishi» ularga qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dorilar yetkazib berilishini to‘xtatadi.

Bundan tashqari, agar Davidov Broddan Berislovga tomon harakatlanayotgan Ukraina qurolli kuchlari (bu masofa taxminan 40 km) Dnepr daryosigacha yetib borishi mumkin, kelgusida sohillari bo‘ylab Xersongacha yurishni davom ettirish uchun sharoit hosil qiladi. Oleg Jdanov kelgusida voqealar shunday rivoj topishi mumkinligini istisno qilmaydi, barchasi ukrainlarda kuch va vositalar mavjudligiga bog‘liq bo‘ladi.

Shu bilan birga, u Ukraina armiyasining Dneprning chap sohiliga o‘tib, Novaya Kaxovkani ozod qilish imkoniyatlari juda kam deb hisoblaydi. Bu shahar RF uchun strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega, bu yerda annexia qilingan Qrimga suv beruvchi Shimoliy Qrim kanali to‘g‘oni joylashgan. Bu shaharni rossiyaliklar bosqinning ilk kunlaridayoq egallashgandi.

Shuningdek, Jdanov Dneprdan GES to‘g‘oni bo‘ylab o‘tish ham ukrain qo‘shini uchun juda xavfli ekani - bu jiddiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.

«Buzg‘unchilik harakatlari»

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar 30 may kuni mamlakat qurolli kuchlarida «bu yo‘nalishda qarshilik ko‘rsatish» uchun «yetarli kuch va vositalar mavjudligi» haqida aytdi.

Shu bilan birga, u ukrain armiyasining ilgarilashi mahalliy aholini bosqinchilar bilan hamkorlik qilishdan tiyilishga undashini aytib o‘tdi.

«Bunday mahalliy aholi muhim rolni o‘ynaydi - ular Ukraina qurolli kuchlariga qanchalik yordam berishadi yoki yordam berishmaydi. Biz mahalliy aholi vakillarining ayrimlari bosqinchilarga ishlay boshlaganida murakkab vaziyatga duch kelamiz», deya qayd etgan mudofaa vazirligi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday «buzg‘unchilik harakatlari» Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarini ozod qilishni yanada qiyinlashtiradi.

Armyansk, rossiyaliklar harbiy texnikasi Xersonga olib boruvchi yo‘l bo‘ylab harakatlanmoqda. 24 fevral
SERGEI MALGAVKO/TASS

Rossiyaliklar tomonidan «Xerson harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari o‘rinbosari» etib tayinlangan Kirill Stremousov Ukraina armiyasi muvaffaqiyatli qarshi hujum o‘tkazayotganini rad etib chiqdi.

Rossiya nashrlariga bergan izohida u ukrainalik harbiylar Rossiya armiyasining oblast shimoli-sharqidagi pozitsiyalariga hujumlari Xerson xavfsizligiga tahdid sololmasligini ma’lum qilgan.

Stremousov ukrainlar Xerson oblastidagi mudofaa liniyasini yorib o‘tish uchun ikki bor urinishni amalga oshirgani, ammo bu urinishlarning ikkisi ham muvaffaqiyatsiz chiqqanini aytib o‘tgan.

«Ukraina harbiylari so‘nggi kunlarda ikki marta Davidov Brod qishlog‘i atrofida Xerson oblasti mudofaasiga hujum qildi, ammo mag‘lubiyatga uchrab, juda katta yo‘qotishlar berdi. Ular yorib o‘tish va platsdarmni egallash, bu orqali Xerson va Zaporojye oblastlarini uzib qo‘yishga harakat qilishdi», — degan Stremousov.

Shu kunlarda u Xerson oblastining Ukraina nazoratidagi qo‘shni oblastlar bilan «chegaralari yopilgani»ni ma’lum qilgandi. Bu «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» qilingani aytilgan. Endilikda okkupatsiyadagi ushbu hududdan faqat Qrim yoki Donbassga o‘tish mumkin.

30 may tongida Ukrainaning «Janub» qo‘mondonligi rossiyaliklar zaxira kuchlarini olib kelib, Xerson oblastida, jumladan Novaya Kaxovkada yangi mudofaa liniyalari o‘rnatayotganini xabar qildi.

Ko‘proq yangiliklar: