Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z Telegram-kanalida qolipli non narxi erkinlashayotgani yuzasidan fikr bildirib, iqtisodiyotda samarasiz davlat ishtirokini qisqartiruvchi islohotlarni ortiq kechiktirmaslikka chaqirdi.
“Sobiq sovet o‘lkalari orasida bozorga o‘tish tomon harakatini boshlagan, lekin pirovardiga hali yetib borolmagan davlatlardan biri, afsuski – bu O‘zbekiston. Bozorga hech qaysi davlat biz kabi uzoq muddat davomida o‘tmagan bo‘lsa kerak, shuning uchunam og‘riqlarimiz hech tugay demaydi. Narxlarni erkinlashtirishga boshqa davlatlar 1992 yil 1 yanvarda kirishib, 1996-1999 yillarda bozorga o‘tish yakunlangan bo‘lsa, biz 1994 yildan beri shu yo‘ldamiz. Qanchalar ehtiyotkor, sekin harakatlanganimiz sayin, islohotlarning og‘riqlari shuncha uzoqqa cho‘zilmoqda. Ikkinchi avlod shu og‘riqlar bilan yashamoqda. Bu ketishda, xudo ko‘rsatmasin, yana ortga chekinishlar bo‘lsa, uchinchi avlod ham islohotlar zaruriyati haqida chaqiriqlar bilan, lekin bozor islohotlariga jur’at qilolmay arosatda yashashda davom etadi. Tovon esa oshib boraveradi. Teskari tashviqot kuchayaveradi.
Hech qursa Gruziya yo Qozog‘istondagidek yashashni hamma istaydi, jon boshiga 4000 dollarlik daromadlarni hamma xohlaydi. Odamlar tushunishi kerakki, Gruziyadek, Qozog‘istondagidek o‘rtacha yashash tarziga yetib borish uchun ular o‘tkazgan islohotlarga, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, qadam bosishimiz kerak.
Ko‘pchilik hozir eslamaydi. Toshkentdan 2-3 barobar daromadi kamroq Namangan, Farg‘ona yo Xorazmda “buxanka” non allaqachon bozor narxiga o‘tib bo‘lgan. 3 yil bo‘ldi bunga. O‘shanda ham vahima ko‘targanlar buxanka non yeydiganlar bo‘lmagan. Bozordagi eng qimmat yog‘li patir non yeydiganlar ko‘proq shovqin solishgandi. Chunki buxanka non iste’mol qiladiganlar uchun davlat kompensatsiya tizimini ortig‘i bilan ishga tushirgandi. Bu safar ham ijtimoiy yordam kanallari (pensiya va maosh indeksatsiyasi, kompensatsiya, bir martalik to‘lovlar) ishga tushmoqda. Kerak bo‘lsa, yana yordam ko‘rsatiladi. Mening ishonchim komil, iste’moli “buxanka” non bo‘lgan aholi toifasi himoyasiz qolmaydi.
Ha, “Arzon non va xalqqa tomosha” siyosati bilan ham yashash mumkin, davom etish mumkin. Qadimgi Rimdan ma’lum bunday usul. O‘zingizga savol bering, ro‘shnoligimizning chegarasi shu bo‘lishiga rozimisiz? Kecha tarmoqda “ko‘p savol bermayotganimiz uchun gaz va svetni qoldirishsa bo‘lardi” deb yozib qolishdi. O‘zbekistonliklar ko‘prog‘iga munosib. Arzon, lekin o‘zi yo‘q gaz va svet soqovligimiz uchun to‘lov deb qabul qilishga, masalan, men rozi emasman.
Faqat Toshkentda qolgan arzon non, o‘zi yo‘q arzon elektr va o‘zi yo‘q arzon gazning to‘lovini 30 yil to‘ladik. To‘lovini kimga to‘layotganimizni bilmay to‘ladik va o‘zimizni o‘zimiz aldab yashadik. Endi yana ayirg‘ich oldida turibmiz.
Mening hukumatga qanaqadir ortiq simpatiyalarim yo‘q. Lekin hozir, aynan narxlarni erkinlashtirish masalasida fikrimiz o‘ng kelib qolganidan tushunamanki, boshqa iloj endi qolmagan, endi boshqa cho‘zib bo‘lmaydi. Narxlarni erkinlashtirish islohotini boshlayotganlarni olabo‘ji, jallod o‘laroq ko‘rsatishga urinayotganlar ham yo‘q emas. Ha, bu arzon obro‘, shuhrat, boring ana, yaxshigina manfaat ham keltiradi. Lekin hozir ishonish kerakki, ular jallod emas, jarroh. Kimdir, qachondir shu ishni qilishi kerak edi va ular shu ishni boshlashdi. Endi ularga ozgina qo‘llov va ozgina dalda kerak, juda bo‘lmaganida esa sabr”.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qolipli non narxi oshgani yuzasidan izoh berdi
Ta’kidlanishicha, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinishi – birinchi navbatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar manfaatini ko‘zlab qilingan qadamdir.
Bu jarayonda shaffof tizim yaratilishi bilan birga, respublikaning eng chekka hududlariga ham mahsulotning yetib borishi nazoratga olingan. Antimonopol qo‘mitaga ko‘ra, un birja savdolariga yetarli miqdorda qo‘yilmoqda va bu jarayon ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Iyun oyida 170 ming tonna un birjaga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Bunda har bir non ishlab chiqaruvchi uchun teng sharoit yaratish maqsadida kichik lotlarda (3 tonnadan) qo‘yilmoqda. 1 iyun holatida 50,5 ming tonnadan ortiq un mahsuloti qoldig‘i mavjud bo‘lib, avgust oyi uchun ham un ishlab chiqarish uchun korxonalarida zarur don zaxiralari mavjud, deyiladi xabarda.
“Shuni e’tiborga olib, non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hamda aholidan bu borada xavotirga tushmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan asoslanmangan ma’lumotlarga ishonib, sun’iy ajiotaj vujudga keltirmasliklarini so‘rab qolamiz.
Hurmatli iste’molchilar! Bozorda sun’iy tanqislik yuzaga kelishi va narxlarning keskin oshib ketish holatlarini kuzatganingizda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ishonch telefoniga (71-207-47-00), qo‘mita huzuridagi Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi koll-markaziga (1159 qisqa raqam) yoki qo‘mitaning axborot xizmatiga (71) 207-47-00 (ichki 224) murojaat qilishingiz mumkin”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Davlat qolipli non narxini nega “qo‘yib yuboryapti”
May oyida prezident Shavkat Mirziyoyev fermerlar anchadan buyon kutayotgan islohotning yangi bosqichini e’lon qildi. “Qanchalik qiyin bo‘lmasin, 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tamiz”, dedi davlat rahbari.
Bu yil davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yilgi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshirildi. Shu narxda xarid qilingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladi, agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi.
Prezident narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li – fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish ekanini ta’kidlagandi.
Avvalgi yillarda yetishtirgan bug‘doyi uchun fermerlarga davlat to‘lagan narxlar ko‘plab holatlarda ularning hatto xarajatlarini ham qoplamagan. Davlatga don topshirish rejasini bajarganiga qaramay, ortiqcha yetishtirilgan bug‘doy majburan tortib olinishi butun respublikada odatiy holga aylangan edi.
Hosil uchun bozor narxida to‘lov qilinishi shu kabi holatlarga ham chek qo‘yishi, dehqon ortiqcha yetishtirgan g‘allasini ham ixtiyoriy ravishda birjaga chiqarishdan manfaatdor bo‘lishi aytilmoqda.