«Puldan muhimroq narsalar bor». Geynrix bilan uzoq kutilgan intervyu

Sport 22:32 / 31.05.2022 30006

OAVga deyarli intervyu bermaydigan o‘zbek futboli afsonasi bilan uning futbolchilik faoliyati va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdik.

«Futbolga qaytishdan oldin dam oldim»

– Hozir uydaman,Moskvada. Oilaviy ishlar bilan shug‘ullanyapman, uzoq yillar bunga vaqtim bo‘lmagandi. To‘g‘risi, biroz dam olishni xohladim. Futbolchilik faoliyatim tinimsiz safarlar bilan o‘tdi. Shuning uchun biroz oilam bilan birga bo‘lishni istadim. Bu vaqtda kelajagim borasida qaror qabul qilib olishim ham kerak. Futboldagi faoliyatimning ikkinchi qismini yo‘lga qo‘yib olish lozim.

  Futbol masalasida tanaffusdaman. Buyog‘iga nima qilishni istashim va qaysi yo‘nalishda ketishimni aniqlab olishim kerak. Takliflar bor, ammo ko‘p hollarda ularga o‘zimni tayyor emasdek his qilaman, qanday ishlash kerakligini to‘liq bilmayman. Men to‘liq o‘quv-amaliyot bosqichlarini o‘tkazgach, ish boshlashni xohlayman. Shunchaki faoliyat olib borishni istamayman.

«Ehtimol, Toshkentda ishlarman…»

Futbolchilik vaqtimda murabbiylik, funksionerlik bilan shug‘ullanish haqida o‘ylamaganman. Lekin shuni bilardimki, futbolsiz yashay olmayman. U butun hayotim davomida men bilan. Lekin aynan qandaydir rolda ishlash haqida o‘ylamaganman.

  Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Mana hozir O‘zbekistonga keldim, do‘stlarimni anchadan beri ko‘rmagandim. Shundan kelib chiqib aytamanki, Toshkentda ishlashni juda xohlagan bo‘lardim, o‘zim tug‘ilgan Vatanimda.

  So‘nggi bor qachon o‘ynadim? Kecha o‘ynadim-ku! (O‘zbekiston va A Seriya afsonalari o‘yini) To‘g‘risini aytaman, bir yil davomida umuman yugurmadim. Hech narsa bilan shug‘ullanmadim. Shuning uchun ham, kecha murabbiy menga asosiy tarkibda tushishimni aytganida, undan doimgidek ikkinchi taymda maydonga tushirishini so‘radim.

  Takliflar bor. Ammo yana qaytaraman: men shunchaki ish boshlashni istamayman. Kelganimdan so‘ng, qandaydir natija ko‘rsatishni istayman. Doim O‘zbekistonga kelishdan xursand bo‘lganman. Doim milliy jamoaga birinchi bo‘lib yetib kelganman, istalgan odamdan so‘rashingiz mumkin. Federatsiya vaqtida futbolchilarning chiptalari bilan shug‘ullanadiganlar birinchi bo‘lib mendan boshlashardi.

«Bunyodkor»ga o‘tmaganim? Puldan muhimroq narsalar bor»

 – Futbolchining faoliyati juda qisqa. Hamma qo‘lidan kelgancha ko‘proq pul topib, kelajagini ta’minlab olishga harakat qiladi. Men hech kimni muhokama qilmayman, hammaning o‘z yo‘li, o‘z haqiqatlari bor. Kimdir pul uchun ketgandir, kimdir Rivaldo bilan o‘ynagani borgandir, yana kimdir Skolaridan nimanidir o‘rganmoqchi bo‘lgandir. Men shu yo‘lni tanladim. Eslab ko‘ring, bizning derbilar qanday shiddatli kechardi. Shunday ekan, men bu hissiyotni hech qanday pulga alishmayman. 2007 yildagi o‘yinni eslaysizmi, qanchalik keskin uchrashuv bo‘lgandi. Bir-birimiz bilan urishib ketgandik.

Odilboyning yigitlari tahdid qilishgani haqidagi gaplar?

– 2008 yil «Bunyodkor»ga qarshi derbidan so‘ng tahdidlar bo‘lgan? Bu gap-so‘zlar qayerdan chiqqanini bilmayman. Ba’zi voqealar bor, ular haqida gapirishni o‘zim istamayman. Bu erkakchilikka to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylayman. Hech kimni xafa qilib qo‘yishni xohlamayman.

  Ha, bizda oz-moz muammolar, kelishmovchiliklar bo‘lgan. Lekin ish qo‘l ko‘tarish, qurol o‘qtalish kabilargacha yetib bormagan. Qo‘ng‘iroq bo‘lgan: Kopa (Temur Kapadze) men bilan gaplashib olishmoqchiligini aytgan.

Ular penaltini nohaq ishlab olganim, simulyatsiya ishlatganimni aytib, meni ayblashdi. Lekin hozir o‘sha vaziyatni internetdan ko‘rsangiz, rostdan ham penalti borligini ko‘rasiz. Chunki Bugalo menga oyog‘i bilan urilgan, keyinroq uning o‘zini zaxiraga olish kerak bo‘lgan, chunki o‘sha vaziyatda jarohat olgandi. Bor gap shu, lekin kim menga tushuntirib beradi, buning nimasidan xafa bo‘lish kerak, axir bu futbol-ku! Ularga nimani ham tushuntirib bo‘lardi. Asablar tarang holatda turishardi. Bu voqea birinchi davraning oxirida sodir bo‘lgandi. Ertasiga men Moskvaga, uyimga uchib ketdim.

  Tanaffusdan qaytganimizdan so‘ng, yig‘ilish o‘tkazdik, unda hech narsadan qo‘rqmasligimiz, hammasi joyidaligi aytildi.

«Paxtakor» va Babayandan juda minnatdorman»

– Samvel Babayan? Bilasizmi, men bu insondan juda minnatdorman. Chunki u meni «Paxtakor»ga olgan paytda bu yerga kelishni xohlamasdim, ishonmaganman. Eldor Magdeyev bilan do‘stlashib olgandik. Milliy jamoada ham u bilan bir-birimizni tushunib o‘ynardik. U o‘sha vaqtda «Buxoro»da o‘ynardi. Unga meni qandaydir olimpiya jamoasiga taklif qilishayotganini aytdim. Lekin borishni istamasdim. Qanaqasiga milliy jamoa bir klub ichida shakllantirilishi mumkin? Umuman, bu narsani tushunmaganman. Biz u jamoada o‘ynolmay qolib ketishdan qo‘rqardik, u yerda yulduzlar bor edi.

  Keyin esa biz Samvel aka bilan uchrashdik, qanday qilib bilmayman, ammo u bizni ishontira oldi. Qaysidir tomondan u haq bo‘lib chiqdi. Chunki futbolchilik faoliyatim aynan «Paxtakor»da boshlandi. O‘yin amaliyotisiz qolib ketishdan qo‘rqqandik, ammo aksincha bo‘ldi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston futboli o‘rtasidagi farq

– Birinchi navbatda, Qozog‘iston chempionatida legionerlar ko‘p, ular UYeFAda o‘ynashadi va shuning uchun ham milliy chempionat darajasi yuqori. Jamoalarda biznikidek bitta emas, o‘nlab xorijlik futbolchilar bor. Aynan ularning hisobiga chempionat darajasi yuqori. Ijrochilar mahorati katta farq qiladi.

   Ularda ham o‘zlariga yarasha muammolar bor. Maydonlar sifati yaxshi emas, iqlim ancha murakkab. Bizda issiq, lekin maydonlarimiz super holatda. Qozog‘istonda esa bunday emas. Misol uchun, Ostonada (Nursulton) -40 gradus sovuq bo‘lsa, Chimkentda 40 gradus issiqda futbol o‘ynashingiz kerak edi. Shuning uchun, ularda infrastruktura ancha oqsaydi. Bu yerda nimanidir reja qilish mumkin, ammo uyoqda barchasi vaziyatdan kelib chiqib o‘zgaradi. Chempionatlarni solishtirsak, katta farqni ko‘ramiz.

  Esingizdami, Ulug‘bek Baqoyev Qozog‘istonda necha marotaba to‘purar bo‘lgan, juda kuchli futbolchi sifatida qaralardi. Ammo milliy jamoada tiki-taka o‘ynashadi va u bunday uslubga mos tushmasdi. Aytgancha, uni kecha ko‘rdim, g‘alaba bilan tabrikladi. U ham mening yiqilganimni gapirdi.

«Aktobe»dan ketgani haqida

– Avvaliga, seleksiya bo‘yicha mutaxassis sifatida ishladim. Jamoa boshlig‘i bilan kelisha olmadik. Uning qandaydir qing‘ir ishlari bor edi. Klub prezidenti esa mening yaqin do‘stim edi, u bilan birga o‘ynaganmiz. Faoliyatini yakunlagach, mendan yordam so‘radi. Yonida ishlashimni xohlashini aytdi. Nega shu yo‘lda davom etmadim? Chunki do‘stimni u yerdan olib tashlashdi. Inson sifatida qola olmasdim, chunki aynan u bilan birga kelgandim, birga ketdim.

Legionerlik mashaqqati

— Rossiyaga erta borib qolgandim. Ruhiy jihatdan tayyormasdim. «Torpedo»da o‘ynadim, ammo o‘z pozitsiyamda emas, o‘ng qanot yarimhimoyachisi sifatida. Bu mening joyim emas. Murabbiy shunday qo‘ygandi, bunday o‘ynay olmayman deya olmaysan. Aslida, ular meni 10-raqam pozitsiyasiga olib kelishgandi. Lekin bu joyda Semshov o‘ynardi. Nega meni transfer qilishganini bilmayman, Semshovni raqobatda yutib chiqadi deb o‘ylashganmi?!

  TsSKAda esa, aytib o‘tganimdek, yosh bo‘lganman, tajriba yetishmagan. Bir nechta gollar urdim, yoshlar o‘rtasidagi JCh fonida menga O‘zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi unvonini berishdi, ammo men bunga qo‘shilmayman. Shu yerda o‘ynab, nimanidir ko‘rsatishim kerak edi.

  Eng qiyini Janubiy Koreyada bo‘lgandi. Ayniqsa, ovqat bilan juda ham qiynalib ketgandim. Haftasiga 5 kilogramm vazn yo‘qotgandim. Jamoadoshlarimga meni «McDonalds»ga olib borishlarini so‘radim, ortiq kimchi yeya olmasdim, u haddan tashqari achchiq edi. «McDonalds»ga keldik, o‘zimga katta idishda ovqat oldim, bir marotaba tishlab ko‘rdim, shu qadar achchiqki! O‘sha vaqtda farzandli bo‘lgandik, xotinimni olib kela olmagandim. 3-4 oy o‘tgach, uni olib keldim, shundan so‘ng, ovqatlanishim o‘z iziga tushib qolgandi.

«Jasur Jaloliddinov? 18 yosh – legioner bo‘lishga juda erta»

— Juda erta legioner bo‘ldi. Misol uchun, Odil (Ahmedov) necha yoshida Rossiyaga borgan? 24-25. Eldor-chi? 22 yosh. Men esa 18 yoshda borgandim. Bu juda erta. O‘zbekistonda ham to‘liq o‘yin amaliyoti yo‘q edi. Rossiyaga borganimdan so‘ng, boshqacha tezlikni ko‘rdim, futbolchilar bir-birlarining oyoqlariga boshqacha kuch bilan zarba berishadi. U yerda boshqacha maosh evaziga futbol o‘ynaladi.

  Murabbiy Valeriy Gazzayev edi – juda kuchli mutaxassis. Hissiyotlarga beriluvchan. Kubok finalida «Lokomotiv» bilan o‘ynagandik, penaltilar seriyasida yutqazganmiz. Men va Rolan Gusev birga edik. Ob-havo dahshatli edi, agar mana shu yerda, mana bu to‘siqlar, daraxtlar orasida o‘ynaganimizda ham undan yaxshiroq sharoitda harakat qilgan bo‘lardik. Rolan menga pas berdi, ammo maydon shu qadar yomon holatdaki, to‘p yerda dumalab kelayotib sakrab, mening ustimdan o‘tib ketgan. Men ishonch bilan oyoq qo‘yib, zarbaga tayyorlanayotgandim. Tasavvur qilyapsizmi, qanchalik notekis maydon! Keyin Gazzayev meni zaxiraga oldi. Shundan so‘ng, u meni so‘ka boshladi: hoy bolakay, sen qayerga kelganingni bilasanmi, qancha pul to‘lanyapti senga… Vaziyatni tushuntirishning imkoni yo‘q. Uning yuzi yuzimga tegay deb turibdi, faqat tishlar orasidagi tilni ko‘rish mumkin.

  Eng og‘ir davr? Hech qachon futbolni tugatish haqida o‘ylamaganman. Ammo shunday vaziyatlar bo‘lganki, bir jamoadan boshqasiga o‘tish jarayonida klubsiz ham qolib ketganman. Bir oycha uyda o‘tirganman, o‘sha vaqtda ruhiy jihatdan ancha qiyin bo‘lgan.

  Eng yaxshi sherik? Odil Ahmedov bilan o‘ynash juda qulay edi. Eldor Magdeyev, Zayniddin va Farhod Tojiyevlar. «Paxtakor»dagi do‘stlarimni aytyapman, ular bilan necha yillar birga o‘ynadik.

Milliy jamoaga xalal berayotgan jihatlar

— Menimcha, bizda mentalitet bilan bog‘liq kichik muammo bor. Kattalarga hurmat degan narsa bor: kattalar shunday dedimi, shunday bo‘lishi kerak. Qaysidir familiyadagi futbolchiga nisbatan qo‘pol o‘ynamaslik kerak, ehtiyotkor bo‘lish kerak. Kecha italiyaliklar bizga qarshi ko‘rsatgan futboldan hayratda qoldim. Qarang, ular biznikilarni qanday tepishdi. Aslida, bu o‘rtoqlik o‘yini edi, shuni o‘ylab men shokka tushib qoldim. Hammasi 50dan oshgan qariyalar bizning jamoaga qarshi qanday keskin o‘ynadi. Aziz Haydarovni ham, Odilni ham yiqitishdi. Mana shunday futbol o‘ynash kerak. Biznikilar hech kimni turtib ham qo‘ymadi. Zaxira o‘rindig‘idan turib ham barchasini his qilish mumkin. Biz ularga hurmat bilan munosabatda bo‘ldik, ammo ular bu yerga yutqazish uchun kelmaganini ko‘rsatib qo‘yishdi. Mana shu narsa ham har bir o‘yinga professional yondashish kerakligini ko‘rsatib bermoqda, ayniqsa milliy jamoa darajasida. Oldin bizda ham kattalar bo‘lgan, qandaydir qonunlar borligini aytishgan. Hozir esa bunday narsa yo‘q. Futbolchilar yoshmi-kattami bir xil o‘ynamoqda.

  Adashmasam, 2001 yilda «Paxtakor»da milliy jamoa bazasini yaratishdi. Xuddi hozir «Olimpik»da yoshlar yig‘ilganidek, o‘sha davrda milliy jamoa futbolchilari «Paxtakor»da yig‘ilishgandi. Keyinchalik «Paxtakor»ga nimadir bo‘ldi, men bu haqida nimadir deya olmayman ham, shunchaki bu jamoani «Paxtakor» deb nomlashdi. O‘shanda bizda milliy jamoaning barcha yulduzlari o‘ynardi, men juda yosh edim. O‘sha futbolchilarni oldin faqat televizorda ko‘rardim. O‘shanda ular: «Sanya, unday emas, bunday qil», — desa, bu men uchun qonun edi. U jamoada Mirjalol Qosimov va ko‘plab yulduzlar o‘ynardi.

  Yodingizdami, biz birinchi marta yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga chiqqandik. O‘shandan keyin yana nechta yoshlar va o‘smirlar jamoalarimiz JChga chiqdi, ammo o‘sish yo‘q. Mayli, yoshlar futboli darajasida ham. Hozirda ushbu darajadagi futbolimizda ham pasayish kuzatilyapti. Aslida, biz tepaga va yana tepaga qarab ketishimiz kerak edi. Ammo go‘yo qaysidir pik nuqtamizga chiqqach, pastga tushib ketgandekmiz. Barcha muammolarni bilmayman. Yaponiya yoki Janubiy Koreyaga safar qilsak, yuta olarmikanmiz, deb boramiz. Bunday bo‘lmasligi kerak. Biz mana bu italyanlar kabi yutamiz deb borishimiz kerak. Aksincha, ular biz bilan o‘yinga qo‘rqib tushishlari kerak.

«Futbolni, avvalo, muxlislar uchun o‘ynaganman»

– Umuman, men uchun futbol bu – shou. Men g‘alaba uchun, jamoa uchun ko‘p narsa qilardim, ammo doim chiroyli o‘ynashga harakat qilganman. Futbolni muxlislar uchun o‘ynardim. Ular o‘yinni ko‘rib, yana stadionga kelish istagi bilan ketishlari kerak.

«Milliy chempionat saviyasi haminqadar»

– Milliy chempionat u qadar kuchli emas. Raqobat doim 2-3 klub o‘rtasida kechadi. Ammo bu yetarli emas. Ha, bizning davrda ham shunday edi, ammo eslab ko‘ring, bizning derbilar qanday shiddatli kechardi. «Bunyodkor»da Rivaldo va boshqa legionerlar o‘ynardi. Qancha odam futbol ko‘rgani kelardi. Hozir «Paxtakor»ga shuncha odam keladimi? Yo‘q! 2ta raqobatchi klub bo‘lsa, qanchalik katta kurash kechishini ko‘rdingizmi? Agar mana shunday jamoalardan 10ta bo‘lsa-chi? Futbolimiz qanchalik rivojlanardi. Bu muhitda futbolchilar katta o‘sishga erishardi. «Bunyodkor» kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘yinda bahsga o‘zingni 100 foiz tayyorlaysan, ammo autsayderga qarshi bellashuvlar oldidan klass evaziga baribir gol urishingga ishonasan va bor kuching bilan o‘ynamaysan. Ammo kuchli o‘yinlarni futbolchi mavsum davomida 2 martagina o‘tkazsa, qanaqasiga o‘sish mumkin? Agar shunday o‘yinda zaxirada o‘tirsang-chi?! Ha, bizning davrda ham shunday edi. Shuning uchun, o‘shanda ham JChga chiqa olmaganmiz, haligacha chiqa olmaymiz.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov

Ko‘proq yangiliklar: