YeI yana bir bor Rossiyaga qarshi neft embargosi bo‘yicha kelishib olishga harakat qiladi 

Jahon 08:26 / 30.05.2022 12107

Yevropa ittifoqining 27 davlati doimiy vakillari qo‘mitasi 30 may, dushanba kuni ertalab Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini ishga solish uchun RFga qarshi neft embargosi bo‘yicha murosaga kelishga urinib ko‘radi. Bu 30 mayning ikkinchi yarmida boshlanadigan va ikki kun davom etadigan YeI sammiti oldidan so‘nggi shunday urinish bo‘ladi. Doimiy vakillarning 29 may, yakshanba kuni tushdan keyin bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Yevropa ittifoqiga a’zo 27 davlatning barchasini qoniqtiradigan neft embargosi masalasiga yechim topishning iloji bo‘lmadi. Bu haqda DW’ning Yevropa ittifoqidagi ikkita manbasi ma’lum qildi.

«Sanksiyalarning oltinchi paketi bo‘yicha murosaga erishilgunga qadar ishda davom etish va taslim bo‘lmaslik muhim. Yevropa kengashiga (Yevropa ittifoqi sammitining rasmiy nomi – tah.) hali oz vaqt bor. Bu ishlashi yoki ishlamasligi mumkin. Lekin biz harakat qilishimiz kerak», dedi Yevropa ittifoqining yuqori martabali rasmiysi.

DW suhbatdoshining tushuntirishicha, neft embargosi bo‘yicha kelishuvga erishish qiyin, chunki Yevropa ittifoqining ba’zi davlatlari Rossiya neftiga boshqalarga qaraganda ko‘proq qaram.

«Oltinchi sanksiyalar paketi bilan bog‘liq vaziyat shundayki, biz barcha masalalar bo‘yicha hamfikrmiz, texnik jihatdan juda qiyin bo‘lgan bir masala bundan mustasno – bu neft. Asosiy masala hamon Yevropa ittifoqining bir nechta davlatlariga tegishli, shulardan biri – Vengriya», dedi Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlardan birining yuqori martabali diplomati. Vengriyadan tashqari Rossiya neftiga qaram davlatlar qatoriga Chexiya, Slovakiya, Bolgariya va Xorvatiya kiradi, deya aytib o‘tdi u. 

«Bu yerda hech qanday siyosiy masalalar yo‘q, chunki barcha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham ushbu paketni imkon qadar tezroq qabul qilish kerakligiga rozi», — dedi DW manbasi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, u YeI davlatlarining doimiy vakillari dushanba kuni murosaga keladimi yoki yo‘qmi, buni bilmaydi, biroq Yevropa ittifoqi davlatlari neft embargosi masalasida «marraga yaqin masofada» ekaniga ishonchi komil.

Hozir Yevropa ittifoqi davlatlari Rossiya neftini tankerlar orqali yetkazib berishga embargo qo‘yish va uni quvur orqali yetkazib berishni taqiqlashni kechiktirishni ko‘proq muhokama qilmoqda. Yevropa ittifoqining ichki bozori birlashtirilganligi sababli, bu YeI turli davlatlaridan kompaniyalar uchun teng bo‘lmagan o‘yin qoidalarini yaratadi. Minimal bozor qoidalari buzilishlari bilan embargoni qisman ta’minlash masalasi YeIda texnik jihatdan juda qiyin deb atalyapti. Sammitlarda esa odatda texnik masalalar hal etilmaydi. Agar yuqori darajadagi uchrashuvgacha kelishuvga erishilmasa va YeI davlatlari rahbarlari umumiy murosaga kela olsa, sammitdan keyin bir necha kun ichida qo‘shimcha jihatlar kelishib olinishi mumkin. 

Dushanba kungi YeI sammitining birinchi qismi Ukrainaga bag‘ishlanadi. Xususan, prezident Volodimir Zelenskiy Yevropa ittifoqi yetakchilariga video-aloqa orqali murojaat qiladi. YeI davlatlari yetakchilari muhokama qiladigan masalalar qatorida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, jumladan, Yevrokomissiyaning ushbu mamlakatga yana bir makromoliyaviy yordam paketini – 2022 yilda 9 milliard yevrogacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratish, harbiy va siyosiy ko‘mak berish, shuningdek, Rossiya aktivlarini musodara qilish masalalari bor. Energetika, mudofaa, oziq-ovqat xavfsizligi kabi muhim masalalar ham kun tartibida. 

Ko‘proq yangiliklar: