Koronavirus pandemiyasi sababli ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida, 2020 yil 16 apreldan, un mahsulotini birja savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib berish bo‘yicha vaqtinchalik tartib o‘rnatilgandi. Ammo bu tartib quyidagi bir qancha omillar sabab kutilgan natijani bermagan:
- ichki bozorni arzon un va non bilan ta’minlash maqsadida bug‘doy xarid narxlarini davlat tomonidan belgilash bozor tamoyillariga mos emas va bu bug‘doy yetishtiruvchi xo‘jaliklarning bug‘doy yetishtirishdan zarar ko‘rishlariga olib keldi;
- davlat resurslariga olingan bug‘doydan ishlab chiqarilgan un ichki bozorni to‘liq ta’minlab bermasligi sababli import un va mahalliy un narxlari o‘rtasidagi katta farq mahalliy unni yetkazib berish zanjirida korrupsion muhit shakllanishiga sabab bo‘ldi;
- arzon un mahsulotidan ishlab chiqarilgan qolipli nonni chorva mollarini boqishga ishlatish holatlari mavjud;
- eng muhimi, davlat resurslariga olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un mahsuloti arzon narxlarda aholiga to‘liq yetib bormayapti va bu aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lgan.
Xabar berilishicha, 2022 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
1 783 ming tonna tovar bug‘doy davlat resursi sifatida;
266,5 ming tonna bug‘doy urug‘lik sifatida xarid qilinadi.
Davlat resurslariga qabul qilingan bug‘doy uchun dastlabki bosqichda bug‘doy yetishtiruvchi xo‘jaliklarga bug‘doyning tonnasiga o‘rtacha 3 mln so‘mdan to‘lab beriladi va iyul-avgust oylarida shakllangan birjadagi bug‘doy narxlaridan kelib chiqib, ushbu bug‘doy uchun sentabr oyida qayta hisob-kitob qilinadi.
Misol uchun iyul-avgust oylarida bug‘doyning o‘rtacha birja narxi tonnasiga 3,7 mln so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, bug‘doy yetishtiruvchilarga yana tonnasiga 700 ming so‘mdan to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, 500 ming tonna bug‘doy g‘alla yetishtiruvchilar tomonidan iyul, avgust va sentabr oylarida birja savdolarida sotish uchun don korxonalariga qabul qilinadi. Bu bug‘doyni fermerlar birjada o‘zi sotadi va to‘liq bozor narxida bug‘doy pulini oladi. 500 ming tonnaning don korxonalariga tashish va saqlash xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
G‘alla yetishtiruvchilar tomonidan birjada sotiladigan 500 ming tonna bug‘doy va davlat resurslariga xarid qilingan bug‘doy birja savdolarida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xarid qilingan bug‘doyning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi un mahsulotini sotish majburiyatini olgan barcha un ishlab chiqaruvchi korxonalarga sotiladi.
Bundan tashqari un ishlab chiqarishga mos kelmagan 4 va 5 sinf bug‘doy birja savdolarida hech qanday cheklovlarsiz barcha iste’molchilarga sotiladi.