«Qizil tovuqlar mojarosi». Andijonliklarni qarzga botirayotgan kampaniyani kim to‘xtatadi?

Jamiyat 16:40 / 29.05.2022 36410

Andijonda ehtiyojmand oilalarni «daromadli qilish» uchun tarqatilgan tovuqlar tuxum qilmayapti, yangi sharoitga moslasha olmay, nobud bo‘lyapti. «Daromadli bo‘lish»ni umid qilgan aholi esa, aksincha, qarzga botmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, tez kunlarda viloyatda loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanib, aholiga yana 200 ming dona tovuq tarqatilishi rejalashtirilgan.

Biroq viloyatning turli hududlaridan to‘xtovsiz kelayotgan murojaatlar odamlarning tovuq boqib, muammolar ichida qolib ketganini ko‘rsatmoqda. Murojaatchilar safiga tovuq boqishga mas’ul bo‘lgan kooperativchilar ham qo‘shilgan. Kooperativ egalari tovuqlar umuman boqishga yaroqsiz ekanligini bildirib, yakunda aholi kreditni to‘lay olmasligi aniq ekanligini ta’kidlashyapti.

Kun.uz samara bermayotgan loyiha yechimi yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, tovuq boqayotgan murojaatchilar, tovuq tarqatib mahsulot oluvchi kooperativ mas’ullari bilan suhbatlashdi.

«Zarardamiz. Jonivorlarni uvolidan qo‘rqib boqyapmiz»

Kooperativchilar bizni o‘z hududlaridagi parranda boqishni orzu qilib, muammo ichida qolgan xonadonlarga olib kirishdi. Oltinko‘l tumani Ijtimoyat mahallasida yashovchi Muhammadnosir Sharopov 200 dona tovuq olgan. Shundan 40 donasi o‘lgan. 50 donasini kooperativga qaytarib berib, hozirda 100 dona tovuq boqmoqda.

«Echkimni sotib joy qildim. Lekin hech foyda yo‘q, faqat zarar. «Tovuqlar uchun joyni yerga emas, tepaga qiling», deyishdi. Qildim. Baribir kasallanib o‘lyapti. Ularga kuniga 47 ming so‘mlik yem olaman, 25 ming so‘mlik tuxum qilyapti. Afsuski, tirikchilikning pulini ham shu tovuqlarga yediryapmiz.

Do‘konchilar tuxumning donasini kichikligi uchun og‘rinib, zo‘rg‘a 600 so‘mga olyapti. Bitta tuxumning tannarxi esa menga 2 500 so‘mga tushyapti. Tovuqlar juda nozik ekan, zo‘r sharoit qilsak ham kasallanib, o‘lib qolyapti. Bozorda shu tovuqlarni 20 ming so‘mga ham olmayapti. Boshimiz qotgan», deydi u. 

Shu mahallada yashovchi Muqaddamxon Yusupova boshida 200 dona tovuqdan 45 tagacha tuxum olganini, tovuqlar qirilib ketib, tuxum qilmay qo‘yganini bildirdi. Tovuqboqar veterinarlar kelgani, lekin tovuqlar qirilayotgani sababini aytib bera olmaganidan hayron.

Marhamatlik Temur To‘xtasinov hokimiyat vakillari tomonidan berilgan 670 dona tovuqni boqish uchun bor-budini sarflab, sharoit yaratgan. Parranda boqishning ustasi bo‘lgan yigitga berilgan tovuqlarning 200 tasi o‘lib qolgan. Temur berilgan parrandalar yaxshi boqilmay, emlanmay tarqatilganini aytmoqda. Tovuqdan daromad emas, zarar ko‘rayotgan tadbirkor kreditni to‘lay olmasligiga ko‘zi yetib, boshi qotgan.

«Hokimiyatga deyarli har kuni tovuqlarni qaytarib olishlarini so‘rab boraman.Tovuq boqib daromad olish bo‘yicha yaxshi tajribam bor. 350-400 ta tovuq boqib, 90-95 foiz tuxum olishga erishganman. Lekin bu tovuqlarga juda zo‘r sharoit qilib ham foyda ololmayapman. Ular bizga yetib kelgunicha yaxshi boqilmagan, emlanmagan. Shuning uchun immuniteti past. Yana aynan tuxumdonlar yetilganda, ya’ni qo‘zg‘atish mumkin bo‘lmagan paytda tarqatilgan.

Menga kelgan tovuqlarning ko‘pining og‘irligi bir kilogramm ham chiqmadi. Shartnomada 80-85 foiz tuxum qilishini aytishgandi. Unday bo‘lmadi. Qirilib ketdi.

Xususiy veterinar yollab, o‘lgan tovuqlarni yordirdim, kasalliklarini aniqlatdim. Ko‘p marta «Paxtaobod parranda»ga borib yordam so‘ragandim, berishmadi. Oxiri qo‘ng‘iroq qilsam, telefonini o‘chirib olishdi.

Ikki barobar ko‘p mablag‘ sarflab davoladim. Baribir bo‘lmadi. Hozir ularni o‘ldirib qo‘ymaslik uchun kuniga 270-300 ming so‘m pul sarflab boqyapman. Tovuqlar 24 ming so‘mlik tuxum qilyapti, xolos. Uydagilar, kelinimizning nomiga kredit olgandim. To‘lay olmasligim aniq bo‘lib qolyapti. Boshim juda qotgan. Qo‘ni-qo‘shnilardan ham qarz bo‘lib ketdim. Iltimosimni yetkazinglar, «Paxtaobod parranda» tovuqlarini olib ketsin. Bo‘lmasa qirilib ketadi», — deydi Temur To‘xtasinov.

Xo‘jaobod tuman Xidirsha mahallasida yashovchi Iroda Mamitaliyeva ham kuyganlardan: tovuq boqib foyda ko‘rish o‘rniga hisob-kitobda faqat zarar ko‘rayotganidan hayron.

«Bizga berilgan tovuqlar «brak». Bu tovuqlardan ko‘ra tovus boqish osonroq ekan»

Ijtimoyat mahallasida yashovchi, parrandachilikda katta tajribaga ega Nozimjon Xoldorov 300 dona tovuq olgan. Bir oy davomida shundan 200 tasi qirilib ketibdi. Tovuq boqish ustasi dorilab, yemning turli xilini berib ham parrandalarni asrab qololmaganidan juda afsusda.

«Yoshligimdan tovuq boqib foyda topganman. O‘zim qo‘lbola yasagan inkubatorda tovuqdan tashqari tovus, kurka, kaklik ochirib parvarish qilaman. Lekin mana shu qizil tovuqlarni eplay olmadim. Ratsionda ko‘rsatilgan barcha ozuqani berib, dori-darmonlarni qildim. Kuniga o‘lyapti. Foyda yo‘q. Kuniga zararga kiryapman. Nima qilishga hayronman. Uvolidan qo‘rqyapman. Bizga berilgan tovuqlar brak va nosog‘lom», — deydi Nozimjon Xoldorov.

U bizga xonadonida katta bo‘layotgan tovus, kaklik, kurka va noyob tovuq zotlarini ko‘rsatdi.

Oltinko‘l tumanidagi «Ijtimoyat tomorqa xizmati» va «Maqsad mahalla tomorqa xizmati»  kooperativlari mas’ullarining ham muammoli vaziyatdan chiqishga ko‘zlari yetmayapti.

«Ijtimoyat tomorqa xizmati» kooperativi rahbari Sardorbek Ismoilov o‘z fikrlarini bildirdi.

«Tuman hokimligi vakillari kam ta’minlangan oilalarga tarqatilayotgan ko‘p tuxum qiladigan tovuqlarning afzalliklari haqida tushuntirganda juda xursand bo‘lgandim. Kooperativ tashkil qildim. Mingta tovuqni «Paxtaobod parranda»dan olib kelib tarqatdik.

Lekin mahalla odamlari orasida baloga qoldim. Tovuqlar tuxum qilmay o‘la boshladi. Odamlar «Tovuqlaringni olib chiqib ket», deb murojaat qilib, har kuni hafsalamni pir qiladi. Tovuqlar qirilib ketdi. «Paxtaobod parranda»ga bordim. Ular viloyat hokimligiga tovuqlarni tuxumdonlar rivojlanayotgan paytda joyidan qo‘zg‘atib tarqatmaslik kerakligi bo‘yicha xat bilan chiqqanini aytishdi. Lekin hokimiyat baribir tarqatgan ekan.

Hozir bankdan 100 million so‘m kredit bo‘ynimda turibdi. «Tetra» zotli tovuqni boqish bo‘yicha biror qo‘llanma berishmadi. Dars o‘tishmadi. Mana endi katta mablag‘ga kuyib o‘tiribmiz. Aholi kreditni to‘lay olmasligi kunday ravshan. Oxir-oqibat «Paxtaobod parranda» bilan sudlashamiz», deydi u.  

«Maqsad mahalla tomorqa xizmati» kooperativi rahbari Rustamjon Zamchamatovning ham fig‘oni falakda. Mahallaga tarqatgan 800 dona tovuq qirilishni boshlagach, aholi tirik qolgan 400 dona tovuqni uning o‘ziga qaytarib bergan. Rustamjon bu tovuqlardan 40 dona qolganini bildirdi.

«Paxtaobod parranda» direktori nima deydi?

Tovuqlarning katta qismi «Paxtaobod parranda» korxonasidan tarqatilmoqda. Shu bois, biz ushbu korxonada bo‘lib, tarqatilgan tovuqlar nega o‘lib qolayotgani, narxi bozordagi tovuqlardan ikki barobar qimmatligi, tuxum tug‘ish samaradorligi pastligi sabablari bo‘yicha mas’ullardan izoh so‘radik.

Korxona ijrochi direktori Nuriddin Qodirov aybni korxonadan soqit qilishga urinmoqda.

«Parranda tuxumini Yevropadan olib keldik. Inkubatorda ochirib, 120 kun boqib katta qildik. Zarur bo‘lgan vaksinalar bilan 100 foiz emlab, to‘liq ratsion bo‘yicha boqib, normativ bo‘yicha qancha vazn bo‘lishi kerak bo‘lsa yetkazib, sog‘lom tovuqni aholiga tarqatdik.

Tarqatgach, aholi xonadonlariga borib qanday boqilayotganini ko‘rib kelyapmiz. Ba’zi joylarda aholi kana bosib ketgan joylarda boqyapti yoki yuzta tovuq turadigan joyga uch yuzta tovuqni tiqib qo‘yyapti. Norma bo‘yicha bir metr joyda 5 bosh tovuq boqilishi kerak. Zich boqilgan tovuqlar bir-birini cho‘qib tashlaydi. Kannibalizm kelib chiqadi. Suv berish miqdorini bilmay tovuqlarni qiynashyapti.

O‘lgan tovuqlarni yorib ko‘rdik. Suvsizlikdan o‘lganlari ham bor. O‘zlari kasallikka chalintirib, bizga to‘nkashyapti. Axir bu bizning aybimiz emas-ku?

Tovuq boqiladigan joy talablarga ko‘ra: tagi quruq bo‘lishi, normativ bo‘yicha katak qilinishi, yem va suv idishi mavjud bo‘lishi, havo almashib turishi, katakda yorug‘lik rejimiga rioya qilinishi kerak. Harorat 18-25 darajada saqlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

«Tovuqlar nega qimmat?» degan savolga javob bersam. Bizning tovuqlar alohida ratsion asosida boqilgan. Soya yemining kilosi 11 ming so‘m. Bug‘doy, makka, o‘simlik yog‘i ham qimmat bo‘lib ketgan. «Baliq uni» Boltiqbo‘yi davlatlaridan keltiriladi. Kilosi 12 ming.

Kasalliklarga qarshi vaksinalar bilan emlaganmiz. Bitta vaksina 1 dollar turadi. Narx shu tarzda o‘sib ketdi.Tovuqlarni xonakilashtirishga kelsak, sharoit yaxshi bo‘lsa, 15-20 kunda xonakilashadi. Yetarli ozuqa berilmagani uchun tovuqlar tuxumdan qoldi.

Ba’zi xonadonlar oddiy oqshoq bilan boqayotganini ko‘rdik. 120 gramm ozuqa yegan tovuq tuxum tug‘adi-da. Tovuqlarni boqish bo‘yicha viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasida maktab tashkil qiladigan bo‘lishgan. Tovuqboqarlar uchun alohida, veterinarlar uchun alohida o‘qish bo‘lishi kerak edi. Biroq kelib o‘qimagan bo‘lsa, ayb bizda emas-ku?» deydi u. 

Endi nima bo‘ladi?

Andijon aholisiga tovuq boqish begona emas. Lekin ular mana shu tovuqlardan foyda ko‘rishmayapti. Tajribali parranda boquvchilarning fikricha, bunga sabablar talaygina. Birinchidan, tovuqlarni tarqatish noto‘g‘ri tashkil qilingan. «Paxtaobod parranda»dagi tovuqlar yetilib, aynan tuxumdonda tuxumlar paydo bo‘lish jarayonida, ya’ni joyidan qo‘zg‘atish mumkin bo‘lmagan paytda tarqatilgan. Bu holat tovuqlar ichidagi tuxumlarning sinib qolishiga olib kelgan, ular xonadonlarga borgach, nobud bo‘la boshlagan.

Yoki tovuqlar «Paxtaobod parranda»da risoladagidek emlanmagan hamda boquvi yaxshi bo‘lmagan. Immuniteti pastligi bois o‘lib qolmoqda. Aholi «Tetra» zotli tovuqni boqishga o‘rgatilmagan.

«Paxtaobod parranda» vakillaridan tovuq olib foyda topayotgan xonadonlar bo‘yicha ma’lumot va videotasvirlar so‘radik. Ammo negadir berishmadi, aniqrog‘i bera olishmadi.

Oddiy hisoblab ko‘rilganida, 200 ming bosh tovuq o‘rtacha 81 ming so‘mdan 16 mlrd so‘mdan oshadi. Bu shuncha miqdordagi pul ta’minotchining hisob raqamiga, ikkinchi tomondan qaralganda esa kredit shaklida andijonliklar yelkasiga tushdi, degani. Aholining shuncha murojaat va e’tirozlariga qaramasdan, «tovuq operatsiyasi» to‘xtatilmayotgani, yaqin kunlarda yana 200 ming bosh tovuq tarqatilishi reja qilingani ko‘plab shubhali savollarni yuzaga keltirmoqda.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: