Bundan bir necha kun oldin Namangan viloyatida 14 yoshli o‘quvchi «Jiguli» mashinasi bilan tengdoshini urib yuborgan, oqibatda jabrlanuvchi vafot etgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida ham 8-sinf o‘quvchisi otasining mashinasini boshqarayotib, ikki kishini urib yuborgan. Oqibatda jabrlanuvchilardan biri og‘ir tan jarohati olib vafot etgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 19 may kuni soat 22:00 larda Bulung‘ur tumanida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
8-sinf o‘quvchisi otasiga tegishli Lacetti mashinasini ko‘chaga minib chiqadi. Tumanning Beshqo‘ton mahallasidagi ichki yo‘lda harakatlanib ketayotganida o‘smir boshqaruvni yo‘qotadi va avval ikki kishini urib yuboradi. So‘ng Cobalt mashinasi bilan to‘qnashadi. Oqibatda jabrlanuvchilar og‘ir tan jarohatlari olib, ulardan biri 1958 yilda tug‘ilgan shaxs hodisa joyida vafot etgan. Ikkinchisi shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Bulung‘ur tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mentalitet qurbonlari: rulni yosh bolaga beradigan ota-onalarga jazo jiddiy bo‘lishi kerak