Rossiyaliklar internet orqali buyumlarni ommaviy ravishda sotishni boshladi – The Moscow Times

Jahon 09:40 / 28.05.2022 19607

20 yil davomida rekord darajadagi inflatsiya va real daromadning pasayishi rossiyaliklarni e’lon xizmatlarida buyumlarni tobora ko‘proq sotishga majbur qilmoqda. Bu haqda 27 may, juma kuni The Moscow Times gazetasi Rossiyadagi eng yirik «Avito» internet e’lonlar xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi

Ukrainada urush boshlanganidan keyin «Avito» xususiy sotuvchilar va kompaniyalar tomonidan joylashtirilgan e’lonlar soni bo‘yicha rekordni qayd etdi - 100 milliondan ortiq. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning qariyb besh oyida yangi reklamalarni joylashtirish tezligi 2021 va 2020 yillarga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa oshgan. Shu bilan birga, 2022 yilning yanvar-may oylarida saytning faol foydalanuvchilari soni 20 foizdan ko‘proqqa ko‘tarildi. May oyi oxirida kuniga deyarli 1 million yangi e’lon qayd etildi, bu mutlaq rekorddir. 

Shu bilan birga, rossiyaliklarning 2022 yilning birinchi choragida real daromadi o‘tgan yilning shu choragiga nisbatan 1,2 foizga kamaydi, bundan «Rosstat» ma’lumotlari darak bermoqda. Iqtisodiy rivojlanish vazirligining prognoziga ko‘ra, Rossiya SSSR parchalanganidan beri eng uzoq davom etadigan iqtisodiy tanazzulga yuz tutmoqda. 2022 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,8 foizga, kelasi yilda esa yana 0,7 foizga qisqarishi kutilmoqda. Idora prognozlariga ko‘ra, 20 yillik davr uchun inflatsiya darajasi 17 foizlik rekordni tashkil etgan sharoitda, aholining real daromadlari 6,8 foizga qisqaradi, bu 1999 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. 

Rossiya «maxsus harbiy operatsiya» deb atashda davom etayotgan Ukrainadagi urush «katta moliyaviy resurslarni» talab qiladi, dedi Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov 27 may kuni Moliya universitetidagi ma’ruzasida. U sarflangan va kerakli mablag‘lar miqdorini ochiqlamadi. 

Siluanovning so‘zlariga ko‘ra, «budjetni rag‘batlantirish» – iqtisodiyot va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdori 8 trillion rublni tashkil qilib bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: