Xitoy Rossiya aviakompaniyalarining Boeing va Airbus samolyotlari uchun havo sarhadini yopdi 

Jahon 20:19 / 27.05.2022 18134

Xitoy Rossiya aviakompaniyalarining ikkita yurisdiksiyada ro‘yxatga olingan Boeing va Airbus samolyotlari uchun havo sarhadini yopdi. Bu haqda RBK o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy aviatsiya hukumati may oyida barcha aviakompaniyalardan samolyotlarga oid elektron ma’lumotnomani shakllantirishni so‘ragan.

Xitoyga parvozlarni amalga oshiruvchi Rossiya aviakompaniyalari o‘z ma’lumotlarini yangilagan. Ammo Xitoy hukumati ularning import samolyotlari xorijdagi ro‘yxatdan rasman chiqarilganini tasdiqlovchi hujjat so‘ragan. Aviakompaniyalar bunday hujjatni taqdim eta olmagan. Shu sababli xalqaro aviatsiya qonunchiligiga muvofiq, bu samolyotlarning Xitoyga kirishiga ruxsat berilmagan.

Manbaning aytishicha, Xitoy samolyotlar «toza» ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi hujjatni boshqa mamlakatlardan ham talab qilgan.

RBKning yana bir suhbatdoshi samolyotlar boshqa davlatdagi ro‘yxatdan chiqarilgani to‘g‘risidagi hujjatsiz Xitoyga parvozlarga qo‘yilmayotganini tasdiqlagan.

Avvalroq Bermud orollari aviatsiya hokimiyati Rossiya Federatsiyasining shu davlatda ro‘yxatga olingan 700 dan ortiq samolyotlarining parvozga yaroqlilik sertifikatlarini to‘xtatgandi.

Ushbu qarordan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin lizing asosidagi xorij samolyotlarini Rossiya aviakompaniyalari tasarrufiga o‘tkazishga ruxsat berdi.

Ko‘proq yangiliklar: