O‘zbekiston mintaqaviy va jahon savdo bozorlariga integratsiyalashgani yo‘q, deya qayd etilgan Jahon banki hisobotida.
“Hukumat 1994 yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘rish harakatlarini boshlaganiga qaramay, jarayon deyarli e’tiborga olinmadi va oxir-oqibat to‘xtatildi. Tashkilotga a’zo bo‘lish tadbirlarini qayta boshlash 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasining asosiy elementi hisoblangandi. Ammo ushbu jarayonning borishi COVID-19 pandemiyasi tufayli sekinlashdi, lekin o‘rta muddatli istiqbolda faoliyat qayta tiklanishi va tezlashishi kutilmoqda. Ikki yillik muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimiga a’zo bo‘lgan to‘qqizinchi davlat bo‘ldi. 2014 yilda esa MDHning Erkin savdo hududiga a’zo sifatida kirgandi.
Hukumat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) qo‘shilish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. A’zolik bojxona tariflarining yagona rejimiga o‘tishni nazarda tutadi, shuningdek ishchi kuchi va sarmoya oqimining erkin harakatlanishiga imkon beradi. YeOIIga ham, JSTga ham qo‘shilish uchun mamlakatdagi normativ-huquqiy baza va tarif siyosatini muvofiqlashtirish talab etiladi. Chegaralarni kesib o‘tish qiyinligi va davlatning iqtisodiyotga yuqori darajadagi aralashuvi ushbu tashkilotlarga qo‘shilishdagi eng katta muammolardan biridir”, deyiladi hisobotda.
Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, hukumat JSTga ham, YeOIIga ham a’zo bo‘lishni maqsad qilgan bo‘lsa, avval global savdo tashkilotiga (bunda YeOII a’zolari – Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya misol tariqasida ko‘rsatilgan), keyin esa mintaqaviy tashkilotga kirishi kerak.