Toshkent shahrida o‘tkazilgan kichik tadqiqotimizda qatnashganlar orasida pul yig‘ilmasligi kerak deganlar ko‘proqni tashkil etdi. Shu bilan birga, maktab ta’miri uchun ota-onalardan pul yig‘ilishining yomon joyi yo‘q deb hisoblovchilar ham oz emas.
Quyida respondentlarning javoblaridan iqtiboslar keltiramiz.
“50 ming so‘m katta o‘g‘limga berdim, qizimga endi so‘rashsa kerak. Endi, tabiiy hol bu. Hamma rioya qilganidan keyin, biz ham rioya qilamiz-da”.
“Hozir nabiralarimdan so‘rashayotgan ekan, lekin ota-onasi bermayotgan ekan. O‘zimizning bolalarimiz o‘sha maktablarda o‘qiydi. To‘polon qiladi, baribir. Qandaydir, bersa, yaxshi deb o‘ylayman”.
“Agar maktab o‘sha “remont”ga ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa, talabga javob bermasa, pul beraman. Lekin farzandlarimning maktabi yaxshi, shuning uchun so‘rashmagan”.
“[Boshqa] ota-onalar berganidan keyin, beramiz-da biz ham”.
“Nima uchun berish kerak? Bermasin! Axir, davlat shu maktabning ta’miri uchun pul ajratmaydimi?!”
“Nabiramning ota-onasi maktabga 50 yoki 70 ming so‘m beradi yilning oxirida. Berish kerak emas shu pulni, kiyim-kechagi, boshqasi – chiqimlarning o‘zi yetadi”.
“Ajratamiz, lekin hali ta’mir uchun mablag‘ so‘rashgani yo‘q. Menimcha, berish kerak, men shunday deb o‘ylayman. Masalan, men savdo qilaman, qancha bo‘lsa ham berishga sharoitim bor, bera olaman”.
“Endi farzandlarimiz uchun yo‘q demas edik. Berib turar edik. Bir xil payt 50 ming so‘mdan, boshqa vaqt 30 yoki 100 ming so‘mdan yig‘ishardi. Farqi yo‘q. Yaqindagina ijtimoiy tarmoqda o‘qidik, endi bu pul yig‘imlari mumkin emas ekan”.
“Bu yil ham berdik, maktabning ta’miriga qarab berdik. Sinf fondi uchun ham berdik. Endi hozir shunaqa qonun chiqibdi-ku, Telegram'da jo‘natishdi. Shunaqa ekan-ku, davlat tomonidan pul ajratilarkan, bilmasam, lekin biz yig‘ib bo‘lgandik”.
“Ha, ajratisharkan. 25 ming so‘rabdi yaqinda. Menimcha, kerak emas deb o‘ylayman. Chunki davlat qilib beryapti-ku. Aslida o‘tgan yili maktabni ta’mirlashdi, yana so‘rashibdi 25 ming so‘m”.
“60 ming so‘mdan maktab ta’miri uchun pul ajrataman. Davlat maktablarga ajratmayapti. O‘qituvchilar o‘zlarining yonidan qilmaydi-ku, bir yil o‘sha maktabda mening farzandim ta’lim oldi, partani, boshqa jihozlarni qirdi. Devorlarni, balki, mana to‘polonchi, nimadir qilgandir? “Remont” qilish kerak-ku baribir. Ota-onalar qilmasa, davlat qilmasa, kim qiladi? O‘qituvchining oyligi kam bo‘lsa, qanday qilib qiladi”.
“Ha, kerak. Chunki o‘sha maktabda o‘qishadi-ku. Har doim ham ta’mirlash uchun kerak”
“Yo‘q, men nimaga ajrataman, o‘zimga yetmaydi-ku”.
“Hali hech narsa so‘rashgani yo‘q, lekin so‘rashgan vaqt har yili berilgan. Berish kerak emas o‘zi. Davlat o‘zi unga ajratadi, pul ajratadi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq ta’limi vazirligi maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash va infratuzilmasini yaxshilashga hokimliklar mas’ul ekani, maktablardagi har qanday pul yig‘imlari noqonuniyligini ma’lum qilgan edi.