Jahon banki guruhi O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturini qabul qildi

Iqtisodiyot 19:32 / 25.05.2022 18813

24 may kuni Jahon banki guruhi (JBG) Ijrochi direktorlar kengashi 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan hamkorlik dasturini ko‘rib chiqdi va tasdiqladi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati Kun.uzʼga ma’lum qildi.

“JBG muhim rol o‘ynagan eng muvaffaqiyatli islohotlardan biri bu qishloq xo‘jaligi islohotlari natijasida paxta yetishtirish sektorida majburiy mehnatdan foydalanishga barham berilganligi bo‘ldi. Yana bir yorqin natija Navoiy viloyatida sanoat miqyosidagi birinchi quyosh elektrostansiyasi ishga tushirilgani bo‘ldi, elektrostansiya xususiy operator tomonidan qurilib, u tomonidan boshqarilmoqda” deyiladi JBG xabarida.

 Qayd etilishicha, yangi hamkorlik dasturi O‘zbekistonning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tishini tezlashtiradigan uchta strategik maqsadlarga o‘z e’tiborini qaratadi:

1) xususiy sektorda inklyuziv bandlikni oshirish;

2) inson kapitalini rivojlantirish; 

3) “yashil” iqtisodiy o‘sish hisobiga farovonlikni oshirish va barqaror rivojlanish;

 Shuningdek, O‘zbekistonga 2030 yilgacha qator ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradigan sektorlararo vazifalarni amalga oshirishga ham ko‘maklashiladi. Ularga quyidagilar kiradi:

 1)   gender tengsizlikka barham berish;

2) siyosiy qarorlarni qabul qilishda fuqarolar ishtirokini kuchaytirish va davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligini mustahkamlash.

 Hamkorlik dasturi O‘zbekiston rivojlanishi yo‘lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlarning har tomonlama tahlili asosida ishlab chiqilgan. Tahlil mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy holatining kompleks diagnostikasi doirasida o‘tkazilgan. Shuningdek, unda hukumat va mahalliy hokimiyat, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, ilmiy doiralar va rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlar vakillari bilan o‘tkazilgan faol konsultatsiyalar natijalari ham inobatga olingan.

«O‘zbekiston bilan so‘nggi besh yillik muvaffaqiyatli hamkorligimizga tayanib va boshqa o‘tish davri iqtisodiyotlaridagi transformatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribamizni inobatga olgan holda, hamkorlik dasturi mamlakat hukumatiga bozor islohotlarining yangi avlodini amalga oshirishda yordam beradi», — deya ta’kidlagan Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

Bugungi kunda Jahon bankining O‘zbekistondagi portfeliga iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi 28 ta loyiha kiradi. Ushbu loyihalar 5,26 mlrd dollar hajmidagi moliyaviy majburiyatlarni o‘z ichiga oladi. Bunga Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasining 3,23 mlrd dollarlik imtiyozli kreditlari (nol yoki juda past foiz stavkasida 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yilga beriladi) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 2,03 mlrd dollarlik kreditlari kiradi. Ushbu mablag‘lardan 2,66 mlrd dollari yangi hamkorlik doirasida taqsimlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: