Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga bir martalik pul tarqatiladi

O‘zbekiston 19:41 / 25.05.2022 58468

“Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga davlat budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:

a) yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming so‘mdan;
  • Toshkent shahrida – 400 ming so‘mdan.

Respublika budjeti hisobidan boshqa organlar orqali pensiya oluvchilarga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan shartlarda va miqdorlarda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

b) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga – 200 ming so‘mdan.

Bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab beriladi.

Bir martalik moddiy yordam to‘lovlari ikki hafta muddatda to‘liq to‘lab beriladi.

Uyida vaqtincha bo‘lmagani yoki boshqa sabablarga ko‘ra bir martalik moddiy yordam pullarini o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar to‘lanmagan moddiy yordam pullarini 2022 yil 1 sentabrga qadar olish huquqiga ega.

Shuningdek:

  • “Temir daftar”ga kiritilgan, lekin mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati tuzilib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu oilalarning har bir a’zosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatiladi;
  • ijtimoiy ahvoli og‘ir oilalarga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi va boshqa manbalar hisobidan bepul un tarqatiladi yoki naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatib boriladi.
Ko‘proq yangiliklar: