Moldovaning sobiq prezidenti davlatga xiyonatda gumonlanmoqda. U qo‘lga olinadi

Jahon 17:01 / 24.05.2022 13743

Seshanba tongida sobiq prezidentning uyida tintuv o‘tkazilayotgani xabar qilindi.

Bosh prokuratura tintuv «kulek ishi» bo‘yicha olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Gap Moldova Demokratik partiyasi ofisida 2019 yilda olingan videotasvirlar haqida ketmoqda. Videoda partiya rahbari, oligarx Vladimir Plaxotnyuk Dodon paket (kulka) uzatayotgani ko‘rinadi, unda pul bo‘lgani aytiladi. Dodonning Plaxotnyuk bilan suhbatidan bu pullar Moldova sotsialistlar partiyasini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangani anglashiladi. Dodon sotsialistlar partiyasiga rahbarlik qilgan.

Dodon 2016 yil dekabridan 2020 yil dekabriga qadar Moldova prezidenti bo‘lgan. U Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilishga intilgan va rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan. Dodon Moldova prezidenti sifatidagi ilk xorijiy safarini 2017 yil yanvarida Moskvaga amalga oshirgan. O‘sha yilning 9 mayida u Qizil maydondagi G‘alaba paradida ishtirok etgan yagona xorijiy prezident bo‘lgandi.

2020 yil noyabrida prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida Dodon g‘arbparast nomzod sifatida ko‘rilgan Mayya Sanduga yutqazdi.

Moldova bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, sobiq prezident Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha gumonlanmoqda: davlatga xiyonat, passiv korrupsiya, partiyani kriminal tashkilot tomonidan moliyalashtirish hamda noqonuniy boylik orttirish.

«Dodonga tegishli bo‘lgan uylar va binolarda tintuvlar o‘tkazilmoqda. U 72 soatga hibsga olindi», dedi Kerpek (iqtibos Interfaksniki).

Kerpekning so‘zlariga ko‘ra, tintuvlar boshqa joylarda ham, shu jumladan, «vositachilarga tegishli ko‘chmas mulk obektlari»da olib borilmoqda.

Tergov tadbirlari kunning ikkinchi yarmida ham davom etgan. Bosh prokuraturaning keyinroq aniqlik kiritishicha, hozircha Dodon qo‘lga olinmagan.

Ushbu video Moldova parlamentining sobiq deputati Yuri Renita tomonidan 2020 yilda e’lon qilingan. Unda Plaxotnyuk va o‘rinbosari Sergey Yaralov Dodonga paket topshiradi. Renitaning ta’kidlashicha, uchrashuv 2019 yilda bo‘lib o‘tgan, paketda katta miqdordagi pul bor bo‘lgan.

Videoda Dodon Plaxotnyuka «paketni Kostaga topshirish»ni so‘raydi (taxminlarga ko‘ra, Moldova Demokratik partiyasidan sobiq deputat Konstantin Botnaryu), u esa o‘z navbatida «Kornelu»ga uzatishi kerak edi (taxminlarga ko‘ra, sotsialistik partiya a’zosi Korneliu Furkulitse). Dodon «pullarni darhol Korneliuga yetkazish kerakligi, u sotsialistik partiya faollariga to‘lov qilishi»ni aytadi.

O‘tgan haftada bosh prokuror v.b Dmitriy Robu shov-shuvli «kulka» mojarosi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. U 2020 yil mayida yetarlicha dalillar yo‘qligi tufayli bu ish bo‘yicha jinoiy ish ochishdan bosh tortgach lavozimidan chetlatilgan bosh prokuror Aleksandr Stoyanogloning buyrug‘ini bekor qildi. 2021 yil 5 oktyabrida Stoyanogloning o‘zi korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olindi.

Plaxotnyuk Moldovada korrupsiya timsoli va Dodon prezidentligi davrida muxolifatchilarning asosiy tanqidlari obektiga aylangandi. U mamlakatni tark etgan. Moskvadagi Basman sudi 2018 yilda Plaxotnyukni qotillikka urinish ayblovi bo‘yicha sirtdan hibsga olgandi.

Dodon o‘tgan haftada Moldovadan ketishga hozirlanmayotgani va hozirgi hukumatga qarshi kurashish niyatida ekanini aytgandi.

«Ular menga qarshi nimadir qilishlari mumkin, tintuv o‘tkazishlari mumkin, meni «asossiz ravishda» qanchadir vaqtga  qamoqqa olishlari mumkin. Ammo meni qo‘rqita olishmaydi, men mamlakatdan ketmoqchi yoki yashirinmoqchi emasman», deya uning teleefirdagi chiqishidan iqtibos keltirgan Interfaks.

Ko‘proq yangiliklar: