Ikki viloyatda bosh soliqchilar o‘zgardi

O‘zbekiston 19:10 / 24.05.2022 20111

O‘zbekiston prezidenti farmoyishiga asosan Alisher Nosirovich Boyxanov Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Alisher Boyxanov / Namangan viloyati hokimligi

Alisher Boyxanov 1972 yilda Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 1994 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha ixtisosligi iqtisodchi, xalqaro iqtisodiy munosabatlar.
 
Alisher Boyxanov mehnat faoliyatini 1994 yilda Namangan tumani davlat soliq inspeksiyasi katta inspektorligidan boshlagan.

1999–2009 yillarda davlat soliq tizimida turli lavozimlarida ishlagan. 2009–2015 yillarda Chortoq tumani hokimi lavozimida ishlagan. 2015–2018 yillarda Namangan viloyati Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini muvofiqlashtirish uyushmasi raisi bo‘lgan.

2018-2019 yillarda Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlagan. Tayinlovga qadar Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

2018 yil sentabridan buyon Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Adhamjon Tillavoldiyev DSQ rahbari Sherzod Qudbiyev va viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirokidagi tadbirda hurmat bilan kuzatilgan.

Foto: Namangan viloyati hokimligi
Foto: Namangan viloyati hokimligi

U endi Davlat soliq qo‘mitasining Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi lavozimida ish boshladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Adhamjon Tillavoldiyev prezidentning 2022 yil 23 maydagi tegishli farmoyishiga asosan Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani haqida xabar qilgan.

Ushbu tayinlov Farg‘ona viloyati hokimligida Davlat soliq qo‘mitasi raisi hamda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, tegishli boshqarmalar va tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi tashkiliy yig‘ilish davomida e’lon qilindi.

Adhamjon Tillavoldiyev / Farg‘ona viloyati hokimligi
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Adhamjon Tillavoldiyev 1965 yilda Toshloq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1986 yilda Marg‘ilon plan-iqtisod texnikumini, 1992 yilda Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini tamomlagan.

Soliq tizimidagi mehnat faoliyatini 1997 yilda Toshloq tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimidan boshlab, 2002–2017 yillar davomida Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i, Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, xo‘jalik birlashma rahbari bo‘lgan, Farg‘ona viloyati hokimligida mas’ul rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2018 yilning yanvar oyidan sentabriga qadar Davlat soliq qo‘mitasining Jismoniy shaxslar soliq ma’muriyatchiligi bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

U 2018 yil sentabrida Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

  • Ma’lumot uchun, 2020 yil martidan buyon Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Shukrulloxon Nisbatxonov 2022 yil aprelida Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi.
Ko‘proq yangiliklar: