Germaniya Rossiyadan gaz yetkazilishi to‘xtatilgan taqdirda ko‘mirga o‘tishi mumkin 

Jahon 20:14 / 24.05.2022 8991

Germaniya Rossiyadan gaz yetkazib berilishi to‘xtatilgan taqdirda neft va ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek tomonidan tayyorlangan farmonga asoslanib xabar berdi. 

«Ko‘mir yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarishga o‘tish to‘g‘risidagi so‘rov faqat gaz yetishmaganida yoki uning yetishmovchiligi xatari paydo bo‘lganida amalga oshirilishi mumkin», — deyiladi hujjatda. 

Agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniyaga gaz eksportini to‘xtatish bilan tahdid qilsa, ko‘mir issiqlik elektr stansiyalari faoliyati qayta tiklanadi, dedi agentlik manbalaridan birib.

Habekning farmoni parlament ma’qullovisiz ham stansiyalar faoliyatini olti oygacha muddatga tiklash imkonini beradi.

Hozirda Germaniya zaxirasida 4,3 GVt ko‘mir va 1,6 GVt neft energiya generatsiyasi mavjud, deb yozadi Bloomberg. Shu bilan birga, mamlakat hukumati ko‘mirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarini yopishni rejalashtirgan. Yangi farmonga ko‘ra, bunday korxonalar kamida 2024 yil martgacha zaxirada turadi.

Shunisi ham borki, ko‘mirda ishlaydigan stansiyalar bilan ham muammo yuzaga kelishi mumkin. Hozirda Rossiyaning YeI ko‘mir importidagi ulushi 70 foizni tashkil etadi. Rossiya ko‘miridan voz kechiladigan bo‘lsa, Janubiy Afrika va Avstraliyadan ancha qimmat narxda yoqilg‘i sotib olishga to‘g‘ri keladi, deb yozadi agentlik.

YeI aprel oyida Rossiya ko‘miri importini taqiqlovchi sanksiyalar paketini qabul qilgandi. Embargo 2022 yil avgustdan boshlab kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: